Teslaʼdan Cybertruck, Huawei’dan Luxeed S7 – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 19:59 / 02.12.2023 50330

Tesla'dan Cybertruck

Tesla Cybertruck elektromobilini yetkazib berish boshlanganini e’lon qildi. Uch motorli Cybertruck 2,6 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi, to‘liq quvvatda 550 km masofani bosib o‘tadi, maksimal tezligi – 210 km/s. Ushbu to‘liq modifikatsiyaning narxi 99 ming 990 dollarni tashkil qiladi, orqa g‘ildiraklari tortadigan standart model 60 ming 990 dollarga baholangan. 

Foto: Tesla 

Cybertruck standart versiyasi to‘liq quvvatda 402 km masofani bosib o‘tadi, 6,5 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi. Maksimal tezlik 180 km/soat. Shuningdek, 4,1 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadigan va 547 km masofa bosadigan oraliq model ham bor. Uning narxi 79 ming 990 dollarga teng. 

Cybertruck zanglamaydigan po‘latdan yasalgan, ya’ni korroziyaga duchor bo‘lmaydi. Shuningdek, u o‘q o‘tkazmaydigan kuzovdan yasalgan, elektromobil eshiklari avtomat o‘qlariga bardosh bera oladi.

Cybertruck erkin savdosi 2024 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Luxeed S7

Huawei va Chery yangi elektromobil – Luxeed S7 sedanini taqdim qildi. Elektrokar ancha tejamkor qilib ishlangan – 100 km uchun 12,4 kWh energiya sarf qiladi. Shuningdek, 15 daqiqa quvvatlantirish 430 kmgacha masofani bosib o‘tish imkonini beradi, umumiy hisobda esa 855 km yurish zaxirasiga ega.

Foto: Huawei
Foto: Huawei

Luxeed S7 3,3 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi, top komplektatsiyasi 496 ot kuchiga ega ikkita dvigatel bilan jihozlangan. Model Xitoyda 35 ming 200 dollardan sotuvga chiqarilgan.

5 daqiqada 80 foizgacha quvvat

Toshiba kompaniyasi yangi turdagi litiy-ion batareyasini ishlab chiqishni boshladi. Ushbu mahsulot batareyalarning samaradorligi va xavfsizligini oshirishi kutilmoqda, chunki u batareyadagi salbiy reaksiyalar tufayli gazlar hosil bo‘lishini kamaytiradi.

Bundan tashqari, akkumulyator yana bir muhim xususiyatga ega – atigi besh daqiqada 0 dan 80 foizgacha quvvat oladi. Mutaxassislar bunga batareyaning ishlash muddatini uzaytiruvchi yangi materiallar va texnologiyalardan foydalanish orqali erishishgan. 

Ushbu texnologiyani tijoratlashtirish 2028 yilgacha amalga oshiriladi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, akkumulyatorlar keng turdagi qurilmalarda, xususan, elektr transport vositalari va elektr asboblarida qo‘llanadi.

Bioyoqilg‘i yordamida birinchi transatlantik parvoz

Virgin Atlantic aviakompaniyasi Londonning Hitrou aeroportidan Nyu-Yorkka ekologik toza yoqilg‘idan foydalangan holda birinchi transatlantik parvozni amalga oshirdi

Bioyoqilg‘i ishlatilgan o‘simlik yog‘i, hayvon yog‘lari va boshqa noan’anaviy yoqilg‘i aralashmasidan tayyorlangan. Parvoz aviatsiya sanoati tomonidan dekarbonizatsiyaga intilishda muhim bosqich sifatida baholandi. 

Qayd qilinishicha, samolyot parvoz paytida xuddi an’anaviy reaktiv yoqilg‘isi kabi bir xil miqdorda karbonat angidrid chiqargan. Ammo keyinchalik, ularning miqdori 70 foizgacha pasayishi kutilmoqda. 

Aviatsiyada vodorod yoki elektr energiyasidan foydalanish kabi ilg‘or texnologiyalarning joriy qilinishi juda ko‘p vaqt talab qilgani bois, soha kelgusi o‘n yilliklarda aynan bioyoqilg‘idan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu esa karbon chiqindilarini 2050 yilga qadar sezilarli daraja qisqartirish majburiyatini bajarishda samara berishi mumkin.

Honor'dan 160 megapiksel zoom kamerali smartfon

Honor kompaniyasining Magic 6 Pro flagmani 160 megapikselli periskop zoom kamera bilan jihozlanishi mumkin. Smartfonning asosiy kamerasida esa taxminan 1/1,3 dyuymli OV50K sensori bo‘ladi, bu Galaxy S23 Ultra’ning 200 megapikselli asosiy sensori bilan raqobatlashishi mumkin.  

Foto: GSM Arena

Ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Magic 6 Pro OV50K LOFIC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va yaxshilangan sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega Snapdragon 8 Gen 3 protsessori bilan jihozlangan bo‘ladi.

Smartfon tez orada Xitoyda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Janubiy Koreyaning birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshi

Kaliforniyadagi Vandenberg kosmik bazasida Janubiy Koreya o‘zining birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirdi. Sun’iy yo‘ldosh Space X Falcon 9 raketasi yordamida orbitaga chiqarilgan.

Foto: Yonhap 

Qayd etilishicha, Yerdan 400-600 km uzoqlikdagi orbitaga o‘rnatilgan qurilma 30 sm o‘lchamgacha bo‘lgan jismlarni aniqlay oladi. Qo‘shimcha qilinishicha, rasmiy Seul 2025 yilning oxirigacha yana 4ta razvedka yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq, Shimoliy Koreyada ham bortida ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi bo‘lgan ballistik raketa uchirilgani xabar qilingandi. 

Ko‘proq yangiliklar: