Toza havo qimmat turadi – nega kambag‘allar ifloslangan havodan ko‘proq nafas olishga mahkum?

Jamiyat 15:57 / 10.11.2023 24042

Garchi bugun dunyodagi deyarli barcha inson qaysidir jihatdan ifloslangan havodan nafas olayotgan bo‘lsa-da, havo ifloslanishi ham hammaga birday xavf solmayapti. Iflos havo ham hozir iqlim tengsizligining bir ko‘rinishiga aylanib ulgurdi.

Bu qanday ro‘y berishi haqida BBC maqolasida hikoya qilinadi.

Ifloslangan havo umrni qisqartiradi

Dehli xarobalarida joylashgan kichik kulbada yashaydigan Mitilesh ovqat pishirish uchun pechni yoqqanda ko‘zlari ham tutunga to‘ladi. 29 yoshli uy bekasi bir xonadonda farzandlari, eri, qari qaynona-qaynotasi bilan yashaydi. Pechka yonganda uy tutunga to‘lganidan biror narsani ko‘rish ham qiyin bo‘lib qoladi. Mitilesh tashqariga chiqqani bilan juda katta o‘zgarish yo‘q. Sababi Dehli havo iflosligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan megapolis hisoblanadi.

Hindiston hukumati havo sifatini yaxshilash uchun harakat qilayotgan bo‘lsa-da, shahar havosida ko‘plab ifloslantiruvchi moddalar miqdori JSST belgilagan me’yorlardan doimiy baland bo‘lib qolmoqda. Chikago universiteti o‘tkazgan tadqiqot hindistonliklarni agar poytaxt havosi miqdoridagi zararli moddalarni JSST belgilagan normagacha kamaytirmasa, aholining umri 11,9 yilgacha qisqarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Mitilesh va uning oilasi global miqyosda ifloslangan havodan nafas olayotganlarning eng qo‘rqinchli misoli bo‘lishi mumkin. Lekin, aslida, dunyoda hamma ham qaysidir darajada zararlangan havodan nafas olyapti. Ba’zilar esa bu havodan o‘zini eng kam miqdorda himoya qila oladi.

- Toshkent

Masalan, hali ham dunyoda 2,4 mlrd odam kerosin, o‘tin, pista ko‘miri, ko‘mir va tappi kabi samarasi kam yoqilg‘i turlaridan ovqat pishirishda foydalanadi. Garchi bu yoqilg‘ilardan foydalanish davom etsa ham, ularni tutagan havodan nafas olishda ehtiyotkor bo‘lishlari haqida xabardor qilib borish lozim.

Oxirgi 20 yilda qashshoqlik darajasi pasayishi bilan yopiq havo ifloslanishi darajasi ham sezilarli pasaydi. Biroq uning o‘rniga sanoatlashtirish va qazib olinayotgan turli yonilg‘ilarni yoqish hisobiga ko‘plab odamlar qurbon bo‘lishiga sabab bo‘luvchi yangi va zararli muammo turi paydo bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2019 yilda havo ifloslanishidan 4,5 mln odam bevaqt vafot etdi, bu 2000 yilga nisbatan 1,6 mlnga, 2015 yilga nisbatan esa 300 mingga ko‘proq.

Dunyoda taxminan 716 mln kam daromadli odam havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarda yashayapti.

Hatto Yevropa va Shimoliy Amerika kabi rivojlangan hududlarda ham havo ifloslanishidan zarar ko‘proq kam ta’minlanganlar va aholining boshqa tengsiz qatlamlari zimmasiga tushadi.

Olimlarning ta’kidlashicha, qazib olinadigan yoqilg‘ilar sabab havo ifloslanishidan o‘lim holatlari oshib ketgan. Ba’zi tadqiqotlarga ko‘ra, bunday o‘limlar soni ancha yuqori: 8,7 mln odamning bevaqt o‘limi yonilg‘ilardan ifloslangan havodan nafas olish sababli bo‘lishi mumkin.

Xavfli PM 2.5

Ko‘mir, benzin va dizel PM 2.5 deb nomlanuvchi mayda zarrachalarning asosiy manbai hisoblanadi. U diametri 2,5 mikrometrdan kam bo‘lgan mayda zarralardan iborat bo‘lib, nafas olayotganimizda o‘pkamizga chuqur kirib boradi. Zarrachalar qon oqimiga o‘tib olish qobiliyatiga ham ega. Qonda bu zarrachalar yallig‘lanishlar darajasini oshiradi, yurak, o‘pka kasalliklari va saraton kabi uzoq muddat davom etadigan surunkali kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Turli davlatlar havodagi bu kabi zararli zarrachalar miqdorini nazorat qilishga harakat qilyapti. Minnesota universiteti professori Stiven Polaskiyga ko‘ra, yuqori daromadli davlatlarda PM 2.5 zarrachalari ekologik sabab tufayli sodir bo‘ladigan bevaqt o‘limlarning asosiy faktori hisoblanadi.

Noteng taqsimlanish

Polaskiy va boshqa tadqiqotchilar 2019 yilda Amerikada o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, mamlakatdagi ifloslanish yuki odamlar zimmasiga tengsizlik bilan taqsimlanadi. Boylik odamlarning havo ifloslanishidan qanchalik zararlanishida katta rol o‘ynaydi.

"Masalan, agar siz boy bo‘lsangiz va havosi ifloslangan jamiyatdan keta olish imkoniga ega bo‘lsangiz, shunday qilasiz. Biroq kambag‘al va ozchilik qatlamlar boy odamlar qilayotgan iste’mol ta’siridagi zararni bo‘yinlariga olishadi va ular o‘z uylaridan ham osonlikcha siljiy olishmaydi", deydi Polaskiy.

Yevropada ham PM 2.5 darajasi kambag‘allik yuqori hududlarda boyroq joylarga qaraganda 3 baravar yuqori. Kam daromadli odamlar ko‘proq havoni ifloslantirayotgan sanoat zonalariga yaqin joylarda yashaydi va ularning yonida yashil maydonlar ham kamroq bo‘ladi.

Michigan universiteti dotsenti Ketrin Hausmanga ko‘ra, hukumatlar havo ifloslanishining yuqori darajasi, undan sog‘likni qanday himoyalash haqida odamlarga ko‘proq tushuntirishlari kerak. Dunyoning ko‘p joylarida havoni monitoring qilish tarmoqlari yetarli emas, odamlar shunchaki mahallasidagi havo ifloslanishi qay darajada yuqori ekanini bilmaydi. Hatto ularga yaqin joyda monitoring qilib turilsa ham, xonadonlar o‘z sog‘liklari iflos havo sabab qanchalik zararlanayotganini anglamayotgan va o‘zlarini himoyalash uchun kerakli choralarni ko‘rmayotgan bo‘lishi mumkin.

Bunda ham kam daromadli oilalarga qiyinroq bo‘ladi. Masalan, Hindistonda havo tozalagichlarga bo‘lgan ehtiyoj yildan yilga oshib boryapti. Lekin kam daromadli oilalar ko‘p hollarda buni sotib ololmaydi.

Qolaversa, ochiq havoda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar ko‘radigan zarar ham boshqa kasblar, asosan, ichkari xonalarda ishlovchilarga qaraganda kattaroq bo‘ladi. Masalan, Hindistonda yo‘l harakatini tartibga soluvchi politsiya xodimlarining o‘pkasi boshqa kasbdagilarga qaraganda yomonroq ahvolda ekani aniqlangan.

Qanday choralar ko‘rish mumkin?

Tashqi havo ifloslanishini kamaytirish uchun holatni tizimli o‘zgartirish kerak bo‘lishi mumkin. Hozirgacha bir qancha usullar o‘ylab topilgan: dizel yuk mashinalarining yo‘nalishini o‘zgartirish, havo ifloslanishi kamroq kuzatiladigan kichik zonalar yaratish o‘sha atrofda yashaydiganlar sog‘ligi uchun foydali bo‘ladi. Yevropada bunday zonalar bor. AQSh esa 2,6 kv km hududda faqatgina elektr bilan yuradigan mashinalarga ruxsat berish orqali havo chiqindisi yo‘q ilk pilot zonani yaratdi.

- AQShdagi havo chiqindisi yo‘q pilot zona.

Shaharlarda jamoat transportini yangilash avtomobil gazlari chiqindilarini kamaytirishga yordam beradigan yana bir choradir.

- sanoat tutunlari

Qolaversa, hukumatlar havo ifloslanishining oldini olish uchun qat’iyroq choralar ko‘rishi ham kerak. Bu havo ifloslanishga sanoat qo‘shadigan hissani qat’iyroq nazorat qilishni anglatadi. Polaskiyning aytishicha, hukumatlar endi har qanday sharoitda ham iqtisodiy o‘sishga erishish ustuvor vazifa emasligini tushunishlari kerak. Agar shunday bo‘lib qolsa, bu zaif jamiyatlarga katta zarar yetkazishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: