Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar «boshi berk ko‘chaga kirgani» aytildi

Jahon 20:42 / 02.12.2023 9006

Isroil razvedka xizmati «Mossad» rahbari David Barnea Qatardan HAMAS bilan muzokaralarda qatnashgan xodimlarini chaqirib oldi. Bu haqda The Times of Israel bosh vazir devoniga tayanib xabar berdi.

«Muzokaralar to‘xtab qolganidan so‘ng, «Mossad» rahbari David Barnea bosh vazir Binyamin Netanyahu ko‘rsatmasi bilan Dohadagi muzokarachilar guruhiga Isroilga qaytishni buyurdi», deyiladi idora bayonotida.

Bosh vazir devoni bayonotiga ko‘ra, HAMAS sulh kelishuvining barcha bolalar va ayollarni ozod etilishini nazarda tutgan qismini bajarmagan.

«Mossad» rahbari Markaziy razvedka boshqarmasi rahbariyatiga, Misr razvedka vaziri va Qatar bosh vaziriga G‘azo sektoridan 84 nafar bola va ayol hamda 24 nafar chet el fuqarosining ozod etilishiga olib kelgan ulkan vositachilik harakatlari uchun minnatdorchilik bildiradi», deyiladi bayonotda.

The Times of Israel yozganidek, HAMAS harakati 136 kishi, jumladan, 114 erkak, 20 ayol va ikki bolani ushlab turishda davom etmoqda. Garovga olinganlar orasida 125 nafar isroillik va 11 nafar xorijlik, jumladan sakkiz nafari Tailand fuqarosi. Garovga olinganlar orasida 75 yoshdan oshgan 10 kishi bor.

24 noyabrdan 1 dekabrgacha G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi amalda edi. Isroil mudofaa kuchlari 1 dekabr kuni ertalab HAMAS a’zolari sulhni buzganini ma’lum qilib, jangovar harakatlarni davom ettirdi.

Ko‘proq yangiliklar: