Eron sinovi oldidan. Nega Angliyaga o‘xshashimiz va g‘alabadan muhimroq jihatlar haqida

Sport 11:52 / 21.11.2023 22335

Angliya milliy jamoasi haqida gap ketganida, mamlakatda so‘nggi yillarda yetishib chiqayotgan bir qator iste’dodlarni tilga olish, umuman, Sautgeytda dunyoning eng kuchli tarkiblaridan biri mavjudligini e’tirof etgan holda, yaqin yillardagi turnirlarning asosiy favoriti sifatida tilga olish urf bo‘lgan. Bellinhem La Ligani, Harri Keyn Bundesligani zabt etmoqda, treblga erishgan “Manchester Siti” tarkibida inglizlar ko‘p, bir qaraganda taxminlar asosli. Ammo bilasizmi, men uchun garchi hech narsa yutmagan bo‘lsa ham, asr boshidagi Angliya kuchliroq bo‘lgandek ko‘rinaveradi. Sababini topgandek bo‘ldim. O‘sha Angliya tarkibi bugungisiga nisbatan olganda ancha barqaror va o‘z darajasini uzoq yillar isbotlay olgan futbolchilardan tashkil topgan edi. Bekxem, Skoulz, Jyerard, Lempard yarimhimoyada, himoya chizig‘ida Ferdinand, Terri, Koul, oldinda Runi, Ouen, qarang, xato qilmasdan sanab berdim. Bugungi Angliya haqida shunday deya olamizmi?

Harri Keyn va Deklan Raysdan boshqa hech bo‘lmasa uch yil yuqori darajada o‘ynab turgan futbolchini topish mushkul, ha, iste’dodlar ko‘p, lekin ular davomli almashib turgandek, atigi ikki yil oldin Yevro finalida maydonga tushgan Maunt, Sancho, Filips, Sterlinglarga hozir ishonish qiyin. Balkim bu aslida muammo ham emasdir, muhimi ayni paytdagi eng kuchlilardan raqobatbardosh jamoa shakllantirish bo‘ladi, to‘g‘ri, ammo agar turli avlod jamoalarini solishtirish kerak bo‘lsa, ayniqsa o‘zaro tushunish, bog‘lamlar, eng qiyin, ahamiyatli pallada ustunlik berish uchun ham zarur xususiyatdek tuyuladi. Mayli, ko‘ramiz.

Bugun O‘zbekiston milliy jamoasi Eronni qabul qiladi. Osiyoda biz uchun eng noqulay bo‘lgan raqiblardan biri – so‘nggi 7 uchrashuvning barchasida mag‘lub bo‘lganmiz, hammasi bo‘lib 11 o‘yinda atigi 1 g‘alaba va 10 mag‘lubiyat. U qadar ishonchli ko‘rinmagan Turkmanistondagi bahsdan so‘ng xavotirlardan xalos bo‘lish biroz qiyin tuyulmoqda.

Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, Turkmanistonda eng muhimi ochko yo‘qotmaslik edi va bu vazifa uddalanganining o‘zi biz uchun qoniqarli holat. Ayniqsa, o‘yin futbolchilarimiz uchun juda noqulay bo‘lgan sun’iy qoplamali maydonga belgilanganining o‘zi bir necha yil oldingi Shimoliy Koreyadagi achchiq tajribani yodga solgandi. Bu sharoitda g‘alaba qozonish muxlislarni xursand qilsa-da, Katanets jamoasida yetarlicha muammolar borligini ham payqash mumkin.

Ikkinchi taymni ancha yaxshiroq va tashabbus bilan o‘tkazgandek bo‘lsak-da, barchasi nazoratimiz ostida turgani borasida qat’iy ishonch shaxsan menda yo‘q edi. To‘liq ishlanmalar bo‘yicha boshlangan va mantiqiy yakuniga yetgan hujumlar u qadar ko‘p emasdi – urilgan har uch gol ham kontrpressing natijasida yuzaga kelgani va maksimum ikki uzatma bilan zarba pozitsiyasiga chiqilgani e’tiborli holat – odatda, saviya jihatidan pastroq jamoalar pressingga bardoshli bo‘lmaydi, kuchliroq, masalan, Eron bunday imkoniyatlar taqdim etmasligi shubhasiz.

Katanetsda bir paytlar Abramov yoki Qosimovda mavjud bo‘lgan sharoit yo‘q, sababini yuqorida Angliya milliy jamoasi misoli bilan tushuntirdim. 2004-2015 yillarda bizda ham xuddi Angliyada bo‘lganidek avlod yetishib chiqqandi. Avvaliga “Paxtakor” bilan birgalikda xalqaro maydonda yuqori maqsadlar uchun birlashgan, keyin Skolari qo‘l ostida, Rivaldo bilan yonma yon zamonaviy trendlarni his qilgan futbolchilar guruhi uzoq vaqt milliy jamoani o‘z ortidan ergashtirdi. Jeparov, Kapadze, Ahmedov, Haydarov, Ismoilov, Denisov, Nesterov, Geynrix kabi futbolchilar bilan milliy jamoada ishlash murabbiy sifatida birmuncha osonroq, ishonavering. Yangilik o‘ylab topish, ayni paytda qaysi futbolchi tayyorroq ekani haqida bosh qotirishga hojat kam, muhimi, qo‘l ostingdagi tajribali va albatta, saviyali futbolchilarning ustunlik va kamchiliklaridan kelib chiqib taktika, reja ishlab chiqilishi yetarli.

Ahmedovning ketishi bilan qaysidir ma’noda “oltin avlod” nihoyasiga yetdi. Avlodlar almashinuvini amalga oshirish, tag‘in, terma jamoada, ayniqsa, o‘zbek futboliga biroz begona va yangi bo‘lgan chet ellik murabbiy uchun oson emas. Buning ustiga, o‘yin amaliyoti borasida hatto yetakchi futbolchilarda ham barqarorlik kuzatilmayotgan pallada mana shu sifatdagi jamoani tashkil qilish yanada qiyinlashib ketadi. Shukurov Turkiyada yetarli vaqtlarga ega bo‘lmayapti, Shomurodov va Husanovda hali o‘sha daqiqalarning o‘zi yo‘q, Fayzullayevlar esa yosh. Yangilik emaski, O‘zbekiston Superligasi va hatto har qancha Saudiya yulduzlari bilan to‘lmasin, Osiyo Chempionlar Ligasi ham, Eron yoki Yaponiyaga qarshi uchrashuvlar yuklamasini bera olmaydi.

Yuklama haqida gap ketganida, milliy jamoamizning bugungi holatiga obektiv sabablar keltirish ham mumkin. O‘tgan safar jahon chempionati saralashida so‘nggi bosqichga chiqa olmaganimiz pand berdi va qaysidir ma’noda bugunimizga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Oxirgi marta 2021 yilning yozida Saudiya Arabistoni bilan jiddiy uchrashuv o‘tkazdik va keyingi ikki yarim yil faqat o‘rtoqlik o‘yinlari va kuchsiz jamoalarga qarshi o‘rtoqlikdan ortiq bo‘lmagan Osiyo chempionati saralash bahslari bilan qolib ketdik. To‘g‘ri, o‘rtoqlik o‘yinlari nisbatan kuchli, munosib raqiblar bilan bo‘ldi, ammo baribir, bosim va yuklama tomonidan rasmiy musobaqaning o‘rni katta. Tasavvur qiling, Eron mana shu davr mobaynida JCh saralashining so‘nggi bosqichida va mundialning o‘zida ishtirok etishga ulgurdi.

Rasmiy musobaqalar milliy jamoa futbolchilari orasida turli bog‘lamlar paydo qilish, o‘zaro kimyoni ta’minlash, ayniqsa, murabbiyga u yoki bu futbolchi haqida aniq taassurot paydo qilish uchun ham zarurdir. Ba’zi futbolchilar o‘rtoqlik o‘yinlarida yoki mashg‘ulotlarda o‘zini juda yaxshi ko‘rsata oladi, ammo haqiqiy kurash paytida bosimni ko‘tara olmasligi, juda ko‘p noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishi mumkin. Yoki aksincha.

Katanets yetarlicha vaqt jamoani boshqarayotgan, juda ko‘p o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilingan bo‘lsa-da, o‘z shogirdlari haqida to‘liq va aniq tasavvurga ega, deb o‘ylamayman. Sababi, yuqorida aytganimdek, rasmiy musobaqalar, ya’ni xuddi oraliq imtihonlar o‘quvchi bilimini sinovdan o‘tkazganidek, jamoa haqiqiy sinovlarga duch kelmaganidir.

Ko‘p o‘yinlardagi burilishlar zamiri ham balkim shundan. Milliy jamoasiz Katanets qo‘l ostida 4 marotaba irodali g‘alabaga erishdi. Tasavvur qiling, Katanetsgacha milliy jamoamiz o‘z tarixida hammasi bo‘lib shuncha irodali g‘alabaga ega edi. Xo‘sh, futbolchilarimiz xarakteri qisqa vaqtda o‘zgarib ketdimi yoki Katanets rostan ham o‘yin paytida kerakli o‘zgarishlarni amalga oshirish, ya’ni “match-menejment” ustasimi? Bo‘lishi mumkin, lekin so‘nggi uchrashuvdan xulosa qilsak, yana o‘sha barqarorlik yetishmasligiga borib taqaladi. Optimal asosiy tarkib borasida, eng muhimi, raqib darvozasi oldida vaziyatlar yaratish va o‘z darvozasi oldidagi hujumlarni bartaraf etish uchun aniq ishlanmalar hozircha ko‘zga tashlanmayapti.

Eron esa, agar irodangizni namoyish qilmoqchi, o‘yinda burilish yasamoqchi bo‘lsangiz, Osiyodagi eng noqulay raqib. Keyrush ularning DNKsini o‘zgartirib yubordi, bugungi, umuman so‘nggi 10 yildagi Eron himoyada bexato harakat qiladigan, asosan o‘yinlarni qanday boshlasa, shunday yakuniga yetkazadigan, oxirgi 7 o‘yinning barchasida g‘alaba qozongan salobatli jamoadir. Bu yerda o‘yin ssenariysi, jismoniy tayyorgarlik yoki qo‘shimcha o‘zgarishlardan ko‘ra, eng avvalgi tayyorgarlik va reja ko‘proq ta’sirga ega, eng muhimi, yaxshi boshlab olishdir.

Ijobiy jihati shundaki, guruhda 2-o‘rin ham keyingi bosqichga olib chiqadi. Demak Eron bilan o‘yinlarni yangi jamoamiz uchun sinov sifatida qabul qilishimiz to‘g‘riroq. Shaxsan men uchun bu o‘yindagi g‘alabadan ham ko‘ra, jamoamizning og‘irroq yuklama ostida, avvalgilarga o‘xshamaydigan shartlarda o‘zini qanday tutishi, qaysi yo‘l bilan xavfli vaziyatlar yaratishini ko‘rish ko‘proq ahamiyatga ega. Murabbiy sifatida Katanets O‘zbekistondagi ishini bugun boshlaydi. Aniqrog‘i, bugun namoyish qiladi. Oldinda bizni juda ko‘p “eronlar” kutayotganini e’tiborga olsak, balki keyinroq bizga umuman kerak bo‘lmaydigan uch ochkodan ko‘ra, rostan ham, muhimrog‘i mana shu tajribadir, kim biladi... 

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: