“Kechaning o‘zida 800 ming dollarlik yangi shartnoma tuzdik” – biznes forum ortidan yangi hamkorlar topgan tadbirkor

Iqtisodiyot 15:56 / 09.11.2023 18329

Tadbirkor Sardor G‘afforovning so‘zlariga ko‘ra, sammit unga yangi hamkorlar topish va o‘z mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorlarga chiqish uchun katta imkoniyatlar taqdim qilgan. “Ushbu forum eksport imkoniyatlarimizni kamida 1 mln dollarga oshirishga yordam berishini kutyapmiz”, deydi u.

Kecha, 8 noyabr kuni, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti doirasida “IHT davlatlarida kichik va o‘rta biznes – iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyotning asosiy drayveri” mavzusida 5-biznes forumi bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi. “Abduqodir orzusi” MChJ rahbari Sardor G‘afforovning ta’kidlashicha, forum yangi biznes hamkorlar topish va eksport geografiyasini kengaytirish uchun tadbirkorlarga katta imkoniyatlar taqdim qilmoqda.

“Shu kunga qadar 15 ga yaqin mamlakatga eksport faoliyatini amalga oshirib kelyapmiz. Mana shunday forumlarning O‘zbekistonda o‘tkazilayotganligi bizga katta imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Sababi, oldinlari biznes vakillari bilan yuzma-yuz uchrashuvlarda qatnashish uchun boshqa davlatlarga borish, shu bilan birga, o‘zimizning mahsulotlarimizni ham olib borish noqulayliklar keltirib chiqarardi. Oxirgi yillarda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan biznes forumlarning ko‘payishi eksportyorlar uchun yangi shartnomalar tuzish, yangi sheriklarni topish va mahsulotlarimizni jahon bozoriga olib chiqishda katta imkoniyatlar eshigini ochib beryabdi.

Shu kunga qadar Eron va Turkiya davlati bilan ishlab kelgan bo‘lsak, kechagi forumdan keyin eksport geografiyamizni kengaytirish uchun imkoniyatlar taqdim qilindi. Chunki Ozarboyjon va Turkmanistondan kelgan tadbirkorlar tomonidan ham milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirildi. Bu borada muzokaralar olib borilmoqda. Kechaning o‘zida ular bilan 800 ming dollarlik yangi shartnoma qilishga erishdik. Ushbu forum eksport imkoniyatlarimizni kamida 1 mln dollarga oshirishga yordam berishini prognoz qilyapmiz”, deydi Sardor G‘afforov.

Ko‘proq yangiliklar: