Fermerlarga bir viloyat ichidagi xohlagan klaster bilan shartnoma tuzish imkoni beriladi

Iqtisodiyot 18:30 / 09.11.2023 26171

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 noyabr kungi yig‘ilishda ayrim klaster va fermerlar o‘rtasida hisob-kitob intizomi buzilganini qayd etdi.

20 ta klasterda hisob-kitoblar joyida bo‘lsa, 122 ta klasterning Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi oldida qarzdorligi bor, 27 ta klaster esa fermerlarga 2022 yil paxta hosilidan tegishli mablag‘larni to‘lab bermagan. Shu kabi, fermerlarning ham klasterlar oldida qarzdorligi bor.

Yig‘ilishda shu munosabat bilan klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Har bir viloyatda yangi klasterlarga moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika ta’minoti bo‘yicha talablar qo‘yiladi. Ular kamida ikki bosqichli qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi shart bo‘ladi.

Fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin bo‘ladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60 foiz avans ko‘rinishidagi imtiyozli kreditlar to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerlarga ajratiladi.

Mutasaddilarga klaster va fermerlarni moliyalashtirishning yangi tartibini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bu yil 41 ta klasterda hosildorlik 40 sentnerdan oshgan bo‘lsa, 9 tasida 30 sentnerdan kam bo‘lgan. Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi hisobiga Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10-11 foizdan oshmayapti. Shu bois, kelgusi yildan paxta urug‘chiligi bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi.

Kelgusi yili ball boniteti past, suv og‘ir bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1 tadan tumanda 70-80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish to‘xtatilib, ular urug‘chilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimlariga bu bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Ko‘proq yangiliklar: