O‘zbekistonda 2023 yilning yanvar-oktyabr oylarida 308 521 dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu raqam Statistika agentligining tegishli sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotida keltirib o‘tilgan.
Avtomobillarning rusumi quyidagicha:
- Cobalt – 89 410 dona(oshish – 10 foiz);
- Damas – 69 323 dona(oshish – 17,2 foiz);
- Lacetti-Gentra – 65 676 dona(qisqarish – 9,2 foiz);
- Tracker – 33 970 dona;
- Onix – 25 432 dona;
- Chery – 8 580 dona;
- Maxsus yengil avtomobillar – 18 836 dona.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida mamlakatda 253 043 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Ya’ni o‘tgan bir yil ichida ishlab chiqarish 55 478 taga yoki 22 foizga oshgan.
E’tiborga molik jihati, Statistika agentligi Chery avtomobillarini O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil mashinalar qatorida keltirib o‘tgan.
O‘tgan oyda ADM Jizzakh kompaniyasi o‘zining o‘n minginchi Chery avtomobilini ishlab chiqarganini xabar qilgandi.
Statistika agentligi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hududida yig‘ib sotilayotgan avtomobillarni ham sanoat statistikasiga qo‘shish mumkin.
“Boshqa kompaniyalar tomonidan sotilayotgan avtomobillar soni ham umumiy statistikaga qo‘shilgan. Zavodlar bizga hisobot topshiradi. Shu paytgacha ular avtomobillarning faqatgina miqdori haqida ma’lumot bergan, modellari haqida alohida hisobot bo‘lmagan. Hozir boshqa zavodlarga ham xat kiritganmiz. Masalan, keyingi oydan Kia avtomobiliga oid ma’lumotlarni ham taqdim qila boshlashimiz kutilyapti”, deyiladi izohda.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekistonga 3,52 mlrd dollar qiymatidagi avtomobillar import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 66,1 foizga ko‘p. O‘z navbatida, mazkur davrda avtomobil eksporti ham 44 foizga o‘sib, 408 mln dollarga yetgan.