Qandolatchilarga eksport bilan bog‘liq operatsiyalari uchun 3 mln dollargacha mablag‘ ajratiladi 

Iqtisodiyot 15:25 / 22.11.2023 20108

“Ayrim sanoat tarmoqlarida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, qandolatchilik korxonalariga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 2 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi:

  • eksport hajmi 500 ming AQSh dollarigacha bo‘lganda – 1 million AQSh dollarigacha;
  • eksport hajmi 500 ming AQSh dollaridan 4 million AQSh dollarigacha bo‘lganda – 2 million AQSh dollarigacha;
  • eksport hajmi 4 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda – 3 million AQSh dollarigacha.

2025 yil 1 yanvargacha keng turdagi qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.

Farmon bilan tekstil sanoatini qo‘llashning qo‘shimcha choralari ham belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvargacha ip-kalava ishlab chiqaruvchilarga paxta va sun’iy tolani o‘z ehtiyoji uchun import qilishda (qo‘shni davlatlardan tashqari) transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

2024 yil 31 dekabrgacha ip-kalavani eksport qilishda undiriladigan yig‘imning amaldagi miqdori 5 baravarga kamaytiriladi.

2024 yil 31 dekabrgacha bo‘yalgan mato va bo‘yalgan gazlamani realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarni ichki bozorda sotish ulushi kamida 50 foizni tashkil qilgan korxonalarga ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash hamda uch yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovini kechiktirish huquqi beriladi.

2026 yil 1 oktyabrgacha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan ayrim tovarlarni import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi.

Sanoat zonalarida yer maydonlari hamda bino va inshootlarni ijaraga berishda to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash davri amaldagi 12 oydan 24 oygacha uzaytiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: