«O‘lim guruhi»da chigal vaziyat va «Barsa»da fiasko. YeChLda kun o‘yinlari

Sport 03:18 / 08.11.2023 34744

F guruhi

Milanda aqldan ozgan futbol

«Milan» — «PSJ» 2:1
Gollar:
Leau (12), Jiru (50) — Shkrinyar (9). 
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori, Tiav, Ernandes, Loftus-Chik, Pulishich (Florensi, 90+2), Reynders, Musa (Krunich, 84), Leau (Okafor, 85), Jiru.
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Shkrinyar (Barkolya, 89), Ernandes (Mukiyele, 65), Ugarte (Ruis, 60), Vitinya (Li Kan In, 60), Zair-Emeri, Dembele, Mbappe, Kolo-Muani (Ramush, 60).
Ogohlantirishlar: Vitinya (24), Kolo-Muani (29), Ugarte (43), Ernandes (55), Musa (66), Shkrinyar (80).

«Borussiya», «Nyukasl», «Milan» va «PSJ» kvarteti «o‘lim guruhi» maqomini oqlashda davom etmoqda. YeChLning uch turidan keyinoq barcha jamoalar mag‘lubiyatli o‘yinlar o‘tkazishga ulgurgandi. Boshqa hech bir to‘rtlikda bunaqasi kuzatilmagandi.

Ikkinchi turda Angliyada yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan guruh favoriti «PSJ» Milanda ham yutqazdi va birinchi o‘rinni boy berdi. Bu o‘yin ilk daqiqalardanoq shiddatli tus oldi. Chempionlar ligasida bunday ochiq o‘yin juda kam ro‘y beradi. O‘yin deyarli maydon markazisiz kechdi va 12 daqiqa ichida Stefano Pioli hamda Luis Enrike shogirdlari bir-birining darvozalari sari 10 bor zarba yo‘llashga ulgurdi. «Milan» «PSJ» bilan zarbalar almashib tavakkalchilik qildi. Maydondagi voqealar murabbiylarga qanchalik yoqqanini aytish qiyin, ammo bunday futbol – muxlislar uchun doimo zavq bag‘ishlaydi.

«Milan»da Leau «yondirdi». U mezbonlarning ilk zarbasiga mualliflik qildi va Loftus-Chik uchun ham golli vaziyat yaratdi. Ammo angliyalik futbolchi gol ura olmadi, to‘qqizinchi daqiqada esa standart vaziyatda o‘z darvozasi yaqinida yomon o‘ynadi. To‘p burchakdan uzatib berilganda Markinos uni boshqa bir himoyachi Shkrinyarga tashlab berdi. Ushbu stadion bilan juda yaxshi tanish bo‘lgan slovakiyalik futbolchini darvozabon hududida shunchaki bo‘sh qoldirishgandi: «Inter»ning sobiq a’zosiga eng yaqin turgan Loftus-Chik to‘p kelgan vaqtda nima uchundir undan uzoqlashdi.

O‘yin startida hujum vakillari ham faol o‘ynadi: Mbappe, Kolo-Muani va Dembeleda pozitsion hujumlarda yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Hisob ochilganidan uch daqiqa o‘tib esa Leau yana katta sahnaga chiqdi. Portugaliyalik futbolchi Jiruga pas berib hujumni rivojlantirdi va uni chalqancha zarba bilan yakunlab berdi. Bu epizodda Rafael juda aqlli o‘ynadi, himoyachilar inersiya bo‘yicha darvoza tomon harakatlanishni davom ettirganida tezlikni pasaytirib, uzatmaga moslashdi. Donnarumma parijliklarni qutqara olmadi. «Rossonerilar» fanatlari esa Janluijining ketishini hali ham kechira olmaganini namoyish etishdi va unga qarata soxta pullar sochishdi.

Shundan keyin futbolchilar biroz tin olishdi va to‘p nazoratiga e’tibor qaratishdi. Ammo hatto Mbappega ham yetarlicha kengliklar qoldirildi, u ikki marta yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, shunga qaramay darvozani ishg‘ol eta olmadi, bir vaziyatda shoshqaloqlik qildi, ikkinchisida Menyan ajoyib harakat qildi. Bo‘lim davomida ko‘p marta hal qiluvchi uzatmalar bergan Dembele esa darvoza to‘sinini nishonga oldi. Tanaffusga qadar zarbalar bo‘yicha hisob «PSJ» foydasiga 12:10 ko‘rinishini oldi.

Tanaffusdan keyin ham jamolar ilk daqiqalardan oldinga tashlandi. «Milan» tezda hisobda oldinga chiqib oldi, ammo bu «PSJ» futbolchilarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi. O‘ng qanotdan kross uzatilganda mehmonlar jarima maydoni ichida Leau va Hakimi gazonga quladi, parijlik futbolchilar o‘yin to‘xtalishini kutib bir lahzaga diqqatni yo‘qotishdi, ammo Xesus Xil Mansano hushtagini chalmadi. Teo Ernandesning qanotdan uzatmasini Jiru golga aylantirdi. VAR epizodni tekshirib chiqib, golni bekor qilishga asos topmadi.

Shundan so‘ng «Milan» «PSJ» futbolchilariga umuman bo‘sh hududlar qoldirmadi va minimal ustunlikni saqlab qolishga o‘ynadi. Stefano Pioli esa buni eng yaxshi uddalaydigan mutaxassislardan sanaladi — bu «Milan»ga bir yarim yil oldin chempion bo‘lishga va shu yil bahorda YeChL yarimfinaliga yetib borishga yordam bergan. Mezbonlar yuqori pressingdan voz kechishdi, parijliklar esa pozitsion hujumlar uyushtirishga harakat qilishdi. Lekin Luis Enrike jamoasi ancha vaqtgacha darvozaga zarba berish imkonini ham topa olishmadi. Faqat ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tib «PSJ»ning bo‘limdagi ilk zarbasiga Mbappe mualliflik qildi. «Milan»da barcha mudofaaga yordam berish bilan shug‘ullandi: hatto Leau o‘z jarima maydoni atrofida podkatlar qildi, Jiru to‘pni ikkilanmay uzoqlarga tepib yubordi.

«Milan» o‘yinni ideal darajada quruqlashtirdi va hatto uchinchi golni urib ketishi ham mumkin edi, ammo Donnarumma parijliklar uchun imkoniyat saqlab qoldi. U Teoning jarima nuqtasidan yo‘llagan xavfli zarbasini qaytardi, shuningdek Leauning o‘rniga tushgan Okaforning zarbasidan keyin ham qutqardi. Portugaliyalik futbolchi Shkrinyarning qizilga tortadigan folidan keyin shikastlanib maydonni tark etdi. «PSJ» yo‘lboshchisi Mbappe esa Milan o‘rmonida adashib qoldi (ushbu forvard jami uch zarba, to‘rt aldab o‘tish bilan cheklandi), parijliklarni Li Kan In qutqarishi mumkin edi – koreyalikning zarbasi ustunga tegdi. Yakunda jamoalar jami 33 zarba yo‘llashdi (16:17, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar – 8:6), «Milan» esa baribir munosib g‘alabaga erishdi va F guruhidagi vaziyatni maksimal darajada chigallashtirdi.

«Borussiya» D — «Nyukasl» 2:0
Gollar:
Fyullkrug (26), Brandt (79). 
«Borussiya» D – Kobel, Zyule, Hummels, Shlotterbek, Ryuerson, Zabitser, Brandt, O‘zjan, Nmecha, Adeyyemi (Roys, 81), Fyullkrug (Mukoko, 87).
«Nyukasl» – Poup, Trippiyer, Sher, Lassels, Holl (Almiron, 46), Gimaraes, Longstaff, Uillok (Mayli, 81), Livramento, Joelinton, Uilson (Gordon, 46).
Ogohlantirish: Holl (9).

«Borussiya» nemis klassikasidagi xo‘rlanishdan keyin bir necha kun ichida o‘ziga kela olishiga shubha qilganlar adashdi. «Bavariya» bilan qarama-qarshi yo‘nalishda o‘ynagan dortmundliklar «Nyukasl»ga qarshi juda intizomli o‘yin namoyish etishdi. To‘p go‘yoki «qarg‘alar»ga topshirib qo‘yilgandek ko‘rinayotgandi, keyin esa tezkor qarshi hujumda hisob ochildi, Zabitser tovoni bilan o‘ynab hujumni rivojlantirdi, oxirida Fyullkrugga golli pas berdi.

Jarohatlar tufayli kuchsizlangan mehmonlar esa javob qaytarishga qiynaldi. «Nyukasl»da ham imkoniyatlar bo‘ldi, ammo Livramentoning uzatmasidan keyin Joelinton bir necha metrdan aniq zarba bera olmadi. «Asalarilar» bu fonda samaraliroq bo‘lib chiqishdi va yana bir qarshi hujumda «2 ga 1» vaziyatda Brandt barchasini o‘zi hal qildi. Layv rejimda «Borussiya» birinchi o‘ringa chiqib oldi va endi yakunda ochkolar teng kelib qolgan taqdirda, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra inglizlardan yuqorida joylashadi (1:0, 2:0).

Seshanba kuni mezbon fanatlar ham faol bo‘lishdi. Dortmundliklar ham barcha nemislar kabi an’analar saqlanishi tarafdori va bundesligaga Yaqin Sharqdan katta pullar oqib kelishini yoqtirishmaydi. O‘yin davomida arablarning Yevropa futbolidagi pullariga qarshi aksiya uyushtirildi. Mehmonlar darvozasi atrofiga tribunalardan otilgan o‘nlab oltin quymalar mulyajlari, soxta kupyuralar va pul solinadigan qoplar kelib tushdi, sektorda esa shunday yozuvli banner ko‘tarildi: «Sizni sport qiziqtirmaydi. Siz qayg‘uradigan narsa, faqat — pul».

28 noyabr. «PSJ» — «Nyukasl», «Milan» — «Borussiya» D.

H guruhi

Xavi uchun belgimi?

«Shaxtyor» — «Barselona» 1:0
Gol:
Sikan (40).
«Shaxtyor» – Riznik, Gocholeyshvili, Rakitskiy, Bondar, Matviyenko, Zubkov, Stepanenko (Nazarina, 73), Kriskiv, Sudakov, Sikan (Kelsi, 62), Neverton (Shved, 90+7). 
«Barselona» – ter Stegen, Kanselu, Kristensen, Arauxo, Alonso (Balde, 60), Gundo‘g‘an, Romeu (Pedri, 59), Gavi (Lopes, 81), Rafinya (Yamal, 59), Torres (Felish, 59), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Arauxo (45), Neverton (90+7).

Bu guruhda kunning birinchi o‘yinida sensatsiya qayd etildi — oldingi turlarda yuz foizlik natija qayd etgan «Barselona» birinchi bo‘lim oxirida «Shaxtyor»dan gol o‘tkazib yubordi. Ko‘k-anorranglilarni ukrainlar jamoasi to‘purari Sikan (3 gol)ranjitdi va natijani adolatsiz deb bo‘lmaydi. Katalonsiyaliklar birinchi bo‘limda birorta aniq zarba yo‘llay olmadi, ularning raqib jamoa jarima maydonida to‘pga teginish ko‘rsatkichi (5) Xavi boshqaruvi davridagi eng yomoni bo‘ldi. Bu safar «Barsa»ning kuni emasdi va jamoa futbolchilari 90 daqiqa davomida birorta yaqqol golli vaziyat yuzaga keltira olishmadi.

Holbuki jamoa kamida durang qayd etib, guruh masalasini shu turdayoq hal etishi prognoz qilinayotgandi, lekin Chempionlar ligasida o‘z maydonida 2021 yildan buyon g‘alaba qozona olmay kelayotgan jamoaga mag‘lub bo‘lindi. Xavining turnirning guruh bosqichlaridagi mag‘lubiyatlari soni esa beshtaga yetib ulgurdi, bu «Barselona» murabbiylari uchun  eng yomon natijaning takrorlanishidir. Ammo ijobiy signal ham bor: ko‘k-anorranglilar «konchilar»ga oxirgi bor 2008/09 yillar mavsumida yutqazgan, lekin o‘sha mavsumda tarkibida Xavi ham bo‘lgan jamoa «quloqli» kubokni o‘ziniki qilgandi.

