Jismoniy shaxslarga daromad solig‘idan imtiyoz olish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatiladi

Iqtisodiyot 11:22 / 18.11.2023 19323

Hukumatning (601-sonli) qarori bilan bilan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Reglamentga ko‘ra, ariza beruvchi imtiyozni olish uchun o‘z xohishiga ko‘ra YaIDXP (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

So‘rovnoma to‘ldirilib, unga tegishli zarur hujjatlar ilova qilinadi.

So‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi, uni ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lov undirilmaydi.

Soliq organlari so‘rovnoma tushgan kundan boshlab 5 ish kunida ariza beruvchiga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qo‘llangan yoki qo‘llanmagani haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan xabarnomani YaIDXP orqali yuboradi.

Daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qo‘llangani to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 15 kun ichida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi to‘lovlarni amalga oshiradi.

Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar Soliq kodeksida belgilangan [369-modda].

Shuningdek, o‘zbekistonliklar bu imtiyozdan eng ko‘p foydalanishi mumkin bo‘lgan yo‘nalish ta’lim sohasidir. Masalan, bog‘cha, maktab, kollej, litsey va oliygoh kabi ta’lim maskanlarida o‘qish uchun sarflangan mablag‘lar daromad solig‘idan ozod qilingan.

 

Ya’ni ota-onalar oliy o‘quv yurtlari yoki nodavlat maktab va bog‘chalarda o‘qiydigan farzandlariga ta’lim to‘lovlarini o‘z oylik ish haqlaridan to‘lab bersalar, 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishlari mumkin. Bu o‘zi ishlab o‘z kontraktini to‘lagan talabalar va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlarga ham amal qiladi.

Shu paytgacha bu imtiyozdan my3.soliq.uz orqali foydalanish mumkin edi. Shu bilan birga elektron raqamli imzo talab qilinardi. 601-sonli hukumat qarori bilan endi my.gov.uz’da so‘rovnoma to‘ldirish va zarur hujjatlarni ilova qilish yetarli bo‘lmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: