MTRK olgan 22,5 mln yevro kredit davlat budjetidan qoplanadi

Iqtisodiyot 19:00 / 30.11.2023 19684

“O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolandi.

2016-2017 yillarda teleradiokompaniyani raqamli eshittirish formatiga o‘tish uchun zamonaviy multimedia uskunalari bilan jihozlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan nol foizli stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan 22,5 million yevro kredit ajratilgan.

Gazeta.uz’ning hujjatga tayanib yozishicha, dastlab 22,5 mln yevro miqdoridagi kredit MTRK va davlat tomonidan teng ulushlarda — har biri 11,25 mln yevrodan to‘lanishi rejalashtirilgandi. Ammo bu yillar davomida korxona kredit uchun umuman pul to‘lamagan va har olti oyda budjetdan 661,76 ming dollar ajratilgan. Endi budjet mablag‘lari hajmi yilning birinchi yarmida 1,03 mln yevrogacha oshadi, MTRK esa 2024 yilning ikkinchi yarmidan boshlab 200 ming yevro, keyin esa 100 ming dollardan to‘laydi — 2030 yil oxirigacha jami 1,4 million yevro. Shu tariqa, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ssuda uchun davlat budjetidan 21,1 million yevro (qarzning 93,7 foizi) ajratiladi, bu rejadagidan qariyb 10 million yevroga ko‘p.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda MTRKga davlat budjetidan 560 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu miqdor 2023 yil uchun 556 mlrd so‘mni, 2022 yil uchun 463 mlrd so‘mni, 2021 yil uchun 427 mlrd so‘mni, 2020 yil uchun esa 399 milliard so‘mni tashkil qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: