Markaziy bank boshqaruvi 26 oktyabr kuni “Pul-kredit siyosatining 2024 yil va 2025-2026 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ni konseptual jihatdan ma’qulladi.
MB raisi Mamarizo Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjatga Markaziy bankning quyidagi yo‘nalishlardagi o‘rganishlari va tadqiqotlari ilova qilinmoqda:
- uzoq muddatli barqaror o‘sishni ta’minlashda fiskal intizomning roli;
- xorijiy valutadagi omonatlar va kreditlarning jozibadorligi pasayishi;
- real ish haqi va mehnat unumdorligi o‘rtasidagi munosabat o‘zgarishlarining inflatsiyaga bosimi;
- chakana kreditlar yuqori o‘sish sur’atlarining aholining qarz yukiga ta’siri.
“Eng asosiysi – umumiy muvozanat modeli, ya’ni davlat xarajatlari ortishining iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri, budjet xarajatlari o‘sishining mamlakat tashqi savdo balansiga ta’siri va bir qator qo‘shimcha o‘zimizning Markaziy bank tadqiqotlari va o‘rganishlarini ham shu asosiy yo‘nalishlarda ilova sifatida bermoqdamiz.
Bu sizlarga pul-kredit sohasidagi qarashlaring, fikrlashlaring shakllanishiga ma’lum bir jihatdan to‘g‘rilanishiga imkon beradi degan umiddamiz”, – dedi Nurmurodov 26 oktyabr kungi matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, pul-kredit siyosatining yaqin istiqboldagi asosiy yo‘nalishlari loyihasi keyingi hafta keng jamoatchilik fikrini olish uchun e’lon qilinadi.
“Hujjat borasida sizlarning takliflaringiz va tavsiyalaringiz uni yanada takomillashtirishda, ichidagi mazmun-mohiyatini xalqqa yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Takliflaringiz va tavsiyalaringizni kutib qolamiz”, – dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
O‘zbekiston Markaziy banki 2019 yil oxiridan inflyatsion targetlash rejimiga o‘tgan, uning doirasida inflatsiyani 2024 yilda 5 foizga tushirish maqsad qilingan edi. Mamarizo Nurmurodov matbuot anjumanidagi nutqida bu targetga erishish muddatining 2025-2026 yillarga uzaytirilayotgani “juda ko‘p omillar bilan bog‘liq”ligini aytdi.
Iqtisodchilar inflatsiyani jilovlash uchun hukumat fiskal intizomga rioya etishi kerakligini aytadi, biroq oxirgi yillarda davlat xarajatlarining oshib borayotgani sabab budjet taqchilligi borasida qonunda belgilanayotgan limitlarga rioya etilmayapti. Markaziy bank hukumatni iqtisodiyotdagi narxlar barqarorligini saqlash uchun bu limitga amal qilishga chaqirib keladi.
MB tomonidan ishlab chiqilgan, kelgusi uch yillik makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar shakllanishining asosiy ssenariysiga ko‘ra, inflatsiyani 5 foizga tushirish muddati 2025 yilning ikkinchi yarmi deb belgilanmoqda. Muqobil ssenariyda esa bu maqsadga erishish 2026 yil oxirigacha kechikishi mumkin.
Inflatsiya darajasi 2023 yilda 8,5–9,5 foiz, 2024 yilda 8–9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinyapti.