Ukrainada parlament va prezident saylovlari «urush tugaganidan keyin» o‘tkaziladi

Jahon 00:06 / 01.12.2023 11064

Ukraina Oliy Radasining to‘qqizinchi chaqiriq rahbariyati, fraksiya va guruhlari navbatdagi saylovlar harbiy holat tugagandan keyingina o‘tkazilishi haqidagi bayonotni imzoladi.

Bayonot 10-12 noyabr kunlari Zakarpatiya shahrida bo‘lib o‘tgan tinchlik va demokratiya uchun «Jan Monne muloqotlari» formatidagi yig‘ilishda qabul qilindi.

Hujjatda aytilishicha, Ukraina parlamentida vakillik qilgan barcha siyosiy kuchlar vakillari «kelajakda erkin va adolatli milliy saylovlar (parlament, prezidentlik) urush tugaganidan va harbiy holat bekor qilinganidan so‘ng o‘tkazilishi» haqida kelishib oldi. Bunda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun harbiy holat tugaganidan keyin kamida olti oy o‘tishi shartligi belgilab qo‘yildi.

Hujjatni «Xalq xizmatkori» fraksiyasidan David Araxamiya, «Batkivshchina»dan Yuliya Timoshenko, «Yevrobirdamlik»dan Irina Gerashchenko, «Golos»dan Aleksandra Ustinova va boshqa parlament guruhlari vakillari imzoladi, deb yozdi «Ukrainska pravda».

Ukrainada prezidentlik saylovi 2024 yil mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. 2023 yil avgust oyida Volodimir Zelenskiy agar urush davrida saylovlar o‘tkazilsa, yangi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini qo‘yishga tayyorligini aytdi. Oktyabr oyida Ukrainada amaldagi harbiy holat tufayli Oliy Radaga saylovlar o‘tkazilmadi. Zelenskiy noyabr oyi boshida «hozir saylov vaqti emas», dedi.

Ko‘proq yangiliklar: