Saudiya Arabistoni O‘zbekistondan go‘sht mahsulotlarini import qilmoqchi

Iqtisodiyot 08:27 / 25.10.2023 19478

Saudiya Arabistonida faoliyat ko‘rsatadigan Al Sumiri kompaniyasining xaridlar va logistika masalalari bo‘yicha direktori Saidahmad Muhammad bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo AA

Mamlakat elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining oziq-ovqat hamda neft mahsulotlari yo‘nalishlaridagi kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, birgalikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini podshohlikka eksport qilish bilan bog‘liq masalalar muloqotning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Saidahmad Muhammad kompaniya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha turli davlatlar, jumladan, Xitoy, Iordaniya, Sudan va qator arab davlatlari, go‘sht mahsulotlari importi bo‘yicha esa Braziliya va Kanada bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qilib, bunday mahsulotlarni O‘zbekistondan import qilish qator afzalliklar yaratishini ta’kidladi.

U mamlakatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi hamda tovuq go‘shti mahsulotlari sifati va ta’mi jihatidan yuqori o‘rinda turishini inobatga olib, O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Al Sumiri kompaniyasi va mamlakatdagi tegishli vazirlik hamda idoralarining vakillari o‘rtasida videomuloqot shaklida uchrashuv o‘tkazish, o‘zaro amaliy safarlarni uyushtirish va o‘zbek mahsulotlarini podshohlik bozorlariga olib kirish bo‘yicha logistika masalalarini har tomonlama o‘rganish asnosida eksportni yo‘lga qo‘yish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va jadal rivojlantirishga kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: