Jahon | 13:50 / 23.11.2023
5245
3 daqiqa o‘qiladi

BMT va JSST Isroilning HAMAS bilan kelishuvini olqishladi

Antoniu Guterrish Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasida tuzilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish haqidagi kelishuvni «to‘g‘ri yo‘nalishdagi muhim qadam» deb atadi.

Foto: Israeli Defense Forces / Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasida tuzilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish haqidagi kelishuvni olqishladi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish kelishuvni «to‘g‘ri yo‘nalishdagi muhim qadam» deb atadi. 22 noyabr, chorshanba kuni BMT veb-saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, u «ko‘proq narsa qilish kerak»ligini ta’kidladi.

Hujjat matnida qayd etilishicha, kelishuvga Qatar vositachiligida, shuningdek, Misr va AQSh ko‘magida erishilgan. BMT uni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatga «ijobiy ta’sirini» kuchaytirish uchun «barcha imkoniyatlarini safarbar qilishga» va’da berdi.

JSST: pauza G‘azoga ko‘proq yordamni xavfsiz yetkazib berishga imkon yaratadi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan ham olqishlandi. To‘rt kunlik pauza G‘azo sektoriga ko‘proq gumanitar yordamni xavfsiz yetkazib berish imkonini yaratadi, deb ta’kidladi JSST bosh kotibi Tedros Adhanom Gebreyyesus o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Shu bilan birga, u erishilgan kelishuvlar «tinch aholining azob-uqubatlariga barham berish» uchun yetarli emasligini ta’kidladi. «Qolgan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha harakatlar davom etishi kerak va yana bir bor takror aytamanki, asirlikda bo‘lganlar barcha zarur tibbiy yordam bilan ta’minlanishi shart», dedi Gebreyyesus. U G‘azo sektorida tinch aholi «barqaror», «xavfsiz» va «keng ko‘lamli» yordam olishi uchun o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 14 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid