AQSh rasmiylari Instagram tarmog‘ini yoshlarning ruhiy salomatligini buzganlikda aybladi 

Fan-texnika 20:48 / 25.10.2023 42715

Qo‘shma Shtatlarning o‘nlab shtati, jumladan Kaliforniya va Nyu-York Meta Platforms va unga tegishli bo‘lgan Instagram ijtimoiy tarmog‘iga qarshi sudga da’vo arizasi berdi. Korporatsiya yoshlar orasida «ruhiy salomatlik inqirozini qo‘zg‘atish» va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni keltirib chiqarishda ayblangan. 

Oklend (Kaliforniya shtati) federal sudiga berilgan da’vo arizasida 33 shtatning bosh prokurori Meta korporatsiyasi ijtimoiy tarmoqlarning bolalar va o‘smirlarga ta’siri haqida «jamoatchilikni qayta-qayta chalg‘itgani» va ularni o‘z platformalaridan majburiy foydalanishga «bila turib» undagani aytiladi (Meta korporatsiyasi Facebook ijtimoiy tarmog‘i va WhatsApp messenjeriga ham egalik qiladi). 

«Meta yoshlar va o‘smirlarni o‘ziga jalb qilish va oxir-oqibat tuzoqqa tushirish uchun kuchli va misli ko‘rilmagan texnologiyadan foydalangan», deyiladi arizada. Shtat rasmiylari fikriga ko‘ra, korporatsiya bularning barchasini foyda olish uchun qilgan. Da’vogarlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bolalarda «depressiya, tashvish, uyqusizlik, maktab va kundalik hayotga salbiy ta’sir va boshqa ko‘plab salbiy oqibatlar»ni keltirib chiqarishi haqidagi tadqiqotlarga tayangan. 

Murojaatchilar, shuningdek, Meta korporatsiyasining ichki tekshiruvini ham eslatib o‘tgan: korporatsiya rahbariyati Instagram tarmog‘ining o‘smirlarga salbiy ta’siri, jumladan, qaramlikka va qizlarda o‘z tashqi ko‘rinishini idrok etishda muammolarga olib kelishi mumkinligini bilgan. Bu tekshiruv natijalari haqida birinchi marta The Wall Street Journal 2021 yil sentabr oyida yozgan edi. 

«Meta korporativ daromadni oshirish uchun qaramlikni rivojlantirish orqali bolalar va o‘smirlarga zarar yetkazmoqda», dedi Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta. Korporatsiya qarorgohi aynan shu shtatda joylashgan. 

Da’vogarlar, shuningdek, korporatsiyani 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ma’lumotlarini yig‘ishni taqiqlovchi qonunni buzganlikda, voyaga yetmaganlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z joniga qasd qilish yoki o‘z a’zolariga zarar yetkazish haqidagi kontentni ko‘rishi mumkinligida ayblamoqda. 

Meta ma’lum bir shtatdagi turli qonunlarning har bir buzilishi uchun 1 ming dollardan 50 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin. Reuters agentligining qayd etishicha, millionlab bolalar va o‘smirlar Instagram tarmog‘idan foydalanishi hisobga olinsa, bu qiymat karrasiga oshadi. 

Bu xabar ortidan, 24 oktyabr kuni tushdan keyin NASDAQ birjasida korporatsiya aksiyalari 0,6 foizga arzonlashgan. 

O‘z navbatida, Meta korporatsiyasi sudga berilgan da’vodan ranjiganini ma’lum qildi. «O‘smirlar tomonidan qo‘llaniladigan ilovalar uchun aniq, yoshga mos standartlarni yaratish uchun soha vakillari bilan samarali ishlash o‘rniga, bosh prokurorlar ushbu yo‘lni tanladilar», deyiladi korporatsiya bayonotida. 

Qayd qilinishicha, texnologik korporatsiyalar allaqachon yuzlab shunga o‘xshash sud jarayonlariga duch kelishgan. Misol uchun, yanvar oyida Sietl maktablari Meta, Google, TikTok va Snap ustidan sudga murojaat qilishdi. Da’vogarlarning fikricha, bu korporatsiyalarning mahsulotlari bolalarni o‘ziga qaram qilish uchun maxsus ishlab chiqilgan va ular ruhiyatiga zarar yetkazadi. Avvalroq Yevropada Meta va uning ijtimoiy tarmoqlari obunachilar, jumladan, bolalarning shaxsiy ma’lumotlari bilan Yevropa qonunchiligiga mos kelmaydigan tarzda ishlagani uchun bir necha marta jarimaga tortilgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: