“Yosh bolani qabrga qo‘yish juda og‘ir, yurak ezilib ketadi” – go‘rkov hikoyasi

Jamiyat 12:16 / 06.11.2023 49266

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Mo‘yi muborak qabristonida go‘rkov Akromjon o‘g‘li Asilbek bilan qabr qaziydi. 90 yoshli Abduqayum ota ularning ustozi. Usta go‘rkov bilagidan kuchi ketib ishga yaramay qolgan. Lekin u tez-tez qabristonga kelib, indamaslar olamini ziyorat qilib ketadi.

Abduqayum ota kuchdan qolguncha qabr qazidi. Bir nechta qishloqdoshlariga kasbini o‘rgatdi.

“Urush davrida ko‘plar armiyaga chaqirilib, erkaklar qolmagan payt. Bitta brigadada bitta erkak bo‘lardi, kimdir vafot etsa, o‘sha odam bizga o‘xshagan yosh bolalarni chaqirib, qabr qazitardi.

Birinchi marta 14 yoshimda qabrga kirdim. O‘shanda qo‘rqqanman rosti, keyinchalik o‘rganib ketdim. Ichini kovlayotganda tuproq bosib qoladimi deb hayajonlanganman ham. Keyinchalik qabristonni menga topshirishgan, «sen qaraysan» deb. Shu yerda daraxtlar ekib, bog‘ qildim.

Qabr kovlash qiyin ish aslida. Aql bilan ish qilib, qo‘rqmasdan, kuch bilan qilinadi. Hayajonlanmaslik kerak, bo‘lmasa, qo‘rquv bosib kelaveradi. Qabrni tavakkal kovlab qo‘yaveramiz, kimga nasib etsa, o‘sha odam keladi, Ba’zi odamlarning qabrini kovlayotganda tuproq qattiq bo‘ladi, ba’zilari yengil kovlanadi. Yeri yaxshi bo‘lsa, 4-5 soatda ish bitadi, bo‘lmasa ko‘proq vaqt ketadi. Qabrning yeri o‘sha odamning amaliga qarab har xil bo‘ladi.

4 shogirdim bor. Shulardan Akromjon shogirdim bilan o‘g‘li men bilan qolib, qo‘limdan olgan ishlarni. O‘zim ham ishlagim keladi hozir, lekin quvvat yo‘q-da.

Kimningdir qabri yeri qattiq chiqsa, ichimizda saqlab qo‘yamiz, odamlarga aytmaymiz. Chunki gap ko‘payib, har xil fikrlar urchib ketadi. O‘zi go‘rkovlik eng savobli kasblardan. Bergan pulini olamiz, talashmaymiz. Savobi nomamizga. Qabristonni obod qilish uchun ancha mehnat qilganmiz, daraxtlar ekkanmiz, sug‘organmiz.

Mayit qabrga qo‘yilib, ustidan tuproq tortilib, oxirgi odam yetti qadam uzoqlashgach, savol-javob boshlanadi. Qabrdagi tavbalar o‘tmaydi.

Kimdir o‘tib qolsa, bizga kelib aytishadi. Yoshini so‘rab olamiz-da, shunga qarab kovlayveramiz. Mayit kelgach, qabrga qo‘yishda yaqinlari qo‘rqmasa, o‘zlari qo‘yadi, bo‘lmasa biz qo‘yamiz. Qabrda oyoq tomon 10 santimetrcha pastroq qilinadi, tanadagi suv oyoq tomondan chiqib ketishi kerak.

85 yoshimgacha qabr kovladim. Urush davridagi qabristonlar chakalakzor, qamishzorlarda bo‘lardi. Yoshlikda qo‘rquvlar bo‘lardi, bir marta tuproq bosib qolishiga sal qolgan, zo‘rg‘a qochib qolganman.

O‘lim har kimning boshida bor. Baribir shu tuproqqa kiramiz. Rizqimizni boylab, umrimizni belgilab qo‘ygan Parvardigor. Barchasi Allohning irodasi. Hammamizning umrimiz va rizqimizga baraka bersin», – deydi 90 yoshli ota.

Akromjon Erjonov Abduqayum otadan qabr qazish ishlarini o‘rgandi. Hozir esa kasbini 3 o‘g‘liga o‘rgatgan. Yosh bolalarni qabrga qo‘yishdan azobi yo‘q, deydi go‘rkov.

Akromjon Erjonov

«2000 yildan beri qabr kovlayman. Abduqayum bobo ustozim bo‘ladi. Boshida qabrga tushganimda qo‘rquv bo‘lgan, lekin ustozim yonimda turgan dalda bo‘lib. Ishimni ko‘rib, duo qilib ishlarini menga topshirgan.

Qazilayotgan qabrga kim kelishini bilmaymiz. Vazifamiz kovlab qo‘yish. O‘lim — haq, kimdir baribir keladi. Qabrni to‘liq qazmaymiz, boshlab qo‘yamiz yengillashtirib. Xabar kelgach, bitkazib qo‘yamiz. Tuproq ham har xil bo‘ladi, bir joy qattiq, bir joy yengil.

Yoshi katta odamlarni tushunsa bo‘ladi, lekin hech kim «bolam» demasin. Yaqinlari qo‘yishdan qo‘rqsa, mayitni o‘zim qo‘yaman. Yosh bolani qabrga qo‘yish juda og‘ir holat, yuragim ezilib ketadi. Shugina bola yashasa bo‘lardi-ku, degan o‘y o‘tadi. Bolaga qabr kovlamay, deyman, to‘g‘ri, Xudo bergan umr, lekin bolaning o‘limi og‘ir narsa-da. Ko‘nglim og‘riydi. Xudoning irodasi.

Pandemiya davrida juda og‘ir bo‘ldi. Bir kunda 2-3 ta qabr qazgan paytlarimiz bo‘ldi. Vaqti kelsa, kechasi ham kovladik. Ilohim, shu qabr kovlamaylik, deyman, yuraversin hamma.

Oltmish yoshga kirdim. Mahallaga chiqib, bir yigit topib beringlar, degandim, o‘g‘illaringizni yoningizga oling, deyishdi. O‘g‘illarim yordam beryapti endi.

Ba’zi qabrlarga 6-7 soat vaqt ketadi, tuprog‘i qattiq bo‘lsa. Ba’zilariga kamroq. Birinchi ayvonni kovlab olib, keyin lahadga o‘tamiz. Yosh bolalarning qabrini «yorma» deymiz, ko‘pchilik boshqacha tushunadi buni, lekin unday emas, hamma qabr bir xil. Faqat yosh bolaning qabrida lahad kovlashda go‘rkov lahadning ichiga kirmaydi, sig‘maydi chunki, ayvonidan turib kovlayveradi. Baribir og‘ir yosh bolani qabrga qo‘yish. Uning ota-onasi qancha eziladi, vaqt o‘tib bolasi tengilarning to‘yi bo‘layotganda eziladi ota-ona.

Xudo bergan umr, hech kim bilmaydi. O‘zim kovlayotgan qabr o‘zimga buyurar balki. Shu narsalar xayolimdan o‘tadi. Bugun tirik odam ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin, jon — omonat. Bandalar Xudo bergan kunni ko‘raveramiz. Ertani hech kim bilmaydi.

Ko‘pincha o‘lgan odamlar tushimga kiradi, o‘lganini emas, hayotlik paytlarini ko‘raman.

Go‘rkovga bahona yo‘q. Kasalman, vaqtim yo‘q, deyolmaydi. Qabr qazilishi kerak. Vaqtim bo‘lmaydigan yo mazam yo‘q vaziyat bo‘lsa, bir qabrni boshlab qazib qo‘yaman-da, o‘g‘illarimga aytaman bitkazib qo‘yishni.

Bolalarimdan minnatdorman, aytganimni qilishadi. Hayit bayramlari oldidan kelinlarimni olib kelib, tozalattiraman, chiroyli qilib qo‘yishadi. Shuning nonini yeyapmizmi, mehnatini qilib oqlashimiz kerak»,– deydi Akramjon aka.

Asilbek ham otasidan qabr qazishni o‘rgandi. 200 ga yaqin qabr qo‘ydim deydi u.

Asilbek Zokirov

«Kenja farzandman, 5-6 yildan beri otam yonida bo‘lib qabr qaziyman. Birinchi lahadga tushishim 6 yil oldin bo‘lgan. Lahad ichiga tushganimda men ham bir kuni shu yerda yotishimni o‘yladim. 200 ga yaqin qabr kovlaganman hozirgacha.

Ba’zi qabrlar qattiq bo‘ladi, ertalab boshlab asr vaqtigacha olib borgan kunlar bo‘lgan. 4-5 soatda kovlaymiz, oson chiqsa. Lahad og‘zi yopilayotganda biz ham bir kuni shu qorong‘i joyda yolg‘iz qolishimizni o‘ylayman. Kelganlarga ham shuni eslatib qo‘yamiz”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: