Maguayr va Onana qahramonlik ko‘rsatdi, Bellinghemni to‘xtatib bo‘lmayapti. YeChLda kun o‘yinlari

Sport 02:19 / 25.10.2023 31118

A guruhi

«Bavariya»ning rekordi

«Galatasaroy» — «Bavariya» 1:3
Gollar:
Ikardi (30, penalti) — Koman (8), Keyn (73), Musiala (79). 
«Galatasaroy» – Muslera, Boe, Bardakchi, Sanches, Karatash (Anxelinio, 75), Oyxon (Ndombele, 80), Torreyra, Zaa (Ziyosh, 75), Oqturko‘g‘li (Yilmaz, 75), Tete (Mertens, 56), Ikardi.
«Bavariya» – Ulrayh, Mazraviy (Sarr, 78), de Ligt, Kim, Devis, Kimmih, Laymer, Koman (Tel, 83), Sane, Musiala, Keyn (Shupo-Moting, 83).
Ogohlantirishlar: Sane (14), Laymer (32), Tete (53), Oyxon (62), Devis (90).

«Galatasaroy» ilk daqiqalardan oldinga tashlandi, ammo «Bavariya» ilk yaxshi hujumidanoq mezbonlar mudofaasini yorib o‘tib, qulay pozitsiyaga chiqib borgan Koman hisobni ochdi. Bu tajribaning yaqqol ko‘rinishi edi, fransuz futbolchisi asosiy yevrokubokda qatorasiga yetti o‘yinda gol urmoqda. Ammo tezkor gol Istanbulda oson g‘alaba qozonishni kafolatlay olmasdi.

Birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra zarbalar bo‘yicha ustunlik «Bavariya» foydasiga emasdi — 3:16. Ikardi esa bittadan ko‘proq gol urishi mumkin edi, ammo u faqat o‘zi ishlagan penaltini aniq ijro etish bilan cheklandi. Bunday o‘yinda panenka zarbasi yo‘llash —kuchli raqibga qarshi yaxshi ma’nodagi beadablik bo‘ldi.

Ammo tanaffusda Tomas Tuxel ideal ish olib bordi. Ikkinchi bo‘limda «Bavariya» mudofaada ishonchli, hujumda esa tajovuzkorroq o‘ynay boshladi. Avvaliga Musleraning jarima maydoni ichidagi uzatmasidan keyin Keyn tovoni bilan to‘pni darvozaga yo‘llashga urindi, zarba himoyachidan qaytganidan keyin ham angliyalik hujumchi uni darvoza to‘riga yo‘llashni uddaladi va bu vaziyat o‘yinda burilish yasadi. Biroz o‘tib Musiala Keynning uzatmasini golga aylantirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Sherlar»ning yevrokuboklardagi sakkiz o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi yakunlandi, «Bavariya» esa turnirning guruh bosqichida 37 o‘yindirki yutqazmayapti va qatorasiga 16 o‘yinda g‘alaba qozondi. Myunxenliklar YeChL rekordlarini yaxshilamoqda, seshanba kuni yana bir rekord yangilandi. Bungacha hech bir jamoa qatorasiga sakkiz safar uchrashuvda g‘olib chiqmagandi — «Yuventus»ning bu boradagi natijasi eskirdi.

«Manchester Yunayted» — «Kopenhagen» 1:0
Gol:
Maguayr (72). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Larsson (90+7). 
«Manchester Yunayted» – Onana, Dalot, Varan, Maguayr, Regilon (Lindelyof, 63), Fernandesh, Amrabat (Eriksen, 46), Maktominey, Antoni (Garnacho, 63), Reshford, R.Hoylund (Marsiyal, 86). 
«Kopenhagen» – Grabara, Ankersen, Vavro, Diks, Yyelert (Sorensen, 77), Falk, Lerager, Gonsalvesh (Larsson, 85), Elyunussi, Klasson (Ouskarsson, 76), Ashuri (O.Hoylund, 90+1). 
Ogohlantirishlar: Fernandesh (80), Maktominey (90+5). 

«Old Trafford»da klub va jahon futboli afsonasi Bobbi Charlton bilan ta’sirli vidolashuv bo‘lib o‘tdi. Bu o‘yindan oldingi marosimga ham, muxlislarning arena oldidagi aksiyasiga ham taalluqli. Ammo bu yetarli emas va jamoadan g‘alaba qozonish talab etilardi, dastlabki turlardagi ikki mag‘lubiyat tufayli «MYu» jar yoqasiga kelib qolgandi. «Qizil iblislar»ning birinchi bo‘limdagi kam sonli vaziyatlari golgacha yetib bora olmadi, ularning o‘zini esa darvoza ustuni goldan saqlab qoldi.

Ikkinchi bo‘lim ham Onananing seyvi bilan boshlandi va umuman olganda «Kopenhagen» safarda ancha dadil o‘yin namoyish etdi. Yakunda «MYu»ning so‘nggi vaqtlarda eng ko‘p tanqid qilinayotgan futbolchilari qahramonga aylandi. Birinchidan, bir yarim yildan buyon gol urmagan va faqat ko‘p sonli jarohatlar tufayli tarkibga qaytgan Maguayr Eriksenning uzatmasidan keyin boshi bilan zarba yo‘llab darvozani ishg‘ol qildi. Ikkinchidan, o‘yinga qo‘shib berilgan vaqtlarda Maktominayning jarima maydoni ichidagi folidan keyin belgilangan penaltini Onana bartaraf etdi.  Erik ten Hag jamoasi kurashda qoladi.

8 noyabr. Bavariya — Galatasaroy, Kopenhagen — Manchester Yunayted.

B guruhi

Sevilyada brazillar kuni

«Sevilya» — «Arsenal» 1:2
Gollar:
Gudel (58) — Martinelli (45+4), Jyezus (53). 
«Sevilya» – Nyuland, Navas (Huanlu Sanches, 79), Ramos, Gudel, Akunya, Rakitich, Okampos, Sou (Mariano Dias, 57), Sumare, Lukebakio (Lamela, 57), An-Nosiri.
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Tomiyasu, Jorjinio, Edegor (Haverts, 73), Rays, Martinelli (Kivior, 90+1), Saka (Trossar, 81), Jyezus (Nketia, 81).
Ogohlantirishlar: Mariano (67), Jorjinio (68), Lamela (76).

«Ramon Sanches Pisxuan» uchun noodatiy bo‘lgan yomg‘irli o‘yin boshida «Arsenal» avvaliga o‘z vaziyatlarini ko‘kka sovurdi, ammo — shu kungi uchrashuv ishtirokchilarining ko‘pchiligidan farqli o‘laroq — tanaffusgacha baribir gol ura oldi. Arbitr tomonidan birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda YeChL debyutanti Gabriel Martinelli qarshi hujumda hisobni ochdi. Braziliyalik futbolchi unikal natija qayd etmoqda, u «kanonirlar» safida Yevropa Ligasi, APL va Angliya ligasi kubogidagi ilk o‘yinlarida ham gol urgandi. Qolaversa, u ko‘hna qit’aning asosiy yevrokubogida gol urgan 232-braziliyalikka aylandi.

Seshanba kuni Sevilyadagi o‘yinda Braziliya vakillari o‘zini ko‘rsatishdi. Hisobni ochuvchi golda asosiy ishni bajargan Gabriel Jyezus ikkinchi bo‘lim boshida yorqin solo namoyish etib, faxriy futbolchi Xesus Navasni (shunchalik faxriyki, u ushbu jamoalarning YeChLda 2007 yilda bo‘lib o‘tgan oxirgi o‘zaro uchrashuvida ham qatnashgan) dog‘da qoldirib, to‘pni uzoq «to‘qqizlik»ka joyladi. Bu shedevr g‘alaba goliga aylandi, «Sevilya» qolgan vaqt davomida tashabbusni qo‘lga olib o‘ynagan bo‘lsa-da, faqat bitta gol bilan javob qaytara oldi, Rakitichning burchakdan uzatmasini Gudel bosh bilan darvoza to‘riga yo‘lladi.

«Lans» — PSV 1:1
Gollar:
Vai (65) — Bakayoko (55). 
«Lans» – Samba, Gradi, Danzo, Medina, Machado (Aydara, 82), Frankovski, Mendi (Koshta, 63), Fyuljyeni (Tomasson, 63), Abdul Samad, Sotoka (Said, 63), Vai (Gilavogi, 72).
PSV – Benites, Teze, Ramalio, Boskali, Dest, Shauten, Verman, Tillman (Saybari, 71), Losano (Vertessen, 82), Bakayoko (Til, 82), de Yong.
Ogohlantirishlar: Ramalio (30), Mendi (52), Boskali (70), Pepi (90+3), Abdul Samad (90+3), Said (90+4), Tomasson (90+4).

Darvoza to‘sini va ustunlariga zarbalar yo‘llangan, darvozabonlar seyvlari kuzatilgan va ancha tomoshabop kechgan o‘yinda kuchlar teng keldi. PSV safida Belgiya milliy jamoasiga muntazam chaqiruv olayotgan 20 yoshli Bakayoko o‘z nomiga gol yozib qo‘ydi. Eyndhoven klubida bungacha undan yoshroq gol muallifi 2004 yilda 19 yoshli Jyefferson Farfan bo‘lgandi. Ammo «Lans»da ham qahramon topildi, yozda jamoaga kelib qo‘shilgan Vai to‘pni to‘xtatmay zarba yo‘llab, muvozanatni tikladi, bu uning YeChLda qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urishi bo‘ldi. Endi fransuzlar ochkolarini 5 taga yetkazib, «Arsenal»dan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

8 noyabr. Arsenal — Sevilya, PSV — Lans.

S guruhi

Bellinghemda yana gol

«Braga» — «Real» 1:2
Gollar:
Jalo (63) — Rodrigo (16), Bellinghem (61). 
«Braga» – Mateus, Mendes (Fonseka, 73), Niakate, Saatchi, Borxa, Al Musrati (Moutinio, 78), Karvalio (Bruma, 66), Salasar, Orta, Jalo, Banza (Ruis, 67).
«Real» – Arrisabalaga, Karvaxal, Nacho, Ryudiger, Garsiya (Mendi, 75), Modrich, Valverde, Kamavinga, Bellinghem (Vaskes, 89), Vinisius, Rodrigo (Tchuameni, 71).
Ogohlantirish: Kamavinga (72), Nacho (90+3). 

«Real»ni «Braga» maydonida oddiy bo‘lmagan o‘yin kutayotgandi. Odatda raqib jarima maydonidagi harakatlari bilan o‘zini ko‘rsatadigan Bellinghem xavfli zarbani to‘sishiga va madridliklarni goldan qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Bunday xavfli vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi, ammo bu vaziyatlarda yoki portugallar vaziyatlaridan foydalana olmadi yoki Kepa jonbozlik ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, shu kuni sardorlik bog‘ichini taqib tushgan Nacho nafaqat himoyadagi o‘z ishini bajardi, balki uzun pas bilan golli hujumni boshlab berdi, uning yakunida Vinisius Junior qanotdan uzatgan to‘pni Rodrigo darvoza to‘riga mixladi. E’tiborli jihati, ushbu ikki braziliyalikda ham YeChLdagi gollari soni 16 taga yetdi. «Real»ning yana sobiq to‘rt futbolchisida, jumladan Roberto Karlosda shunday ko‘rsatkich bor. Ularning barchasi madridliklarning asosiy yevrokubokdagi to‘purarlari o‘nligiga kiradi.

Agar hozirgi sur’atda davom etsa — Bellinghem ham juda qisqa vaqt ichida u yerda paydo bo‘lishi mumkin. Angliyalik futbolchi turnirning guruh bosqichidagi dastlabki uch o‘yinning har birida o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi (bungacha bunday natija faqat Karambe tomonidan qayd etilgandi). Seshanba oqshomida ham Jud bu ishni o‘z vaqtida amalga oshirdi (u bu mavsumda madridliklar safida barcha turnirlar doirasidagi 12 o‘yinda 11 gol urdi), golga haqli o‘ynagan «Braga» ham chiroyli kombinatsiyani Jaloning aniq zarbasi bilan yakunladi. Shundan keyin ham mezbonlar qator vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo favorit g‘alabali hisobni saqlab qoldi, portugallar esa — dadil o‘yin uchun olqishlarga sazovor.

O‘yin oxirida mojaro yuzaga kelib chiqdi, Ryudigerning versiyasiga ko‘ra, mezbonlar zaxira o‘rindig‘idagi murabbiylardan biri unga nisbatan irqchilik qilgan. Karlo Anchelotti o‘yindan keyin Ryudigerni tinchlantirish qiyin bo‘lganini qayd etdi.

«Union» Berlin — «Napoli» 0:1
Gol:
Raspadori (65). 
«Union» – Rennov, Trimmel, Knohe, Leyte, Duki (Tuzar, 79), Gozens, Xedira (Kral, 70), Haberer (Folland, 79), Aaronson (Layduni, 70), Bekker, Fofana (Berens, 70).
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Natan, Ruy (Olivera, 71), Lobotka, Zelinski, Kayuste (Elmaz, 46), Politano (Lindstrem, 81), Kvaratsxeliya (Ostigar, 89), Raspadori (Simeone, 71).
Ogohlantirishlar: Trimmel (10), Rrahmani (17), Gozens (51), Haberer (53).

Jarohat olgan Osimhensiz qolgan «Napoli» Kvaratsxeliyaning sa’y-harakatlari evaziga g‘alaba qozondi. Gurjistonlik vingerning jarima maydoniga uzatmasi manzilini topmagandi, ammo to‘p yana chap qanotga qaytib keldi va Xvicha ikkinchi urinishda yorqin solodan keyin Raspadorini qulay vaziyatga chiqardi. Xvicha klubi va milliy jamoa safidagi to‘rt o‘yinda 6 ball (4+2) to‘pladi, italiyaliklar jamoasi esa kutilganidek madridliklardan keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda.

8 noyabr. Napoli — Union, Real — Braga.

D guruhi

«Inter» o‘z darajasini saqlab qolmoqda

«Inter» — «Zalsburg» 2:1
Gollar:
Sanches (19), Chalxono‘g‘li (64, penalti) — Glux (57). 
«Inter» – Zommer, Dumfris (Darmian, 65), de Vrey, Pavar, Bastoni, Karlos Augusto, Mxitaryan (Barella, 46), Chalxono‘g‘li (Aslani, 76), Frattezi, Sanches (Tyuram, 65), Martines (Klassen, 85).
«Zalsburg» – Shlager, Dedich, Sole, Pavlovich, Ulmer, Bidstrup (Konate, 72), Suchich, Kiyergor (Dorjyeles, 72), Gurna-Duat (Kapaldo, 85), Glux (Amankva, 85), Shimich (Ratkov, 71).
Ogohlantirishlar: Shimich (23), Mxitaryan (28), Gurna-Duat (29).

O‘tgan mavsum finalchisi saviya hisobiga g‘alaba qozondi. Buni birinchi gol yaqqol namoyish etdi, Mxitaryanning aqlli harakati tufayli Aleksis Sanches «Inter»ga qaytganidan keyingi ilk golini nishonladi. 34 yoshli forvard YeChLdagi gollari sonini 16 taga yetkazib, vatandoshi Arturo Vidalni ortda qolgan holda bu turnirdagi eng samarali chililikka aylandi.

Ha, «Zalsburg» favoritga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va hatto javob golini urishga erishdi, Shimich o‘ng qanotda ancha orqadan uzatilgan to‘pga yetib bordi va uni o‘rtaroqqa tashlab berdi, 19 yoshli isroillik Glux esa to‘pga to‘xtatmay zarba berdi. Birinchi bo‘limda ko‘plab vaziyatlarni yo‘qqa chiqargan «neradzurrilar» darhol reaksiya qilishdi. Frattezi penalti ishladi, Xoqon Chalxono‘g‘li uni aniq ijro etdi. Lautaro Martinesning goli mikroskopik ofsayd tufayli bekor qilingach, o‘yin oxiriga qadar keskinlik saqlanib qoldi.

«Benfika» — «Real Sosiyedad» 0:1
Gol:
Mendes (63).
«Benfika» – Trubin, Ba (Shikiniyu, 81), Otamendi, A.Silva, Yurasek (Bernat, 59), Joau Mariu (Kekchyu, 46), R.Silva, Eursnes, Joau Nevesh, Neres (Gouveyya, 69), Musa (Artur, 46).
«Real Sosiyedad» – Remiro, Traore (Elustondo, 70), Le Norman, Subeldiya, Munyos, Mendes, Merino, Subimendi, Kubo (Fernandes, 76), Oyarsabal (Cho, 90+2), Barrenechea (Zaxaryan, 76).
Ogohlantirishlar: Elustondo (71), Merino (75), Bernat (77).

«Benfika» guruh bosqichining oldingi ikki turida birorta ochko ololmagandi, shunday ekan jamoadan hujumkor futbol ko‘rsatish talab etilardi. Mezbonlar tezkor golni ham urishdi, ammo ofsayd tufayli bekor qilindi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida basklar ham lissabonliklar darvozasini ishg‘ol etdi, ammo Brais Mendesning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi — arbitrlar unda ham o‘yindan tashqari holatni qayd etishdi.

Birinchi bo‘limda boshqa vaziyatlar ham yetarlicha bo‘ldi — Trubin qo‘riqlayotgan darvoza atrofida ham, Remironing jarima maydonida ham. Ammo ijrochilarga aniqlik yetishmadi: Kubo raqiblarni driblinglari bilan dog‘da qoldirdi, ammo ko‘p vaziyatlarni sovurdi. 

52-daqiqada «Real Sosiyedad» tayanch yarimhimoyachisi Subimendi burchakka kuchli zarba yo‘lladi, ammo Trubin o‘zini ko‘rsatdi. Mehmonlar vaqt o‘tgan sari golga yaqinlashardi va baribir o‘z maqsadiga erishdi.

«Benfika» hayron qoldirdi: YeChLning o‘tgan mavsumi chorakfinalchisi g‘alaba zarur bo‘lgan holatda ikkinchi raqam ostida harakatlandi va raqibga to‘pga egalik qilish bo‘yicha ikki barobar ustunlikka erishishga yo‘l qo‘ydi. 63-daqiqada «Sosiyedad» g‘alaba golini urdi: portugallar jarima maydoni ichida katta hududni bo‘sh qoldirdi va Barrenechea bundan foydalanib, Mendesga qatorasiga uchinchi turda gol urishda yordam berdi. Basklar ochkolar sonini yettitaga yetkazib, guruh peshqadamiga aylandi va pley-offga chiqish uchun katta qadam tashladi.

8 noyabr. Real Sosiyedad — Benfika, Zalsburg — Inter.

Kun statistikasi

  • «Real Sosiyedad» yarimhimoyachisi Mendes Chempionlar ligasidagi dastlabki uch o‘yinida gol urgan ikkinchi ispaniyalik futbolchi bo‘ldi.
  • Ikardi «Bavariya» bilan o‘yinda 8 ta zarba berdi. Bungacha YeChLda Myunxen klubi darvozasiga 8+ zarba berishni faqat Ronaldu va Mutu uddalagandi. 
  • «Benfika»ning ispan jamoalariga qarshi 12 o‘yinining birinchi bo‘limida hisob ochilmagan, lekin yakunda g‘alabaga erisha olmagan (=8-4).
  • «Inter» yarimhimoyachisi Xoqon Chalxono‘g‘li YeChL uy uchrashuvlarida 7 gol urgan. U faqat o‘z jamoasi maydonida urilgan gollar bo‘yicha rekordchi bo‘lib turgan Dennis Bergkamp bilan tenglashib oldi.
  • Keyn «Bavariya»da 12 o‘yinda 17 (11+6) ochko to‘pladi. 
  • PSV vingeri Losano asosiy yevrokubokdagi o‘yinlari sonini 25 taga yetkazdi. Bu Meksika vakillari uchun uchinchi ko‘rsatkich.
  • «Arsenal» 7 yillik tanaffusdan keyin ilk bor YeChL safar o‘yinida g‘alaba qozondi.
Ko‘proq yangiliklar: