«Oftob oyim» – vatanga sadoqat haqida hayotiy hikoya

Jamiyat 15:20 / 04.11.2023 20977

Bu hikoya adibning surgunda kechgan hayoti lager-qamoqxonada ko‘rgan-kechirganlari jamlangan «Qorako‘z majnun» nomli to‘plamdan o‘rin olgan. Hikoyada yaponlar va ularning vatani oldidagi burchiga naqadar sodiqligi bayon etiladi.

Said Ahmadning rassomlik qobiliyati bo‘lgani uchun uni chizishga oid yumushlarga mas’ul qilib qo‘yishadi. Unga yordamchi qilib esa Dyun ismli yapon yigitini tayinlashadi. Dyunning yurak o‘ynoqi kasali borligi uchun ham osonroq ishga jalb qilishgandi. Shu kunlarda lagerdagi yaponlar tez-tez to‘planadigan, odatdagidan ko‘ra xursand yuradigan bo‘lib qolishgandi. Said Ahmad buning sababini sherigidan so‘raganida, Dyun yaqinda yaponlar yurtiga qaytarilishini aytadi.

Ammo yozuvchini yana bir jumboq qiynardi. Kirxonada ishlovchi Sudze ismli yigit bor edi. U ham yapon edi-yu, ammo hech yaponlarga qo‘shilmasdi. Ko‘rinishi ham barvasta, baquvvat, qoshlari qaldirg‘och qanotidek chiroyli edi. Har tong quyosh chiqishini kirxona tomida kutib olar, o‘z tilida bir nimalar deb, quyoshga tavallolar qilar edi. Odatdagi tez-tez to‘planishlarning unga ahamiyati yo‘qdek edi.

Qiziqish ustunlik qilib bir kuni Said Ahmad Dyundan Sudze haqida so‘raydi. Ayon bo‘lishicha, Sudze geysha ayolning Portugaliya matroslaridan orttirgan bolasi ekan. Shuning uchun mushaklari baquvvat, gavdali yigit emish. Aslida yapon geyshalari oddiy suyuqoyoq ayollar emas, balki bilimli, o‘qimishli, shirinso‘z, har sohadan xabardor go‘zallar edi. Ular butun vujudi bilan vatani Yaponiyaga xizmat qilar, yurti manfaatlarini har qanday narsadan ustun qo‘yardi. 

Sudze o‘smirlik chog‘idanoq imperator saroyida tarbiya topdi. Eng yaxshi kiyimlarni kiyib, eng yaxshi narsalarni yeb ulg‘aydi. U kamikadzelik uchun yetishtirilayotgandi. Kamikadze esa dushman hududiga samolyotda bomba bilan yuboriladigan va o‘sha bombaga qo‘shilib portlab ketishi lozim bo‘lgan odam edi. Sudze esa bundan bo‘yin tovlaydi. 

Yaponiyada odat shunday ekanki, o‘z burchidan yuz o‘girganlar urilmas-so‘kilmas, bo‘yniga g‘ildirak osib qo‘yilarkan. Ikki qo‘lini ham qo‘shib bog‘lanarkan. Bu g‘ildirak uni na yotish, na biror narsa yeb-ichish, na eshikka sig‘ib, biror uyga kirishga yo‘l qo‘yar ekan. 

Sudzening onasini hamma Oftob oyim deb chaqirardi. U o‘z vaqtida Parijda o‘tkazilgan go‘zallar tanlovida g‘olib bo‘lgan, mamlakatiga shon-shuhrat olib kelgan, o‘zi ham Yaponiya faxriga aylangandi. O‘g‘lining bu qilig‘i unga qattiq ta’sir qildi. Sudze bir necha bor uyga kelganda kirgazmadi. Hammasidan charchagan, qilmishidan pushaymon bo‘lgan yigit o‘zini dengizga cho‘ktirmoqchi bo‘ladi. O‘lishiga bir bahya qolgan chog‘da rus matroslari qutqarib oladi va shu lagerga kelib qoladi. Ammo bu yerda ham uni yaponlar o‘z safiga qo‘shmaydi.

Dyun o‘z tarixini ham aytib beradi. U samuray ekan. Samuray esa asir tushmasligi lozim emish. Ammo u o‘zini chavaqlashga ulgurmay qoladi. Shu sababdan ham vatanidan qon qarz ekanini aytadi. 

Tez orada chindan ham yaponlar ketadigan bo‘ldi. Barcha yaponlar to‘planib turisharkan kirxona tomidan hayqiriq va bo‘kirik ovoz eshitiladi: «Kechir meni, Yaponiyam. Mening vatanim Japon, Japon!» Bu Sudzening ovozi edi. U shunday deya o‘kirgancha o‘zini chavaqlab tashladi. Hamma yaponlar yurtiga qaytarilib, faqat Sudze qolayotgani uning sabr kosasini to‘ldirgan edi...

Oradan 50 yil o‘tgach adib Amerikaga boradi va u yerda lagerda birga bo‘lgan yapon sheriklaridan birini uchratib qoladi. Undan Dyun vataniga oyoq qo‘ygan zahoti tuproq o‘pib jon berganini eshitadi...

Shu qisqagina hikoya yurakni larzaga solib, yaponlar haqida tasavvurlarimizni ancha kengaytiradi. Beixtiyor ularning jondan aziz deb bilgan vataniga muhabbati, sadoqati bilan o‘zimizning vatanimizga bo‘lgan hislarimizni taqqoslab ko‘ramiz...

Ular qanday qilib bu darajada vataniga muhabbatini oshirolgan? Farzandlarini halol, oqil va yurtga fidoyi qilib tarbiyalagan? Korrupsiya, davlat boyliklarini o‘zlashtirish, aldash, amalini suiiste’mol qilish, vatan mulklarini sotib yuborish singari illatlarning qanday qilib oldini ololdi?

Hammasi oddiy va bajarish murakkab bo‘lgan narsadir. Barchasi ongdan boshlanadi. Ular farzandlari ongiga Yaponiya o‘zlarining uyi ekani, fuqarolar esa oila a’zolariligini tushuntirishdi. Odam o‘z uyida o‘g‘irlik qilmaganidek, vatanining mulklarini ham o‘marmasligi lozimligi, uning manfaati uchun ter to‘kishi kerakligi uqtirilgan. 

Eng asosiysi, uqtirganlarning o‘zlari bolalarga o‘rnak bo‘la olgan. Natijada bolalar vatanga xoinlik qilish, uning boyliklariga tajovuz etishni tasavvurlariga ham sig‘dirolmaydigan holatda ulg‘aygan.

Samuraylik yaponlar uchun sharafli vazifa sanaladi. Ular vatan uchun eng shirin va aziz narsasi – jonini fido qilishga hamisha shay turadi. O‘zlarining qoni-yu joni faqatgina Yaponiyalariga tegishli deb hisoblaydi. Shu sababdan ham Dyun joni begona yerlarda, asirlikda sharafsiz holatda chiqishidan qattiq qo‘rqardi.

Sudzeda uchragan holat, ya’ni mas’uliyatdan bosh tortish, sharafli yo‘ldan qaytish hodisasi kamdan kam kuzatilardi. Sudzening qonida portugaliyalik matrosningda qoni oqayotgandi. Bu qonga yaponlarnikichalik vatanga sadoqat xislati singmagandi. Balki shu sababdan ham Sudze bir lahzaga burchidan tonishga jur’at etgandir. 

Lekin alaloqibat baribir Oftob oyimdan o‘tgan vatanga muhabbat tuyg‘usi g‘olib keldi. Yigit «Yaponiya» deya jon berdi.

Oftob oyimning o‘zi yapon ayollarining aksi edi. Uning jasorati, donoligi, mardligi har qancha ulug‘lashga arziydi. Ona uchun bolaning naqadar azizligi barchaga ayon. Ammo mana shu aziz insonining qilmishiga ko‘z yumolmadi. Vataniga bo‘lgan muhabbat-u sadoqati bolasiga bo‘lgan mehrdan ustunroq keldi. Jigarbandi eshigiga chor-nochor kelib tursa-da, ichkariga kiritmadi. Ammo o‘zi ibodatxonaga borib, rohibalikka bel bog‘ladi. Dunyo ishidan qo‘lini yuvdi. Uning qalbida ham onalik, ham yurtiga farzandlik tuyg‘ulari tug‘yon qilardi...

Tuyg‘ularning eng injasi, eng qadrlisi va eng azizi sadoqatdir. Agar bu sadoqat yurtga bo‘lsa, yanayam a’lo. Chunki vataniga sadoqatli va muhabbatli inson faqat va faqat yurtining ravnaqi-yu rivojini istaydi. Uning taraqqiyoti yo‘lida yelib-yuguradi. Jamiyat rivoji uchun hissa qo‘shishga urinadi. Endi tasavvur qiling, hamma fuqaro shunday bo‘lsa-chi? U davlat dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biriga aylanmaydimi? Qisqa muddatda katta sur’atlar bilan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tmaydimi?

Kuch birlikda. Har bir fuqaro o‘z zimmasidagi burchni mas’uliyat bilan bajarsa, ota-onalar farzandlarining ongiga vatanga, uning aqalli bir ko‘chada yotgan toshchasiga-da xiyonat qilmaslikni singdirsa, avvalo, o‘zi o‘rnak bo‘lib bersa, biz ham Yaponiyaning darajasiga erishishimiz mumkin bo‘ladi. 

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: