“Cho‘l bo‘risi” – ichki “men”lar munozarasi haqida roman

Jamiyat 23:05 / 22.10.2023 21290

Ertaklarda hech bo‘rining ayyorlik qilganini, yaltoqlanganini eshitganmisiz. Yo‘q, albatta. Aksincha o‘zining soddaligi bilan doim ayyorlarga chuv tushib yurishidan xabardormiz. Ertaklardagi bunday obraz o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Bo‘rining o‘ziga xos xarakteri, fe’l-atvori bor. Uning tabiatida ayyorlik qilish, yaltoqlanish, ojizlarcha bo‘ysunish kabi xususiyatlar mavjud emas. Bu jonzot o‘z holicha mard, adolatli va ozod. Bu ozodligini boy bergandan ko‘ra o‘limni afzal biladi.

Odam-chi? Inson bo‘richalik ham emas. Biz odamlarda ming bir qiyofa mavjud. Istagan niqobimizni vaziyat taqozosi bilan xohlagancha almashtira olamiz. Bizda tulkining ham, qo‘yning ham, sher-u maymunning ham, umuman, hamma hayvonning xarakteri, xususiyati topiladi. Herman Hessening “Cho‘l bo‘risi” asarida bosh qahramon Harri Hallerning botinida bo‘ri va odam bir-biri bilan doimiy kurashda ekani aks etadi.

Syujyet:

Asar Haller ijara uy so‘rab bir ayolning pansioniga kelishidan boshlanadi. Ijaraga qo‘yuvchi ayolning jiyani ham ayni shu pansionda istiqomat qilardi. Avvaliga u g‘aroyib tabiatli Hallerni uncha yoqtirmaydi. Uning xatti-harakatlariga ensasi qotadi. Ammo bir necha bor suhbatlashgach fikri o‘zgaradi. Hallerning boshqa odamlarga o‘xshamasligi, balki buyuk shaxslarga xos fikrlaydigan bilimli inson ekanini fahmlaydi. Asar ayni shu odam tilidan hikoya qilinadi.

Bir kuni Harri Haller birdan pansionni tark etadi. Hikoyachi uning xonasidan esdaliklar daftarini topib oladi. Bu esdalikning birinchi sarlavhasiga “Faqat jinnilar uchun” deb yozilgan edi...

Esdalikka ko‘ra, Haller ko‘chalar bo‘ylab yurganida yoshgina yigitni uchratib qolib, undan “Cho‘l bo‘risi haqida traktat” kitobini sotib oladi. Bu traktatda u o‘zining ruhiyatiga o‘xshash yarim “odam” va yarim “bo‘ri” kishi hayotidan xabardor bo‘ladi. Muammo shundaki, bu ikkala qalb muntazam ravishda bahslashib yashaydi.

Kitobdan ta’sirlangan Haller hayotini o‘zgartirmoqchi, o‘zini o‘zgalar kabi risoladagidek tutmoqchi bo‘ladi. U tanishi – professornikiga mehmonga boradi. Professor uni kechki payt o‘zinikida bo‘ladigan ziyofatga taklif etadi. Haller noiloj rozi bo‘ladi. Ammo ziyofada bo‘ladigan takalluf, mulozamatlar, sohtaliklarni o‘ylab yuragi siqilardi. Ichidagi bo‘ri bunday masxaraomuz vaziyatlarda isyon ko‘tarardi. 

Ziyofat paytida Gyotening portretini ko‘rib qoladi. Bu surat Hallerga yoqmaydi. Uy egasiga suratdagi odam Gyotega sirayam o‘xshamaganini aytadi. Uni professorning ayoli chizgan edi. O‘rtada noqulay vaziyat yuzaga keladi va Haller butun ziyofat davomida taqib yurishga majbur bo‘lgan “niqobini” yechib tashlaydi va hamma narsani ro‘yi-rost gapira boshlaydi. Professor bilan bahslashib uni xafa qiladi. Shunday mash’um bahslashuvdan keyin u o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Biroq ayni paytda bundan qo‘rqardi ham. O‘zicha ichidagi ikkinchi shaxs — “bo‘ri” mening ustimdan kulyapti deb o‘ylaydi. Ikkilanib uyiga borgisi kelmaydi, shahar bo‘ylab toki “Qora burgut” mehmonxonasida bir qizni uchratgunga qadar tentirab yuradi. U qiz huzurida biroz taskin topadi va undan o‘ziga onalar kabi g‘amxo‘rlik qilishini so‘raydi. Qiz juda ajoyib edi, Hallerni so‘zsiz tushunardi. Uning fikr-xayolini o‘qib turardi. Haller uni yoshligidagi Hermin ismli do‘stiga o‘xshatgani uchun Hermina deya atay boshlaydi. 

Hermina unga raqs dunyosini ko‘rsatadi. O‘ziga maftun qilishini, ammo oxirida Haller uni o‘ldirishi kerakligini aytadi. U orqali Haller qisqa vaqt ichida hayotidan zavqlanib yashay boshlaydi hamda saksofon chaluvchi yigit Pablo bilan tanishadi, yoshgina Mariyani sevadi. Shunga qaramasdan, Hallerning ruhi yana tushkun bo‘ladi, chunki cho‘l bo‘risi azobsiz, anduhsiz yashay olmaydi.

Oxirida Pablo unga sehrli teatrni ko‘rsatadi. U Hallerga o‘yin qoidalarini o‘rgatadi: uning yolg‘iz o‘zi turli eshiklarni ochishi kerakligini, ularning ortida o‘zining hayotidagi ahamiyatli bo‘lgan voqealar gavdalanishini tushuntiradi. Bundan tashqari, Haller o‘zining ruhiyatiga nazar tashlaydi. Ammo u o‘yinda yutqazadi, chunki oxirgi eshik ortida Hermina bilan Pabloning yalang‘och holda yerda yotganini ko‘radi. Pablo unga u o‘zining xomxayollari bilan haqiqatni ko‘rmaydigan bo‘lib qolganini tushuntirishga urinadi. Haller o‘yindan hech narsa o‘rganmaydi, shuning uchun ham u Herminani o‘ldirib qo‘yadi…

Tahlil:

“Cho‘l bo‘risi” ijtimoiy-psixologik asar. Ijtimoiyligi shundaki, bosh qahramonning o‘y-xayollari, xatti-harakatlari atrofida kechayotgan hodisalar, jamiyatning voqeliklarga qarashlari, ayniqsa, qahramonning jamiyatga qarashlari to‘la aks etgan. Hallerning ichida chindan ham bo‘ri va odam doimiy munozarada yashardi. Turli hil ortiqcha mulozamatlar, laganbardorlik, ikkiyuzlamachiliklarni ko‘rganda ichidagi bo‘ri g‘ashlanar, isyon qilar, yolg‘on va soxtaliklarga chidolmas edi. “Odam” va “bo‘ri”lik tabiati doim bir-biri bilan o‘chakishar, bir-birini inkor qilar, kamdan kam holatlarda soniyalargagina kelishuv holatlari kuzatilardi. 

Bo‘ri Hallerdan mardlik, rostgo‘ylik, asllikni istasa, odam atrof-muhitga qarab moslashishni, vaziyatga qarab ish tutishni, takallufli bo‘lishni talab qilardi. Qolaversa, jamiyat ham odam istagan xususiyatlar bo‘yicha ish ko‘rardi...

Haller meshchanlik hayotini, ya’ni turmushning mayda ikir-chikirlariga o‘ralashib yashashni va shu tarzda bebaho umrni behuda o‘tkazib yuborishni qattiq qoralardi. Bundan tashqari, u urushga mutlaqo qarshi. Insoniyat boshiga cheksiz kulfat, uqubatlar soluvchi, millionlab begunoh bolalar va ayollarni ham ayab o‘tirmaydigan la’nati urushni qoralab bir qancha maqolalar ham e’lon qilgan, bu maqolalari uchun urush tarafdori bo‘lgan ochko‘zlardan raddiyalar ham olib ulgurgandi.

Harrining muqim bir vatani yo‘q. Uning vatani butun yer yuzi edi. Shu sababdan ham insoniyat tomonidan uyushtiriladigan xunrezliklarga, ekologiyaning bulg‘anishiga shunchaki qarolmaydi. U ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, ekologiya, san’at, qo‘yingki, barcha ijobiy sohalarga qayg‘urib, jon kuydirib yashaydi. Doimiy o‘zini taftish qiladi. Judayam ko‘p mutolaa qiladi. Uning o‘z olami bor, lekin bu olamda do‘stlari judayam kam. U yaqin munosabat ko‘rsatgan insonlari bo‘rilik “qiyofasi”ni ko‘rib qolgudek bo‘lsa, uni tark etishardi. Aynan shu bo‘rilik qiyofasiga qiziqib yaqinlashganlar odamlik “qiyofasi” ham borligini sezgach Harridan hafsalalari pir bo‘lardi. 

Harri doim nimanidir kutardi. 47 yoshli erkak 50 yoshida o‘z joniga qasd qilishni rejalashtirgandi ham. Abadiy hayotda o‘zi istagan hamma narsani uchrataman, o‘zim kabi insonlarni topaman deb xayol qilardi. O‘limni istash barobarida, ayni payt o‘limdan juda qo‘rqardi ham. Xullas, Harri Hermina bilan uchrashgunga qadar ana shunday yovvoyilarcha yashab yurgandi. 

Hermina oddiy bir kurtizan, ya’ni yuqori tabaqa vakillari atrofida aylanib yuradigan suyuqoyoq ayol edi. Ammo u Harrining kechmishlarini juda yaxshi anglab turardi va shunga yarasha xatti-harakat qilardi. 

U Hallerga meshchanlar hayotini bor bo‘yicha ko‘rsatdi, ko‘rsatdigina emas, bu hayotning ichiga olib kirdi. Shu hayotda yashashga, arzimas narsalardan ham baxtli bo‘lishga majbur qildi. Har jihatini ko‘rsatib Hallerni maftun qildi. Aslida Hermina bu hayotning ko‘ngilxushliklari, o‘tkinchi his-tuyg‘ulari, bir so‘z bilan aytganda, hoyu-havaslar ramzi edi. Harri uni o‘ldirdi. Bu orqali u o‘z botinidagi ana shunday narsalarga moyilliklarini o‘ldiroldi. Bu hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Ammo bizning qahramonimiz uning ko‘ksiga pichoqni shunchalar qattiq botiradiki, pichoq sopigacha kirib ketadi...

Agar dunyoda Haller singari o‘z-o‘zini taftish qiluvchi, asl qiyofasi bilan yashovchi, urush-u qonxo‘rliklarga, ekologik muammolarga qarshi kurashuvchi insonlar ko‘payganda edi, hozirgi kundagi bema’ni urushlar, tabiatga yetkazilayotgan zararlar, jamiyatlardagi manfur illatlar kamaygan bo‘lardi. Insonlar hayotning ikir-chikir maishiy muammolaridan bosh ko‘tarib tevarak-atrofga qarasa, qursog‘idan ortib boshqalar haqida qayg‘ursa, kelajak haqida tashvishlansa edi, dunyo gullab-yashnardi. Afsuski, Haller singari odamlar bugun jamiyat tomonidan tuflab tashlanyapti, jinni deya masxara qilinyapti. Chiqitga chiqarilyapti. Chunki biz oddiy insonlarga hech narsani tahlil qilmasdan, tashvishlanmasdan, umumni emas, xususni o‘ylab yashash ma’qulroq...

Asar aslida muallifning tarjimayi holidan olib yozilgan. O‘zining o‘y-fikri va tahlillarini ushbu asarida tatbiq qilgan. “Cho‘l bo‘risi” Herman Hessening eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanadi. Roman Mirzaali Akbarov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Gulasal Qodirova, kitobxon
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: