Fransiyaning Orano kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib olish va qayta ishlashga 500 mln dollargacha sarmoya kiritadi. Bu haqda Verona Yevrosiyo iqtisodiy forumida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Spot'ga ma’lum qildi.
Vazir mamlakat Orano bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolaganini qayd etdi. Fransiya kompaniyasi hozirda geologiya-qidiruv ishlarini olib bormoqda, joriy yil oxirigacha loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.
«Strategik kelishuvda [Navoiy viloyatining Tomdi tumanidagi] ikkita qo‘shimcha maydonda bo‘lishi ko‘rsatilgan, ularda [Orano ] geologik qidiruv ishlarini olib boradi. Barchasi, albatta, texnik-iqtisodiy asoslash orqali hal qilinadi, hozircha hammasi ijobiy ketmoqda. Umumiy sarmoyaning jami hajmi shartnomada 500 mln dollargacha qilib belgilangan», — dedi Islomov.
Vazirning qayd etishicha, uran ishlab chiqarishning mavjud hajmlari allaqachon savdo bozorlarini topgan. Yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish hajmi oshishi bilan O‘zbekiston narxlar kon’yunkturasidan kelib chiqib eksport qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, deya qo‘shimcha qildi u.
«Uran bo‘yicha kim bilan ishlashishimizdan qat’iy nazar, biz jahon narxlariga asoslanganmiz. Agar narx ko‘tarilsa, bizda hamma narsa formulalarga bog‘liq va yetkazib berish narximiz ham ko‘tariladi», — deya xulosa qildi vazir.
Islomov joriy yilda barcha yo‘nalishlarda uran eksporti oshganini ma’lum qilib, yetkazib berishni diversifikatsiya qilish muhimligini ta’kidladi.