O‘zbekiston Masdar kompaniyasi bilan strategik sheriklik to‘g‘risida bitim tuzdi

Jahon 18:28 / 02.12.2023 6928

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dubay shahriga tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari doirasida 2 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari investitsiya vaziri, ADQ xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda TAQA kompaniyasi rahbari Josim Husayn Tabit va Masdar kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil ar-Ramahiy ham qatnashdi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Energetika sektoridagi hamkorlik tobora kengayib borayotgani qayd etildi. Bu yo‘nalishda Masdar kompaniyasi bilan strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Masdar bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil ar-Ramahiyga ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA munosabatlari rivojiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun O‘zbekistonning yuksak davlat mukofoti – «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Masdar kompaniyasi O‘zbekiston energetika sohasida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilyapti. Ushbu yirik loyiha doirasida jami 111 ta shamol turbinasi o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shamol elektr stansiyasining ilk quvvatlari 2023 yil yakunida ishga tushiriladi va u Markaziy Osiyodagi eng yirik stansiya bo‘lishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: