Toshkentda avtobus va yuk avtomobili to‘qnashdi

Jamiyat 11:05 / 29.11.2023 24428

Toshkent shahrida Mercedes-Benz rusumli avtobus va yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

«Toshshahartransxizmat» xabariga ko‘ra, bugun, 29 noyabr kuni soat 06:50 larda «4-Avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi Mercedes-Benz rusumli 132-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan, haydovchi A.S boshqaruvidagi avtobus ishtirokida YTH yuz bergan.

Qayd etilishicha, avtobus Yangihayot tumani, Binokor ko‘chasi bo‘ylab «Toshkent» MFY tomonga harakatlanish uchun orqaga qayrilayotgan vaqtda, Binokor ko‘chasining qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan MAN rusumli yuk avtomobili kelib urilgan. 

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, ushbu yo‘l-transport hodisasi natijasida 3 nafar avtobus yo‘lovchisi yengil tan jarohati olgan, avtobus va yuk avtomobili texnik shikastlangan.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.

So‘nggi vaqtlarda poytaxt avtobuslari bilan ko‘plab YTHlar sodir bo‘lmoqda. Avvalroq Yunusobod tumanida elektrobus boshqa bir avtobus bilan to‘qnashib ketgandi.

20 noyabr kuni Olmazor tumanida yo‘lning belgilanmagan qismidan yugurib kelgan erkakni avtobus urib yuborgandi.

11 noyabrning o‘zida 2 ta avtobus YTHga uchragandi. Yashnobod tumanida 21-sonli avtobus yo‘l o‘rtasida turgan yengil avtomobil bilan to‘qnashgan, Mirzo Ulug‘bek tumanida esa qayrilib olmoqchi bo‘lgan 151-sonli avtobusning old qismiga avtomobil urilgan.

Ko‘proq yangiliklar: