Oramizdagi odamlar: yarim tanadagi butun jon

Jamiyat 21:49 / 26.11.2023 28570

Abduhoshim aka oyoqlarsiz ulg‘aydi. 3 yoshida uni traktorning g‘ildiragi bosib qolgan, keyinroq qush bolasini olaman deb ulkan daraxtdan yiqilgan. Yana ma’lum vaqtdan so‘ng esa asov otdan yiqilib butunlay to‘shakka mixlanadi. O‘shanda doktorlar yashab ketishidan umid yo‘q, degan inson bugun 57 yoshda.

3 g‘ildirakli bolalar velosipedi unga 30 yil xizmat qildi. U velosipedni qo‘llari bilan harakatga keltirib ko‘cha aylanadi, to‘y-hashamlarga borib keladi.

Garchi zamonaviy nogironlar aravachasi olib berilsa-da, yoshligidan ulg‘aytirgan velosiped u uchun qadrli.

“Yoshligimda juda sho‘x edim. O‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini oladigan bezori bola bo‘lgan ekanman. Taqdir ekan, baxtsiz hodisalar ketma-ket kelib, oxir-oqibat oyoqlarsiz qoldim. 1971 yilda amakimning uyiga borib katakdan jo‘ja olmoqchi bo‘lib turgan paytim devorda turgan traktorning g‘ildiragi ag‘darilib bosib qolgan. Ancha o‘zimga kela olmay bir joyda yotib qolganman o‘shanda.

Oradan bir muddat o‘tib, ulkan chinor daraxtidan qush bolasini olaman deb tushib ketganman. Eng dahshatlisi hali oldinda edi. Otam qo‘ychivonlik qilardi. Adirlikda tez-tez ot minib turardim. Kunlarning birida asov ot olib qochib ketib toshli joyga yiqitdi. 3 yil shifoxonada yotdim. Shifokorlar o‘lib qoladi, yashab ketolmaydi, degan, lekin Yaratgan umr bergan ekan, yashayapmiz.

O‘smirlik davrimda radio-televizor tuzatib odamlarning og‘irini yengil qildim. Xonadonlarda elektr montaj qilaman. Shu yoshga kirib amin bo‘ldimki, inson imkoniyatiga qarab o‘zi uchun o‘zi kurashishi kerak, to‘xtab qolishdan yomoni yo‘q, barakani Alloh beradi. Men ham o‘z imkoniyatimga qarab odamlarning og‘irini yengil qilishga harakat qildim.

Bobojon ismli tanish ukamiz bor. U 3 g‘ildirakli velosipedda qiynalasiz, sizga o‘zi yuradiganidan arava olish kerak, xalqimiz yordam beradi, dedi. Boshida xijolat bo‘lib, keyin rozi bo‘ldim. Video qilib olishdi meni. Chet davlatlarda ishlayotgan musofir vatandoshlarimiz, xalqimiz yordam qilib, shu aravachani olib berishdi. Barchasiga rahmat.

Boriga shukr qilaman. Ko‘chaga chiqsam, hurmatim bor. Odamlar yaxshi kutib oladi qayerga borsam ham. Yor-u birodar, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshimiz, to‘y-hashamda qo‘ldan kelgancha xizmatdamiz. Ichimda yonib turgan dard bor. She’r ham yozib turaman.

Bu hayotda inson bo‘lish kerak deyman. Birovlar bor ota-onasiga qaramaydi, birov bolasini tashlab ketadi... Nogiron bo‘la turib qo‘lidan ko‘p ish keladigan odamlar ham bor, sportda chempion bo‘lishyapti ham, bayrog‘imizni ko‘tarishyapti. Yomon odam o‘zi uchun yomonlik qilgan bo‘ladi asli».

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: