Aholini kichik va o‘rta biznesga (KO‘B) keng jalb qilishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:
aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini o‘qitish orqali ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish va «oilaviy tadbirkor – mikrobiznes – kichik biznes – o‘rta biznes» zanjiri asosida ularning faoliyatini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
davlat dasturlari doirasida kichik va o‘rta biznes loyihalarini «Biznesni rivojlantirish banki» ATB, «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat yaxlit moliyaviy tizim asosida qo‘llab-quvvatlash;
tadbirkorlikka o‘qitish, KO‘B loyihalarini moliyalashtirish hamda biznes jarayonlarining barcha bosqichlarida doimiy hamrohlik qilishni «Kichik biznesga ko‘maklashish markazi» MChJlar va «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJda hamda elektron platformalarda amalga oshirish.
Hujjat bilan 2024–2026 yillar uchun «Biznesni rivojlantirish banki» ATB va «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ faoliyatining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
«Biznesni rivojlantirish banki» ATB 300 mln AQSh dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)larni xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqaradi.
Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish bo‘yicha respublika komissiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
«Yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish uchun «Kichik biznesga ko‘maklashish markazi» MChJlar va «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJning vakillari SSPning hududiy boshqarmalari binolariga joylashtiriladi.