Axborot texnologiyalari sohasi oxirgi o‘n yilliklarda ulkan transformatsiyalarni o‘z boshidan kechirdi va butun hayotimizni o‘zgartirib yubordi. Bulutli texnologiyalar, 5G va internet, milliardlarni qamrab olgan ijtimoiy tarmoqlar, medianing aql bovar qilmas taraqqiyoti... Bu mislsiz kashfiyotlarni yana davom ettirish mumkin. Shubhasiz, butun dunyo miqyosida shov-shuv ko‘tarishga ulgurgan sun’iy intellekt va u bilan bog‘liq holda qalqib chiqqan mutlaqo yangi yo‘nalishlar bu texnologik yangiliklarning eng cho‘qqisi bo‘ldi.
Sun’iy intellekt o‘zi nima? U qanday ishlaydi?
Siz ko‘rib turgan ushbu uskuna sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi. Asosiy vazifasi yangi dori vositalarini yaratish bo‘lgan bu qurilma protein, nukleid, kislota singari kimyoviy moddalar bilan molekulyar darajada (“donalab” deb o‘qisangiz ham bo‘ladi) ishlaydi. Sun’iy intellekt tadqiqotlarni uzluksiz ravishda davom ettirar ekan, ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qilib boradi. Kerakli natijaga erishilmaguncha millionlab variantdagi turli ssenariylarni sinab ko‘radi.
Yangi dori yaratish juda katta mehnat, vaqt va xarajat talab qiladigan ish. Masalan, proteinlar yordamida o‘tkaziladigan tajribalarning muvaffaqiyat ko‘rsatkichi 10 foizdan ham kam. Har bir omadsiz natija esa o‘rtacha 30-200 million dollarga tushadi. Ammo sun’iy intellekt texnologiyalarining kirib kelishi farmatsevtika sohasida ham inqilobiy burilishlar yasamoqda. Ilgari o‘n yillab vaqt sarflangan tadqiqotlar mashina tafakkuri yordamida imitatsiya qilinib, aql bovar qilmas darajada tez va eng muhimi, o‘ta katta xarajatlarsiz ro‘yobga chiqarilyapti. Suratdagi uskunani ishlab chiqqan Atomwize kompaniyasi 10 yil ichida biofarma sohasida dunyo bo‘yicha yetakchilardan biriga aylandi. O‘tgan yili dori ishlab chiqaruvchi gigant Sanofi u bilan 1,2 milliard dollarga teng shartnoma imzoladi.
Bu – sun’iy intellekt texnologiyalari yaratib bergan imkoniyatlarga bitta misol. Bugunga kelib odamlar allaqachon ushbu kashfiyotdan matn (maqola, dissertatsiya va hatto she’r) yozish, rasm/video/audioni qayta ishlash va yangilarini yaratish, murakkab kasalliklarga diagnoz qo‘yish, kompyuter dasturlari yozish, korxonalarni boshqarish, marketing, suhbatlashish, veb-saytlar yaratish singari maqsadlarda foydalanmoqda.
Oddiy so‘zlar bilan aytadigan bo‘lsak, sun’iy intellekt (ingl. Artificial intellegence) – kompyuter tizimlarining shu vaqtgacha insonlarga xos bo‘lgan ijodkorlik va intellektual faoliyatni bajarish qobiliyatidir. U neyron tarmoqlar, mashinani o‘qitish (machine learning), tabiiy tilni qayta ishlash, kognitiv (ongli) hisob-kitoblar, kompyuterning tasvirni ko‘rishi singari fanning o‘ta murakkab yangi yo‘nalishlarini o‘zida birlashtiradi.
Masalan, mashinani o‘qitish texnologiyasi ma’lumotlarni qayta ishlash uchun bilimlarni chuqur “o‘rgana oladigan” kompyuter tizimlaridir. Bu tizimlar uni yaratgan dasturchi yozib bergan algoritmdan chiqib, ulkan ma’lumotlar va tajribalarni mustaqil tahlil qiladi, umumiylik va qonuniyatlarni topadi va shu asosda “bilimini boyitib boradi”. Masalan, hozir butun dunyoda shuhrat qozongan ChatGPTʼni o‘qitishda 570 GB hajmdagi ma’lumotlardan foydalanilgan. Bu esa inson tafakkuri chegaralaridan ancha yuqori ko‘rsatkich. Yil boshida Microsoft kompaniyasi 10 milliard dollar investitsiya kiritgan ChatGPT siz bilan ko‘plab tillarda bemalol suhbat qurishi, maqola yoki she’r yozib berishi mumkin.
Sun’iy intellekt O‘zbekistonda
2021 yilda prezidentning alohida qarori qabul qilinishi ushbu sohadagi ishlarni bir tizimga solish va tashkillashtirish imkonini berdi. Jumladan, “Sun’iy intellektga tayyorlik indeksida O‘zbekiston Respublikasi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Unda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi, energetika, sog‘liqni saqlash, elektron hukumat sohalariga mazkur texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Neyrotarmoqlar, ulkan ma’lumotlar (Big Data), sun’iy intellekt imkoniyatlari davlat tizimlarida ham bosqichma-bosqich joriy qilina boshlandi. Ular orasida ko‘lami jihatidan butun mamlakatni qamrab olgan MyID tizimini aytib o‘tish mumkin. Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda 23 ta bank, 5 ta yirik davlat tashkiloti ushbu tizimdan doimiy foydalanmoqda, ro‘yxatdan o‘tganlar soni esa 2,5 millionga yetdi.
MyID birinchi navbatda shaxsni biometrik identifikatsiyalash imkonini beradi va natijada jarayonga ketadigan vaqtni 1 soniyaga tushiradi, hujjatlarni tekshirish butkul avtomatlashadi.
Yana bir o‘ziga xos loyiha – qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlari monitoringi loyihasi doirasida kosmosdan va dronlar bilan olingan suratlar, real vaqt rejimida to‘planadigan ma’lumotlar asosida dalalar sun’iy intellekt yordamida monitoring qilinib, ularning geoaxborot tizimi yaratildi.
Biroq kadrlar muammosi hamon ushbu yo‘nalishdagi eng muhim masaladir. 2022/2023 o‘quv yilidan “Sun’iy intellekt” yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bo‘yicha jami 6 ta oliy ta’lim muassasalarida 245 ta kvota ajratildi. Shuningdek, alohida “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” doktorantura yo‘nalishi ochilganini qayd etish lozim.
Prezident qarori asosida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Soha bo‘yicha fan doktorlari, turli yo‘nalishlardagi yetuk mutaxassislarni o‘zida jamlagan muassasa katta ilmiy salohiyatga ega va bundan foydalanmoqda ham. Ikki yil ichida institut tomonidan Orolbo‘yi mintaqasining atrof-muhit va ekologik holatini monitoring qilish hamda nutq signallarini qayta ishlash asosida shaxsni tanib olish bo‘yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqildi.
Hozirda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda, o‘zbek tilida o‘tkazilgan yig‘ilishlarni stenogramma qilish, yer yuzasi tasvirlarini qayta ishlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi energotizim ma’lumotlarini tadqiq qilish singari loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Albatta, bu ishlar o‘z natijasini ko‘rsata boshladi. Hayotimizda har kuni duch keladigan davlat axborot tizimlari faoliyatidagi jiddiy o‘zgarishlarga o‘zimiz guvoh bo‘layotganimizdek, O‘zbekistonning bu boradagi ko‘rsatkichlari xalqaro reytinglarda ham yaxshilanmoqda.
Manba: Oxford Insighs.
Buyuk Britaniyaning “Oxford Insighs” tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan “Government Artificial Intelligence Readines Index”da ko‘rsatilgan statistika bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi 2019 yilda 158-o‘rinni, 2020 yilda 95-o‘rinni, 2021 yilda 93-o‘rinni va 2022 yilda 79-o‘rinni (181 ta davlat ichida) egallagan.
Muammolar va xatarlar
Yaxshi o‘zgarishlar bilan bir qatorda hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham talaygina. Shu jumladan:
- Haligacha o‘zbek tilidagi matnni tekshiradigan (faqat so‘zlarning to‘g‘ri yozilganini emas, balki stilistik jihatdan ham) dastur yo‘q. Bugungi kunda sun’iy intellekt yordamida ishlovchi bunday dastur ko‘plab tillar uchun yaratib bo‘lindi.
- O‘zbek tilidagi audioni matnga aylantirish (Speech-to-Text) bo‘yicha mukammal ishlovchi texnologiyani ishlab chiqish zarur. Bunday instrument ta’lim, tibbiyot, davlat organlari faoliyati, sud majlislari va boshqa ko‘plab sohalarda katta samara berishi mumkin. Qayd etish kerakki, o‘zbek tilidagi audioni matnga aylantirish g‘oyasi ustida Google, Microsoft, Mozilla kompaniyalari bir necha yildan beri ish olib bormoqda.
- GPT texnologiyalarni o‘zbek tilida joriy qilish bo‘yicha ancha orqada qolib ketganmiz. Asosiy sabab – internetda o‘zbek tilidagi badiiy va ilmiy materiallarning boshqa tillardagiga nisbatan juda kamligidir.
Sun’iy intellektning xatarlariga kelsak, bunday tortishuvlar avjiga chiqqaniga ancha bo‘ldi va ular asosan xavfsizlik, inson huquqlari va erkinliklariga daxldor. Jiddiy xavf-xatar sifatida quyidagilarni alohida aytib o‘tish mumkin:
- Avtomatlashtirilgan hujumlar. Bunda turli kiberhujumlar, axborot xurujlarini SI yordamida amalga oshirish imkoniyati nazarda tutiladi.
- Ma’lumotlarni qalbakilashtirish va firibgarlik. Ya’ni ushbu texnologiyaning cheksiz imkoniyatlaridan foydalangan holda, jamoatchilik fikriga, qarorlar qabul qilish va saylovlar jarayoniga ta’sir ko‘rsata oladigan yolg‘on axborotlarni tarqatish (yaqinda tarqalgan Vladimir Putinning arab tilida gapirgan videosini eslang. Bu – istalgan shaxsni istalgan tilda va har qanday matn bo‘yicha “gapirtira oladigan” DeepFake texnologiyalar ishi).
- Ta’lim tizimiga zarar. ChatGPT erasida insondan qolishmaydigan darajada mukammal ilmiy matn yoza oladigan kompyuter tizimlarining maydonga chiqishi va qisqa vaqt ichida millionlab talabalar, tadqiqotchilar orasida ommalashishi dunyo ta’lim tizimida akademik halollik tushunchasiga tahdid qilmoqda. Kurs ishining talaba emas, balki ChatGPT tomonidan yozilganini ajratib olish imkonsiz darajaga yetdi va bu, umuman, ta’lim jarayonining maqsad-muddaosini yo‘qqa chiqaradi.
- Shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi muammosi. SI yordamida ulkan miqyosda personal ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va uzatish xavfi mavjud. Xususan, u odamlarning xulq-atvori, xohishlari, hissiyotlari va salomatligini tahlil qilishda qo‘llanishi mumkin.
- Ishsizlik muammosi. SI juda ko‘plab takrorlanuvchi vazifalarni bajarishi mumkin. Ko‘plab ilg‘or kompaniyalar ma’lumot kiritish yoki mijozlar bilan muloqot singari lavozimlarni qisqartirib, sun’iy intellektdan foydalanmoqda. McKinsey tadqiqotlarida aytilishicha, 2030 yilga borib robotlar kamida 30 foiz, ya’ni 400 dan 800 milliongacha insonlar mehnatining o‘rnini bosadi. Ha, bu ulkan va xavotirli raqam. Ammo insoniyat tamudduni tarixidan bizga ma’lumki, g‘ildirakning kashf etilishidan tortib, elektr energiyasi, po‘lat quyish, yozuv mashinkasi, ichki yonuv dvigateligacha – har qanday yangilik o‘z davrining ko‘plab kasblarini yo‘q qilgan bo‘lsa-da, undan bir necha baravar ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratilishiga sababchi bo‘lgan.
- Mas’uliyat masalasi. Avtonom ishlovchi SI tizimi odamlarga yoki atrof-muhitga zarar yetkazgan taqdirda, bunga kim javob berishi kerak? Bu yerda SI xatti-harakatlarining yuridik va axloqiy oqibatlari haqida so‘z bormoqda. Masalan, haydovchisiz boshqariladigan taksi avariya sodir etsa, bunga kim javob beradi?
Bu texnologiyalar mashina va inson o‘rtasidagi chegarani qayta chizib, ijod va yaratuvchilik jarayonini radikal ravishda o‘zgartirib yubordi. Ammo buni xavf emas, balki cheksiz imkoniyat deb qabul qiluvchi sun’iy intellekt tarafdorlari hozircha ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Dunyo ilmiy hamjamiyati, siyosatchilar, butun jamoatchilikni eng ko‘p tashvishga solayotgan xatar esa qachondir sun’iy intellekt o‘zini o‘zi rivojlantirib, inson ongiga ta’sir ko‘rsata olish qobiliyatiga ega bo‘lishi va butun dunyoni nazoratga olishi haqidagi gipotezadir. Ammo bu endi boshqa maqola uchun mavzu.
Botir G‘ofurov,
jurnalist