«Portu» — «Antverpen» 2:0
Gollar:
Evanilson (32, penalti), Pepe (90+1). 
«Portu» – Koshta, Mariu, Pepe, Karmu, Sanusi (Sanches, 83), Franku (Namaso, 82), Eushtakiu, Varela, Torimiy (Konseysau, 69), Evanilson (Navarro, 83), Pepe.
«Antverpen» – Lammens, de Lat (Batay, 46), Kulibali, van den Bosx, Veyndal (Korbani, 69), Ekkelenkamp, Yusuf, Vermeren, Kerk (Ejuke, 76), Balikvisha (Muya, 69), Ilenikena (Yanssen, 75).
Ogohlantirishlar: Yusuf (20), Vermeren (45), Karmu (58), Veyndal (62), Konseysau (84).
Chetlatish: Ekkelenkamp (52).

Shu bilan sensatsiyalar limiti tugadi va «Portu» kutilganidek bu turnirni ham juda yomon o‘tkazgan «Antverpen»dan uch ochko oldi. Belgiyaliklar yana Evanilsondan jabrlanishdi, o‘tgan o‘yinda bir bo‘limda het-trik qayd etgan futbolchi seshanba oqshomida penaltini aniq ijro etdi. Portugallar sardori Pepe to‘pni ayni vaqtda guruh bosqichi to‘purari bo‘lib turgan braziliyalikka topshirdi. E’tiborli jihati, 11 metrlik zarbalar — Evanilsonning ustun jihati emas, u bugungi kunga qadar «ajdarlar» safida faqat o‘yindan gol urgan (41), ikki mavsum oldin xato zarba berganidan keyin «nuqta»ga boshqa yaqinlashmagan.

Pepening o‘zi esa qo‘shimcha daqiqalarda bosh bilan zarba yo‘llab darvozani ishg‘ol qildi va yana tarixga kirdi. Endi — 40 yoshu 254 kunligida — portugaliyalik asosiy yevrokubokda eng katta yoshda gol urgan futbolchiga aylandi. Oldingi eng yaxshi natija (38 yoshu 59 kun) Franchesko Tottiga tegishli bo‘lgan.

28 noyabr. «Shaxtyor» — «Antverpen», «Barselona» — «Portu».

G guruhi

Drogbaga va’da va raqibga futbolka

«Manchester Siti» — «Yang Boyz» 3:0
Gollar:
Holand (23 penalti, 50), Foden (45+1). 
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker (Fillips, 61), Diash, Gvardiol, Stounz (Ake, 46), Lyuis, Kovachich (Doku, 80), Grilish, Foden, Nunesh, Holand (Bobb, 61).
«Yang Boyz» – Rachoppi, Janko (Blum, 66), Benito, Kamara, Amenda, Garsiya (Persson, 78), Ugrinich (Males, 88), Lauper, Nyasse, Elia (Ganvula, 78), Itten (Chaiva, 65).
Ogohlantirishlar: Benito (15), Lauper (19), Amenda (77).
Chetlatish: Lauper (53).

Holandning sog‘ligi bilan bog‘liq xavotirlar asossiz bo‘lib chiqdi. Dam olish kunlaridagi o‘yinda Xosep Gvardiola norvegiyalik hujumchisini tanaffusda almashtirgandi, ammo u seshanba kuni boshlang‘ich tarkibda maydonga chiqdi va Chempionlar ligasidagi gollari sonini oshirishda davom etdi. Avvaliga penaltini aniq ijro etdi. Keyin jarima maydoni tashqarisidan yuqori burchakni aniq mo‘ljalga oldi. Ayni vaqtda Erling — YeChL to‘purarlari orasida gollari soni o‘yinlar sonidan ko‘p bo‘lgan yagona futbolchidir. Bu 35 o‘yinda 39 aniq zarba degani.

Birinchi golni nishonlash tarixi ham o‘zgacha kechdi. «Oltin to‘p» topshirish marosimida (Holand Gari Lineker qo‘lidan mavsumning eng yaxshi to‘purariga atalgan Gerd Myullerdan sovrinni qabul qilib oldi) yaqin o‘tmishdagi yana bir forvard Didiye Drogba laureatga shunday savol berdi: keyingi golingni qanday nishonlaysan? Gap Drogba yoki Linekerning uslubidan birini tanlash haqida borardi. Erling bunga javobni maydonda ko‘rishlarini aytgandi va va’dasida turib, afrikalik futbolchining qo‘llarni yonga tushirish holatidagi nomerini takrorladi. Bundan tashqari, Holand «Yang Boyz» himoyachisi Kamarani xursand qildi, u tanaffusda oqshom qahramonining futbolkasini so‘ragandi.

«Tsrvena Zvezda» — «Leypsig» 1:2
Gollar:
Henriks (81, avtogol) — Simons (8), Openda (77). 
«Tsrvena Zvezda» – Glazer, Dragovich, Rodich (Katai, 85), Jiga, Kanga, Ivanich (Olayinka, 69), Hvan In Bom, Miyaylovich (Nedelkovich, 46), Bukari, Luchich (Miyatovich, 78), Krasso (Ndiayye, 46).
«Leypsig» – Blasvix, Henriks, Lukeba, Simakan, Raum, Simons (Karvalyu, 75), Forsberg (Baumgartner, 70), Shlager (Kampl, 84), Aydara (Zayvald, 83), Openda, Sheshko (Klostermann, 70).
Ogohlantirishlar: Miyaylovich (6), Krasso (28), Simakan (49), Ivanich (52), Lukeba (56), Henriks (59), Luchich (73), Olayinka (90+4). 

«Manchester Siti» bilan birga pley-off yo‘llanmasini  «Leypsig» ham o‘zi uchun rasmiylashtirdi, nemislar jamoasining yangi mavsumdagi asosiy qahramoni Chavi Simons yana katta sahnaga chiqdi. Niderlandiyalik futbolchi o‘z darajasini namoyish etib, to‘pni jarima maydonigacha olib bordi va uni burchakka joylashtirdi. Agar Openda ham o‘z imkoniyatlaridan foydalana olganida o‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal qilingan bo‘lardi. Ammo u birinchi bo‘lim oxirida yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi, keyin esa faqat darvozabonning Bukari bilan dueldagi reaksiyasi mehmonlarni javob golidan saqlab qoldi. Openda esa ikkinchi bo‘limda o‘z xatosini tuzatib, dribling hisobiga pressing ostidan chiqib ketgan Shlagerning uzatmasidan keyin ikkinchi golni urdi. Bu gol o‘z vaqtida urilgandi, «Tsrvena Zvezda» ko‘p o‘tmay o‘z golini urdi, o‘yin oxirida esa Blasvih navbatdagi seyvi bilan g‘alabani va yo‘llanmani saqlab qoldi.

28 noyabr. «Manchester Siti» — «Leypsig», «Yang Boyz» — «Tsrvena Zvezda».

Ye guruhi

«Atletiko»ning rekordi

«Atletiko» — «Seltik» 6:0
Gollar:
Grizmann (6, 60), Morata (45+2, 76), Lino (66), Saul (84). 
«Atletiko» – Oblak, Molina (Aspilikueta, 71), Ximenes (Suyunchi, 77), Ermoso, Vitsel, Rikelme (Lino, 65), Koke, Barrios (Lorente, 46), Korrea, Grizmann (Saul, 65), Morata.
«Seltik» – Hart, Jonston, Karter-Vikers, Skeylz, Teylor, Makgregor (Ivata, 71), O`Rayli (Holm, 46), Bernardu (Ternbull, 61), Maeda, Palma (O Xyon Gyu, 46), Furuhasi (Yan Hyon Jun, 61).
Ogohlantirishlar: Palma (36), Suyunchi (90). 
Chetlatish: Maeda (23). 

«Metropolitano»dagi o‘yin Grizmanning benefisiga aylandi, «Seltik» esa birinchi bo‘lim o‘rtalarida Ermosoning oyog‘iga butsasi tishlari bilan zarba bergan Maeda chetlatilgach, raqobat ko‘rsatish imkoniyatini yo‘qotdi. Bu vaqtgacha «Atletiko» hisobni ochib ulgurgandi, qizil-oqlar yetakchisi ilk marta YeChLning qatorasiga uch o‘yinida gol urishga erishdi. Bo‘lim oxirida Grizmanning diagonalidan keyin Ximenes darvoza qarshisidagi Moratani to‘p bilan ta’minladi.

65-daqiqada Diyego Simeone Antuanga dam berish vaqti bo‘ldi, deb hisobladi. Bundan bir necha daqiqa oldin qaychi uslubidagi zarbasi bilan hisobni yiriklashtirgan fransuz futbolchisi olqishlar ostida maydonni tark etdi. Lekin shu kuni «Atletiko»da zaxiradan tushganlar ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Samuel Lino ham o‘zi gol urdi, ham Morataga dublni rasmiylashtirishda yordam berdi, Alvaro gollari sonini 5 taga yetkazdi va turnirning eng yaxshi to‘purarlari poygasida Evanilsondan o‘zib ketdi.

Va nihoyat Linoning u qadar aniq chiqmagan zarbasi Saulga golli pas bo‘lib bordi. Bu epizod tarixga kirdi, chunki «Atletiko» bu vaqtgacha asosiy yevrokubokda 6:0 hisobidagi g‘alabaga erishmagandi. Maksimum 2014 yilda «Malmyo» darvozasiga beshta javobsiz gol yo‘llangan.

«Latsio» — «Feyyenoord» 1:0
Gol:
Immobile (45+1). 
«Latsio» – Provedel, Gabarron, Romanoli, Hyusay (Pellegrini, 78), Alberto, Vesino (Rovella, 78), Kamada (Genduzi, 53), Ladzari, Anderson, Dzakkani (Pedro, 63), Immobile (Kastelyanos, 63).
«Feyyenoord» – Beylo, Niukop (Trauner, 20; Jahonbaxsh, 74), Gansko, Gertryuyda, Hartman, Timber (Milambo, 81), Viffer, Zerruki (Ueda, 81), Stengs, Payshao (Ivanushets, 74), Ximenes.
Ogohlantirishlar: Niukop (1), Vesino (68), Zerruki (70), Viffer (77), Rovella (90+6). 

«Latsio» tarixiy gol evaziga «Feyyenoord»dan revansh oldi. Chiro Immobile uchun bu «burgutlar» safidagi 200-gol bo‘ldi. Provedel esa bu uchrashuvda ham qahramonlik ko‘rsatdi. Ushbu darvozabon turnirda so‘nggi daqiqalarda «Atletiko» darvozasiga gol urib rimliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi, bu safar esa qo‘shimcha daqiqalarda o‘zining birinchi galdagi ishini to‘g‘ri bajarib, bir necha metrdan yo‘llangan zarbani qaytardi.

28 noyabr. «Latsio» — «Seltik», «Feyyenoord» — «Atletiko».

Kun statistikasi

  • «Barselona» hujumchisi Levandovski 6 o‘yindirki gol urmayapti. Bu polyak futbolchisi uchun 2010/11 yillar mavsumidan buyon eng yomon seriya, o‘shanda u «Borussiya» safida o‘n o‘yinda raqiblar darvozasini ishg‘ol eta olmagandi.
  • «Borussiya» Chempionlar ligasida 7 o‘yindirki mag‘lub bo‘lmadi, bu oraliqda faqat bir gol o‘tkazib yuborilgan.
  • «Manchester Siti» YeChLdagi gollari sonini 250 taga yetkazgan 12-jamoa bo‘ldi. «Shaharliklar» bu natijani rekord darajadagi kam 119 o‘yinda qayd etishdi.
  • 37 yoshu 38 kun — YeChLda eng keksa yoshda gol urgan fransuzlar orasida birinchi bo‘lib olgan «Milan» forvardi Jiruning yoshi. Avvalgi rekordchi Loran Blan turnirda oxirgi golini urganida undan ikki oyga kichik bo‘lgan.
  • «PSJ» turnirning guruh bosqichlarida qatorasiga 48 o‘yinni golsiz tark etmadi. Bu XXI asrdagi rekord seriya.
  • Norvegiya vakillari asosiy yevrokubokda urgan gollar soni 200 taga yetdi. Shundan oxirgi 40 tadan 39 tasi Holand hisobiga yozilgan.
Ko‘proq yangiliklar: