O‘zbekiston | 21:17 / 31.10.2023
4174
2 daqiqa o‘qiladi

Ichimlik va oqova suv ta’minoti boqichma-bosqich xususiylashtiriladi 

2024 yil 1 yanvardan ichimlik suvi va oqova suvni chiqarib yuborish narxi mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi. 

«Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, «O‘zsuvta’minot» AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 aprelgacha alohida yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi:

- hududiy magistral suv ta’minoti tashkilotlari;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari.

2024 yil 1 yanvardan:

- ichimlik suvi va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi;

- yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi obektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasini inobatga olish talabi o‘rnatiladi. 

Qarorga ko‘ra, 2024–2026 yillarda:

- ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan jami 813 ta mahalla ichimlik suv bilan ta’minlanadi;

- 124 693 ta xonadonga ichimlik suv tarmoqlari uy xo‘jaligigacha yetkaziladi;

- 130 ta aholi yashash punktlarida davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali ichimlik suv ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi;

- 792 090 nafar iste’molchilar ichimlik suv uchun hisoblagichlar bilan ta’minlanadi.

2024 yil 1 iyuldan tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi.

Mavzuga oid