Collins English Dictionary «AI» 2023 yilning asosiy so‘zi ekanini e’lon qildi.
AI (artificial intelligence) - bu sun’iy intellektni anglatadigan qisqartma. Lug‘at sun’iy intellekt atamasiga «insonning aqliy jarayonlarini kompyuter dasturlari yordamida modellashtirish» deb ta’rif berdi.
BBC News nashrining Collins direktori Aleks Bikroftga tayanib yozishicha, 2023 yilda e’tibor markazida bo‘lgan texnologiyaning jadal rivojlanishi tufayli AI yil so‘zi sifatida tanlangan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda bu atama to‘rt barobar ko‘proq qo‘llanila boshlangan.
Shuningdek, Collins tomonidan 2023 yil uchun tanlab olingan eng asosiy so‘zlarning qisqa ro‘yxati quyidagilarni o‘z ichiga olgan:
- Deinfluencing - obunachilarni muayyan mahsulotlardan, turmush tarzidan va hokazolardan voz kechish zarurligi haqida ogohlantirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish;
- Nepo baby — karerasi mashhur ota-onasining muvaffaqiyati asosida qurilgan shaxs;
- Canon event - inson shaxsini shakllantirish uchun muhim bo‘lgan voqea;
- Greedflation - korxonalarning narxlarni oshirish maqsadida inflatsiyani bahona sifatida ishlatishi;
- Semaglutide - ishtahani va qonda shakar miqdorini pasaytirish uchun ishlatiladigan dori.
Collins lug‘ati 2022 yilda asosiy so‘z sifatida «permacrisis» ya’ni «doimiy inqiroz»ni tanlab olgan edi.