Sariosiyoda fuqaro aviatsiyasi faoliyati tiklanadi

O‘zbekiston 16:33 / 17.11.2023 10767

Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyati tiklanadi. Bu haqda 17 noyabr kuni viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda viloyatning turizm salohiyati ancha yuqori ekani, bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm obektlari borligi qayd etildi. Samarqand—Kitob —Denov—Oltinsoy —Termiz marshruti bo‘ylab «Naqshbandiya pirlari» turizm halqasi ochiladi.

Viloyatda 2,5 ming o‘ringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan. Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga «yulduzi»dan qat’iy nazar subsidiya berilishi belgilandi.

Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish, Termizdan Istanbul, Farg‘ona, Buxoro va Xorazmga reyslarni ko‘paytirish topshirildi.

Shuningdek, Termiz—Toshkent yo‘nalishida turistik vagon, Sariosiyo —Toshkent yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: