Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh kotibi Xusrav Noziri Toshkentda o‘tkaziladigan navbatdagi sammit arafasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning navbatdagi 16-sammiti arafasida O‘zbekiston prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mazkur sammit O‘zbekistonning IHT a’zoligi tarixida ilk bor o‘tkazilmoqda. Shu ma’noda tarixiy ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyevni 16-sammit Toshkentda o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladim. Uchrashuvda bo‘lajak sammitga tayyorgarlikning borishi haqida prezidentga hisobot berdim. IHT doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan ham samarali fikr almashdik. Ushbu ustuvor yo‘nalishlar – savdo, sarmoya, transport, kommunikatsiya, energetika, foydali qazilmalar, ekologiya, turizm, barqaror rivojlanish, inson resurslari, parlament va huquqiy hamkorlik, shuningdek, Afg‘oniston masalasi.
Shu bilan birga, tashkilotimiz faoliyatida O‘zbekiston roli tobora ortib borayotgani uchun prezidentga minnatdorlik bildirdim. Keyingi ikki yil ichida O‘zbekiston ko‘plab yangi tashabbuslar bilan chiqdi, ular tashkilotimizda keng qo‘llab-quvvatlandi. Bu tashabbuslarning ayrimlari allaqachon amalga oshirilmoqda, masalan, O‘zbekiston prezidenti taklifiga binoan, tashkilotimiz doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot platformasini tashkil etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi. Biz hozir ushbu yangi tuzilmaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Shuningdek, O‘zbekiston tashkilotimiz faoliyatida ilk bor raislikning har bir yili uchun mavzu belgilash masalasini ilgari surdi. 2022 yilda O‘zbekiston o‘z a’zoligi tarixida birinchi marta raislikni o‘z zimmasiga oldi va mintaqamizda aloqalarni mustahkamlash mavzusini taklif qildi. O‘zbekistondan keyin navbat Ozarboyjon raisligiga yetib keldi, u ham O‘zbekiston misolida mavzu taklif qildi. Mavzu yashil iqtisodiyotga o‘tish va o‘zaro bog‘liqlik edi. Kelgusi yilning yanvaridan esa vakillik Eronga o‘tadi. Eron ham o‘z mavzusini taklif qildi. Ya’ni O‘zbekiston prezidenti tomonidan Ashxoboddagi avvalgi, 15-sammitda bildirilgan tashabbus allaqachon an’anaga aylanib bormoqda.
Biz transport va kommunikatsiya masalalariga ham katta e’tibor qaratdik, chunki bu faoliyatimizning muhim yo‘nalishi. Bu borada turli transport-tranzit loyihalari, jumladan, mintaqamizning sharqi va g‘arbi, shimoli va janubini bog‘lovchi yo‘laklar loyihasini amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, tashkilot hududidan Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi savdo munosabatlari uchun foydalanish mumkin. Bu masalalarning barchasi muhokama qilindi va O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi tufayli transport va kommunikatsiya sohasidagi ushbu loyihalarning barchasini amalga oshirishda, albatta, juda muhim rol o‘ynaydi.
Energetika sohasidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini ham muhokama qildik. Ayni paytda biz ikkita asosiy loyihani amalga oshirmoqdamiz – Boku shahrida tashkilotga a’zo mamlakatlarning barqaror va toza energiyaga o‘tishiga hissa qo‘shadigan Toza energiya markazini, shuningdek, mintaqaviy energiya bozorini yaratish.
Hamkorligimizning yana bir ustuvor yo‘nalishi turizmdir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidentini Shahrisabz shahri 2024 yilda IHT turistik poytaxti sifatida e’lon qilingani bilan tabrikladim. Umid qilamizki, Shahrisabzda ham tegishli turizm tadbirlari o‘tkaziladi va bu nafaqat O‘zbekistonda, balki tashkilotimizning butun mintaqasida turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Biz tomonlarni qiziqtirgan boshqa xalqaro masalalarni ham muhokama qildik va fikr almashdik hamda sammit muvaffaqiyatli o‘tishi haqida yakdil fikrga keldik. Ushbu sammitda barcha a’zo davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, O‘zbekistonning tashkilotimiz faoliyatidagi o‘rni va roli a’zo davlatlar tomonidan yuksak e’tirof etilgani ko‘rsatkichidir.
Kun.uz muxbiri savoli: O‘zbekiston – Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temiryo‘li loyihasini amalga oshirishda IHT asosiy rol o‘ynashi mumkinmi?
Albatta, bu yo‘lak IHT a’zo davlatlar hududidan o‘tgani uchun ushbu masalalar ham kun tartibidan o‘rin olgan. Biz ushbu loyihani amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarni taklif qilamiz, chunki bu loyiha, xususan, O‘zbekistondan Mozori Sharifgacha bo‘lgan temiryo‘l loyihasi nafaqat aloqa va savdo-transport munosabatlarini rivojlantirishga, balki IHT a’zosi bo‘lgan, biroq, sharoitdan kelib chiqib uning ishida to‘liq ishtirok etolmayotgan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishga ham xizmat qiladi.