"O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi Markaziy bank boshqaruvi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror loyihasida O‘zbekistonda rezidentlar va norezidentlar tomonidan valuta operatsiyalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi qoidalarni soddalashtirish va ayrim tushunchalarga yanada aniqlik kiritish bilan bog‘liq ayrim tahririy va texnik o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan:
- qoidalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan norma va talablar bilan muvofiqlashtirish maqsadida tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda;
- qoidalar rezidentlar va norezidentlar tomonidan faqat valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilashidan kelib chiqib, norezidentlar tomonidan milliy valutadagi hisobvaraqlardan qonunchilikda belgilangan tartibda mustaqil ravishda foydalanilishi belgilanmoqda;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan chet el valutasini sotib olishda xizmat ko‘rsatuvchi banklarga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar aniq belgilab qo‘yilmoqda;
- O‘zbekiston banklaridan olingan chet el valutasidagi kreditlar (lizinglar) bo‘yicha qarzdorliklarni yopish uchun tegishli hisobvaraqlarga o‘tkazilgan milliy valuta mablag‘larini (banklarning mijozlardan undirilgan mablag‘larni) konvertatsiya qilish va mijozlarning chet el valutasidagi qarzlarini undirish banklar tomonidan mustaqil ravishda amalga oshirilishi belgilanmoqda;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan chet el valutasini sotib olish uchun taqdim qilingan buyurtmalarni tijorat banklari tomonidan ko‘rib chiqilishini yanada qulaylashtirish maqsadida, taqdim etiladigan buyurtmalarni xizmat ko‘rsatuvchi bank filiali tomonidan dastlabki nazoratdan o‘tkazish, agar yaqqol kamchiliklar mavjud bo‘lsa ularni bartaraf etish uchun mijozlarga qaytarish mexanizmi amaliyotga joriy qilinmoqda;
- norezident jismoniy shaxslarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida ularning chet el valutasidagi mablag‘larini respublika hududida qonuniy yo‘l bilan topilganini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida ham bank kassasiga qabul qilinishi mumkinligini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda;
- foydalanuvchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida qoidalarning turli bandlarida belgilangan bank kassalaridan naqd chet el valutasini berish tartibi umumlashtirilgan holda, alohida band sifatida kiritilmoqda.