2024 yilgi budjet qonuni loyihasiga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan boshlab avtomobil shinalarining bir donasi vaznidan (kg uchun) kelib chiqqan holda bazaviy hisoblash miqdorining 0,3 foizi miqdorida utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda.
Bunda, shinalarning o‘rtacha vaznidan kelib chiqqan holda utilizatsiya yig‘imi miqdori:
- yengil avtomobillar uchun o‘lchami R13ʼdan R20ʼgacha bo‘lgan shinalariga 6,2 ming so‘mdan 16,2 ming so‘mgacha;
- yuk avtomobillar uchun o‘lchami R16ʼdan R18ʼgacha bo‘lgan shinalarga 11,3 ming so‘mdan 58,8 ming so‘mgacha tashkil etadi.
Ma’lum qilinishicha, avtomobil shinalarini utilizatsiya qilishda tabiatga zarar yetkazilayotgani uchun bu yig‘im joriy qilinmoqda. Undan tushgan mablag‘lar atrof-muhitni asrash va “Yashil makon” dasturi doirasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov Kun.uz muxbirining mahalliy ishlab chiqaruvchilar bu yig‘imdan ham imtiyozga ega bo‘lishi ehtimoliga oid savoliga javob berdi.
“Bunday bo‘lmaydi, chunki Jahon savdo tashkilotining talabi bor. Agar siz import mahsulotga [biror yig‘im, soliq] kiritadigan bo‘lsangiz, ichki mahsulotga ham kiritishingiz kerak. Hech qachon diskriminatsiya qilib bo‘lmaydi. Mahalliy ishlab chiqaruvchimi, chet el ishlab chiqaruvchisimi, rezidentmi yoki norezident – bir xil qo‘llanadi. Faqat importga deb aytmaganmiz, hammaga qo‘llanadi.
Utilizatsiya yig‘imining ma’nosi – uning ekologiyaga zararini qoplash. Chet el shinasi bo‘ladimi, o‘zimizda ishlab chiqarilganmi, vazniga qarab tartibini ishlab chiqamiz. O‘sha yerda yoritiladi, hamma bir xil bu yig‘imni to‘laydi”, – dedi Haydarov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2018 yili avtomobil shinalari ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, Angrenda shina zavodi ochilgan va uni qo‘llab-quvvatlash uchun shina importiga yuqori bojlar joriy etilgandi. 156,4 mln dollar tashqi qarz evaziga qurilgan zavod 2021 yilda atigi 15 foiz quvvat bilan ishlayotgani, ishlab chiqargan mahsulotlari sifati talabga javob bermasligi sababli UzAuto Motors xorijdan shina import qilishda davom etayotgani ma’lum bo‘lgandi. Zavod 2023 yil boshida xususiylashtirildi.
Ma’lumot uchun, 2020 yil 1 avgustdan O‘zbekistonga transport vositalarini import qilishda utilizatsiya yig‘imi joriy qilingan. Lekin mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi va importyor UzAuto Motors bu yig‘imni to‘lamay kelayotgani, kompaniyaga yopiq qaror bilan bu borada imtiyoz berilgani aytiladi. Kun.uz'ning hisob-kitoblari kompaniya to‘lamagan yig‘imning umumiy miqdori ham bir necha trilliondan oshishini ko‘rsatgan.
Shuningdek, “O‘zavtosanoat” tarkibidagi korxonalar eksport qiladigan avtomobillari uchun utilizatsiya yig‘imi davlat budjetidan kompensatsiya qilib beriladi. Bu boradagi subsidiya miqdori 2022 yilda 100 milliard so‘mgacha bo‘lishi belgilangan edi. Lekin yil yakunida 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, UzAuto'ga qo‘shimcha 137,5 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilgandi.