Ko‘proq tug‘ishga undagan Putin, islovatxonalarni yopishni buyurgan Tashiyev – hafta xorijiy dayjesti

Jahon 01:50 / 04.12.2023 15564

Insoniyat uchun urushlar, qimmatchilik va xaos ko‘rinishida sinovlarga boy bo‘lgan 2023 yilning oxirgi oyi boshlandi. Bo‘lib o‘tayotgan voqealar, mas’uliyatsiz dunyo yetakchilarining bayonotlariga qaraganda keyingi yil ham tinch o‘tadiganga o‘xshamayapti. Quyida ortda qolayotgan haftaning ba’zi muhim voqealarini yodga olamiz.

Yo‘qotish

Henri Kissenjyer. Dunyo siyosatiga befarq bo‘lmaganlar uchun bu nom ko‘p narsani anglatadi. Bugun dunyo go‘yoki ikkiga bo‘lingan, katta davlatlar bir-biriga dushman bo‘lgan. Kissenjyer mana shunday zamonda ham vafoti uchun barcha gigant davlatlar hamdardlik bildiradigan darajada buyuk inson edi.

Bo‘lajak siyosatchi 1923 yil Bavariyaning Fyurte shahrida yahudiylar oilasida tug‘iladi. Fashistlar ta’qibidan qochgan oila Nyu-Yorkka yo‘l oladi va Kissenjyer okean ortida avval o‘z hayotini, keyin esa unutilmas siyosatchilik davrini boshlaydi.

Tabiiyki nemis tilini mukammal bilgan 20 yoshli yigitcha 1943 yil ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh armiyasiga jalb etilib, razvedka guruhiga joylanadi. Urushdan keyin Germaniyani yaxshi bilgani uchun olmon yerlarida denatsifikatsiya operatsiyalarida razvedkachi sifatida qatnashadi.

Kissenjyer AQSh tarixidagi eng murakkab turg‘unlik davrida mamlakatning eng muhim diplomati sifatida faoliyat olib borgan. Uottergeyt mojarosidan keyin mamlakat tarixida iste’foga chiqqan yagona prezidentga aylangan Richard Nikson Oq uy rahbarligiga kirishishi bilan Kissenjyerni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga tayinlaydi.

Keyinchalik siyosatchiga AQSh davlat kotibi lavozimi ishonib topshiriladi. Qizig‘i, Kissenjyer bu lavozimni keyingi prezident Jyerald Ford vaqtida ham saqlab qoladi. Bunaqasi AQSh siyosatida boshqa takrorlanmagan.

Kissenjyer nomini tarixdagi uchta muhim voqea bilan bog‘lashadi. U 4 yil davom etgan murakkab muzokaralardan keyin Viyetnamda urush tugashiga, ikkiga bo‘lingan mamlakat mustaqil saylovlar orqali birlashishi borasida kelishuv imzolanishiga erishadi. 70-yillardagi deyarli mavjud bo‘lmagan AQSh – Xitoy munosabatlari aynan Kissenjyerning sa’yi harakatlari bilan iliqlashadi.

Ko‘p o‘tmay diplomat AQSh va SSSR munosabatlari iliqlashishiga ham erishadi. Uning harakatlari evaziga Nikson SSSRga rasmiy tashrif bilan borgan ilk AQSh prezidentiga aylanadi. Ikki davlat dushmanchiligi keyinchalik Rossiya – AQSh ko‘rinishida davom etgan bo‘lsa-da, Kissenjyer doim ruslar uchun hurmatli diplomat bo‘lib qoldi.

O‘z vaqtida Brejnev bilan yolg‘iz araq ichgan siyosatchini bugun butun G‘arbni o‘ziga dushman deb hisoblaydigan Putin ham hurmat qilardi. Kissenjyer yaqindagina Ukrainani NATOga qabul qilish kerak deb aytgan bo‘lsa-da, Rossiya prezidenti u vafot etgach, birinchilardan bo‘lib hamdardlik bildirdi.

101 yoshida vafot etgan Kissenjyer davlat ishidan allaqachon nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, siyosatdan oxirgi damlargacha iste’foga chiqmadi. U munkillab qolgan davrida ham dunyodagi mojarolarini hal qilish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdan charchamay haqiqiy siyosatchi qanday bo‘lishi kerakligini bugungi dunyoning urushqoq yetakchilariga yana bir bor ko‘rsatib ketdi.

«O‘lim guruhi»

Keyingi yil yozda Germaniyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Odatda ikkitadan ortiq kuchli jamoalar bir guruhga tushsa, «o‘lim guruhi» iborasi ishlatiladi. Bu gal musobaqaning «B» guruhi mana shunday nomga munosib bo‘ldi. Bu yerda Ispaniya, Xorvatiya va Italiya bechora Albaniya bilan birga keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. Qolgan guruhlarda esa ikkitadan jamoa nisbatan yaxshiroq imkoniyatga ega.

Sulh tugadi

Afsuski, G‘azoda bir hafta davom etgan vaqtincha sulh o‘z nihoyasiga yetdi. 1 dekabr kuni Isroil himoyasiz falastinliklar jon saqlayotgan bo‘lg‘aga yana dahshatli raketa zarbalari yog‘dirdi.

Isroil zarbalari oqibatida yuzlab falastinliklar, xususan, juda ko‘p bolalar halok bo‘ldi. G‘azodagi shunchaki birinchi yordam ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan kasalxonalar yana oyoq-qo‘li uzilgan, hamma yeri qonga bulangan yarador bolalar, uyum-uyum jasadlarga to‘ldi.

G‘azoda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar dunyo yetakchilari ko‘zlarini ochishi uchun farzandining jasadi bilan vidolashayotgan onalarning videolarini e’lon qilmoqda. Isroillik propagandachi jurnalistlar esa tap tortmay bu videolardagi bolalar sun’iy intellekt yordamida yasalgan deb gap tarqatdi.

Ammo bu faktlarning hech biri Dubayda iqlim muammolarini muhokama qilish bilan ovora bo‘lgan dunyo yetakchilarining G‘azodagi falastinliklarni Isroil raketalaridan himoya qilish borasida qandaydir harakat qilishiga unday olmadi.

Cholning iqrori

Ushbu haftada Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning avtobiografiya kitobi e’lon qilindi. Kitob hali sotuvga chiqishidan avval qozoq nashrlarida undagi eng shov-shuvli epizod tafsilotlari paydo bo‘ldi. Elboshi o‘zi yozgan kitobda ilk marta ikkinchi xotini borligi, qozog‘istonlik model Aysel Isabayeva uning xotini bo‘lganini tan olgan. Nazarboyevning yozishicha, u qizni tashriflaridan birida gul tutqazgan vaqtda yoqtirib qolgan. Keyinroq Qozog‘iston go‘zali tanlovida g‘olib bo‘lgan model Nursulton Nazarboyevga ikkita o‘g‘il tug‘ib bergani endilikda rasman tasdiqlandi.

Aslida qozog‘istonliklar uchun Nazarboyevning ikkinchi xotini haqida gap unchalik kutilmagan holat bo‘lmadi. Qo‘shnilarda model Isabayeva sobiq prezidentning ikkinchi xotini ekani haqida gaplar ancha avval tarqalgandi. Ammo Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, xususan, qo‘shxotinlik tugul uning targ‘iboti ham taqiqlangan O‘zbekiston fuqarolari uchun bu yaxshigina muhokama mavzusi bo‘ldi.

Yana bir rus generali o‘ldi

Ukrainaga bosqinni davom ettirayotgan Rossiya armiyasida yana bir general halok bo‘ldi. Rossiyaning urushni qo‘llovchi qator nashrlari Ukrainadagi urushda general-mayor Vladimir Zavadskiy halok bo‘lgani haqida yozmoqda. Agar ma’lumot tasdiqlansa, bu urushda o‘lgan rossiyalik yettinchi general bo‘ladi. «Tsargrad media»ga tegishli nashr general Ukrainaning Izyum shahrida halok bo‘lganini yozgan, lekin Izyum frontdan kamida 50 km uzoqlikdagi Ukraina ichki shahri ekani bu versiya ishonchli ekaniga shubha uyg‘otadi.

Yana bir versiyaga ko‘ra, general Xerson oblastining Krinki qishlog‘ida o‘lgan. Bu haqiqatga yaqin bo‘lishi mumkin, chunki bu yerda ruslar Dnipro bo‘yida ukrain platsdarmiga qarshi jiddiy kurash olib borib, ko‘plab qurbon bermoqda. 14-armiya korpusi rahbarining o‘rinbosari bo‘lgan general Zavadskiy mina portlashi oqibatida halok bo‘lgani aytilmoqda.

Suiqasd

Ukriana harbiy razvedkasi rahbari general-leytenant Kirill Budanovning xotini Maryana Budanova og‘ir metallar yordamida zaharlangan. Bu ma’lumotni razvedka boshqarmasi tasdiqladi. Ammo idora zaharlash ortida Rossiya turgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.

Boshqarma vakili Ondriy Yusovning aytishicha, bir qancha xodimlarda ham yengil zaxarlanish alomatlari aniqlangan. Ukrain nashrlarining yozishicha, zahar katta ehtimol Budanovning ovqatiga solingan. Razvedka vakili Budanovning xotinidan topilgan moddalar kundalik hayotda ishlatilmasligi, ularning tanada aniqlangani kimnidir zaharlashga urinishdan dadolat ekanini aytgan.

General-leytenant Kirill Budanov Rossiya bosqiniga qarshi urushayotgan Ukrainaning eng mashhur harbiylaridan biri hisoblanadi. Washington Post'ning yozishicha, Budanovga nisbatan urush boshlanganidan buyon kamida o‘n marta suiqasd uyushtirilgan. Rus nashrlari Ukraina harbiy razvedkasi binosiga hujumdan keyin general Budanov o‘lgani haqida ham xabar tarqatgandi.

Maryana Budanova razvedkachi emas, u umuman davlat ishida ishlamaydi. Lekin urush boshlangandan buyon razvedka boshqarmasi binosida qolayotgan eri general Budanov bilan birga yashab keladi. Shu sabab zaharlanish nishoni Maryana emas, uning eri bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Qarshi hujum o‘xshamadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat armiyasi yozda boshlangan qarshi hujumda kutilgan natijalarga erisha olmaganini tan oldi. «Urush yangi bosqichga o‘tdi, bu fakt. Qish shundog‘am biz uchun urushning yangi bosqichi. Shunisi aniqki, biz taslim bo‘lmaymiz. Axir dunyoning ikkinchi armiyasi bilan urushyapmiz. Shunday ekan qo‘lga kiritilgan natijalardan ko‘nglim to‘lmoqda. Odamlarimizni yo‘qotyapmiz, faqat shunday ko‘nglim to‘q emas. Biz kerak qurollarni yetarli miqdorda va vaqtida ololmadik. Ammo bundan juda jiddiy norozi bo‘la omlayman ham», degan Zelenskiy.

Fohishaxonalar yopilsin!

30 noyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat ko‘mitasi raisi general Qamchibek Tashiyev organ xodimlari va mahalliy hokimliklarga bergan buyrug‘i taprmoqda keng muhokama qilindi. Xavfsizlik tashkilotining yangi binosi ochilishida nutq so‘zlagan Tashiyev organ xodimlari va mahalliy xokimliklarga 1 dekabrgacha Qirg‘izistondagi barcha fohishaxonalarni yopishni buyurdi.

«Sizlarga 15 soat vaqt beraman, muddat tugagach biz tekshiruv o‘tkazamiz, qayerdadir shunday joy qolgan bo‘lsa, mahalliy rahbarlar va huquq tizimidagi ]mas’ullar ishdan olinadi», dedi general Tashiyev.

Shuningdek, general fohishalar xizmatidan foydalangan davlat xizmatchilari, deputatlar va tadbirkorlarning yuzlarini ko‘rsatish bilan tahdid qildi. «Qirg‘izistonda hech kim bizning qizlarning intim xizmatidan foydalanmaydi, biz buni nazorat qilamiz», degan Tashiyev.

Hozircha Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining bu buyrug‘i qanday bajarilgani, qo‘shni davlatda chindan birorta islovatxona qolgan-qolmagani aniq emas.

Ko‘proq tug‘ing!

Rossiya prezidenti Putin rossiyaliklarni ko‘proq tug‘ishni odat qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p bolalilik yana rus oilasining an’anaviy hayot tarziga aylanishi kerak. «Ko‘p xalqlarimizda 4, 5 va undan ortiq farzand ko‘rish odatga aylangan. Rus buvilarimiz, bobolarimizni ham eslang, ularda 7 ta, 8 ta va undan ham ko‘p bolalar bo‘lgan. Keling, bu an’anani asrab avaylab, uni qayta odatga aylantiramiz», degan Putin Butunrus millatlari yig‘ilishida.

Tashrif

Haftaning eng muhim tashriflaridan biri dunyoning eng boy odami Ilon Maskning Isroilga borgani bo‘ldi. 27 noyabr kuni Mask antisemitizmda ayblanayotgani fonida Isroilga bordi. Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu uni G‘azo yaqinidagi Kfar-Aza kubitsasiga olib borib, HAMAS hujumi oqibatlarini ko‘rsatdi.

Bu tashrifidan avval Mask unga tegishli Tvitter ijtimoiy tarmog‘ida go‘yoki yahudiylarga nafrat targ‘ib qilinayotgani, yirik kompaniyalarning reklamalari Adolf Hitler maqtalgan postlar bilan yonma-yon ketgani uchun antisemitizmga ayblangandi.

Ko‘pchilik Mask aynan Tvitter juda katta reklama shartnomalarini boy berishidan qo‘rqib Isroilga borganini taxmin qilmoqda. Tarmoqda urushda Falastin xalqini qo‘llayotganlar Maskdan Isroildan keyin G‘azoga ham borishni, u yerdagi vayronagarchiliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni so‘rashdi. Darvoqe, tashrif davomida Mask G‘azoga Starlink internetini berishi ham muhokama qilingani aytilgandi, lekin bir hafta o‘tdi hamki, hozircha bo‘lg‘ada Maskning internetidan darak yo‘q.

«Konfetchi»ga chegara ochilmadi

Ukraina sobiq prezidenti Petro Poroshenko Vengriya bilan chegarada mamlakatdan chiqmoqchi bo‘layotganda chegarachilar tomonidan to‘xtatib qolindi. Ukraina Oliy Radasining amaldagi deputati hisoblangan Poroshenko Vengriyada mamlakat prezidenti Viktor Orban bilan ko‘rishmoqchi bo‘lgan. Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiya tomonidan tayyorlanayotgan provakatsiya sabab sobiq prezidentga mamlakatdan chiqishga ruxsat bermaganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotida aytilishicha, Rossiya tomoni Poroshenkoning Orban bilan uchrashuvi vaqtida Ukrainaga qarshi provakatsiya uyushtirmoqchi bo‘lgan.

Maskdan kelajak mashinasi

Ushbu haftada Ilon Maskka tegishli Tesla kompaniyasi yangi Cybertruck pikapini taqdim etdi. Ekspertlar bu mashinani nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki texnik imkoniyatlari jihatdan ham kelajak mashinasi ekanini aytmoqda. Eng oddiy versiyasi 61 ming dollardan boshlanadigan bu pikap sinovida Mask o‘ziga xos bezbetlik qilishdan ham tonmadi. Cybertruck Porche 911 bilan poygada ustiga boshqa bir Porche 911 ulovini ortib olgan holatda g‘alaba qozondi. Mashina kuzovi juda kuchli yasalgan bo‘lib, uni o‘q otib sinab ko‘rishdi. Mask bunday kelajak avtosini 2021 yilda ko‘rsatgan, Tesla endi uni seriyali ishlab chiqarishni boshladi.

Kishi boshi bittadan samolyot

Shu haftada dunyoning ko‘plab yetakchilari Dubaydagi iqlim sammitida ishtirok etishdi. U yerda dunyo yetakchilari iqlim o‘zgarishlariga qarshi ko‘plab taklif va rejalarini ma’lum qilishdi. Britaniya muxolif siyosatchilar sammit bilan bog‘liq bir holatni jiddiy muhokama qilmoqda.

Gap shundaki, Britaniya qiroli Charlz III, mamlakat bosh vaziri Rishi Sunak va tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Dubaydagi sammitga borish uchun uchta samolyotlar foydalanishdi. Britaniyada iqlim muammolariga bag‘ishlangan sammitga mamlakat rahbariyatidagilar iqlim tozaligini buzib uchta samolyotda borganini tanqid qilishmoqda.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: