O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 17 noyabrdagi «Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi 196-sonli farmoniga ko‘ra, joriy yil 1 dekabrdan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7 foizga oshirilmoqda.
Ya’ni:
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 372 ming so‘m (hozir – 347 ming so‘m);
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – 725 ming so‘m (677 ming so‘m);
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 1 mln 50 ming so‘m (920 ming so‘m) etib belgilanmoqda.
Prezidentning farmoni natijasida 4,5 mln kishining pensiyasi va nafaqalari miqdori ko‘payadi va barcha budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari dekabrdan boshlab 7 foizga oshgan holda hisoblanadi.
Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori 1 dekabrdan 3 foiz miqdorda (7 foiz emas) o‘zgarib, 340 ming so‘m (hozir 330 ming so‘m) etib belgilanmoqda.
Bundan tashqari:
- nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 800 000 so‘m;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — 800 000 so‘m;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (725 000 so‘mdan) 800 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari — 800 000 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa — 608 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 608 000 so‘m;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 608 000 so‘m;
Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori oyiga 608 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 212 000 so‘mdan qo‘shiladi.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 608 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Umuman olganda, yil davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar jami 14,5 foizga oshgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori esa bundan kamroq, ya’ni 13 foizni tashkil etdi, deya qayd etadi O‘zA.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 1 apreldan pensiyalar va nafaqalar miqdori, 1 maydan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 7 foizga oshirilgandi.