Malayziyada bo‘lib o‘tgan “QS Higher Education Summit: Asia Pacific – 2023” sammitida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga “5 Stars” sertifikati topshirildi  

Jamiyat 18:56 / 12.11.2023 17202

QS World University Rankings – universitetlarning xalqaro darajadagi reytingini baholab beruvchi eng nufuzli agentliklardan biri hisoblanadi. Har yili e’lon qilib boriladigan natijalarga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi bo‘lib eng yuqori natija – 5 yulduzni qo‘lga kiritdi. Ushbu reyting tizimi xalqaro miqyosda universitetni kuchli tomonlarini yaxlit ko‘rish imkonini beradi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining akademik mukammallikka, ilg‘or tadqiqotlarga va talabalarga yo‘naltirilgan yondashuvlari, yuqori darajadagi ta’limni ta’minlash va o‘sish uchun qulay muhitni yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlari “QS Stars” reytingida alohida e’tirof etildi va uning oliy ta’lim sohasidagi sifat mayog‘i bo‘lib universitet mavqeyini yanada mustahkamladi.

2023 yilning 7-9 noyabr kunlari Malayziyada “QS Higher Education Summit: Asia Pacific – 2023” sammiti bo‘lib o‘tdi va unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Sammitda turli mavzularda muhokamalar, ma’ruzalar, taqdimotlar va “QS Stars” reytingida 5 yulduzni qo‘lga kiritgan oliy ta’lim muassasalarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda QS Quacquarelli Symonds kompaniyasining vitse-prezidenti Ben Souter (Ben Sowter) tomonidan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasiga oliy darajali “5 Stars”ni tasdiqlovchi sertifikat topshirildi. Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va QS Quacquarelli Symonds kompaniyasi o‘rtasida QS Asia University Rankings Tracker ma’lumotlar bazasi obunasi uchun shartnoma imzolandi.

Sammit doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sammit mehmonlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, QS Quacquarelli Symonds kompaniyasining bosh ijrochi direktori (CEO) Jessica Turner, Malayziyadagi O‘zbekiston elchixonasining Savdo-iqtisodiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Farhod Ergashev, Malayziya qirollik shahzodasi Ali Uddinuddin Ibni Tuanku Muhriz, QS Quacquarelli Symonds kompaniyasining bosh konsultantlari Jak de Shampshenel va Zaim Siddiqilar, Malayziyaning UCSI universiteti rektori Hamisah Binti Tapsir, dunyoning Top-10 ro‘yxatiga kirgan yetuk olima Syu Moy Pxang va boshqa ilmiy hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvlarda universitetdagi xalqaro talabalar, ta’lim olish tillari, ta’lim yo‘nalishlari, Malayziyadagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, ilmiy nashrlar sifati va sonini oshirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Sammit yakunida, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Osiyodagi eng yaxshi universitetlar 450 taligiga kiritilganligi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyodagi eng kuchli 23 talikdan joy olgani ham e’tirof etildi. Bunda TDIU O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida (TIQXMMI va O‘zbekiston milliy universitetidan keyingi) 3-o‘rinni egallaganligi ma’lum qilindi va har ikkala reyting sertifikatlarini universitetning Akademik faoliyat bo‘yicha prorektori professor Mansur Eshov mas’ullardan tantanali ravishda qabul qilib oldi.

“QS Higher Education Summit Asia Pacific 2023” sammiti 2023 yil 9 noyabr kuni o‘z ishini yakunladi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: