AQSh Vakillar palatasi Isroilga yordam ko‘rsatishni ma’qulladi
AQSh Kongressi quyi palatasi tomonidan ma’qullangan qonun loyihasida mablag‘ faqat Isroil uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan, Ukraina rejadan o‘rin olmadi. Oq uy hujjatga veto qo‘yish bilan tahdid qildi.

Foto: Reuters
AQSh Kongressining Vakillar palatasi 2 noyabr, payshanba kuni Isroilga Falastinning HAMAS tashkilotiga qarshi kurashida yordam berish uchun respublikachilar tomonidan taklif etilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun quyi palataning 226 nafar a’zosi ovoz berdi, 196 nafari qarshi chiqdi. Endi hujjat ko‘rib chiqish uchun Senatga taqdim etiladi, u yerda qabul qilinsa, AQSh prezidenti Jo Baydenga imzolash uchun yuboriladi.
Vakillar palatasida respublikachilar tomonidan 30 oktyabrda taqdim etilgan qonun loyihasi yangi spiker Mayk Jonson davridagi ilk yirik qonunchilik tashabbusi bo‘lib, faqat Isroilga yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan. Hujjat, jumladan, Isroilning «Temir gumbaz» va «Dovud choponi» havo mudofaa tizimlarini xarid qilish uchun 4 milliard dollar, shuningdek, «Temir nur» tizimini rivojlantirish uchun 1,2 milliard dollar ajratishni nazarda tutadi.
Senatorlar va Bayden qonun loyihasiga qarshi chiqdi
AQSh Kongressi yuqori palatasidagi demokratlar va respublikachilar avvalroq Vakillar palatasi respublikachilarining Ukrainaga yordam bermasdan Isroilga yordam ko‘rsatish rejasiga shubha bildirgan edi. Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell 31 oktyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatda to‘rt mintaqa – Ukraina, Isroil, Tayvan va AQShning Meksika bilan chegarasiga tegishli choralarni qonun loyihasiga kiritish zarurligini ta’kidladi. O‘z navbatida, Senatdagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer Vakillar palatasida taqdim etilgan qonun loyihasini «bema’ni taklif» deb atadi. Agar u quyi palata tomonidan qabul qilinsa, Senatda hech qanday imkoniyati bo‘lmaydi, dedi u jurnalistlarga.
Oq uy AQSh prezidenti Jo Bayden har ikki palatada ovoz berishdan o‘tib, uning ish stoliga yetib borsa ham, hujjatga veto qo‘yishi va imzolashdan bosh tortishi haqida ogohlantirdi. «Ushbu qonun loyihasi Isroil uchun yomon, Yaqin Sharq va o‘z milliy xavfsizligimiz uchun yomon», - deya Reuters Oq uy ma’muriy-budjet boshqarmasi vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan.
Mavzuga oid

22:17 / 21.03.2025
Federal tergov byurosi ichki terrorizmga qarshi kurash bo‘limini qisqartirmoqda

21:41 / 21.03.2025
Tramp tarixdagi eng halokatli samolyot yaratilganini e’lon qildi

20:39 / 21.03.2025
Reuters: BAA AQSh iqtisodiyotiga 1,4 trln dollar sarmoya kiritadi

15:52 / 21.03.2025