8 noyabr kuni «Turkmangaz» davlat konserni rahbariyati va Iroq energetika vaziri Ziyod Ali Fadel boshchiligidagi delegatsiya gaz sohasida hamkorlik qilish masalasida muzokaralar o‘tkazdi. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tomonlar gaz oldi-sotdi bitimining asosiy tijorat shartlari bo‘yicha protokolni imzolagani haqida xabar berdi.
«Protokolga ko‘ra, besh yil muddatda SWAP sxemasi bo‘yicha Eron Islom Respublikasi orqali Iroqqa yiliga 9 milliard kub metr turkman gazi (kuniga taxminan 25 million kub metr) yetkazib beriladi», deyiladi «Turkmenportal» xabarida.
2023 yil oktyabr oyida «Turkmangaz» va Iroq elektr energetika vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. O‘shanda iroqliklar yiliga 10 milliard kub metr gaz olishga umid bildirishgandi.
«Mazkur kelishuv Turkmaniston va Iroq o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. U Turkmanistonga gaz eksportini diversifikatsiya qilish va Iroqni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash imkonini beradi», deyilgan xabarda
«Xroniki Turkmenistana» nashri Iroq yozda energiya ta’minotida surunkali muammolarga duch kelayotganini eslatib o‘tgan. O‘z gazining katta zaxiralariga qaramay, ushbu mamlakat uni neft va gaz qazib olish zonalaridan gaz elektr stansiyalariga tashish uchun zarur infratuzilmaga ega emas.
«Eron Iroqning energiyaga bo‘lgan ehtiyojining 1/3 qismini qoplaydi, biroq Tehron to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar tufayli yetkazib berishni tez-tez to‘xtatib turadi, bu esa 43 million iroqlikning kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan elektr uzilishlarini yanada kuchaytiradi», deya qayd etadi Iraq News.