Birjada AI-80 benzini sotuviga cheklov kiritildi. UNG tarmog‘ida narx oshishi rad etildi

Iqtisodiyot 18:35 / 19.10.2023 22801

“O‘zbekneftgaz” 1 noyabrdan boshlab AI-80 benzini narxining oshishi haqida internetda tarqalgan xabarlarni rad etdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ bu xabarlarni asossiz deb biladi va jamiyatga tegishli AYoQShlarda narxlar eski belgilangan tartibda amalga oshirilishini ma’lum qiladi”, deyiladi rasmiy axborotda.

Narx oshishi haqidagi xabarlar Raqobat qo‘mitasi tomonidan tovar-xomashyo birjasida AI-80 benzinining kunlik savdosiga limit belgilangani ma’lum bo‘lishi ortidan tarqalgan edi.

Bozor ishtirokchilariga tayanib Spot'ning xabar berishicha, endilikda birja savdolarining har bir ishtirokchisi kuniga maksimal 10 tonna benzin sotib olishi mumkin bo‘ladi. Qo‘mita bu talab vaqtinchalik ekanini ma’lum qilgan. Cheklov 17 oktyabrdan kiritilgani keltirilgan.

Bunga javoban yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari prezident qabulxonasiga benzin sotishning kunlik limitini 10 tonnadan 4 tonnagacha kamaytirishni so‘rab xat yo‘llagan. Xatda mamlakatda bir sutkada AI-80 benzinini ishlab chiqarish hajmi o‘rtacha 150 tonnani tashkil qilishi, birja savdolarida esa 30 tadan 34 tagacha xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishtirok etishi qayd etilgan. 10 tonnalik kunlik limitning joriy etilishi natijasida birjadagi benzin xaridorlari soni ikki barobarga yoki 15 tagacha qisqarib ketishi, shuningdek, bu hududlarda narxlarning oshishiga olib kelishi mumkinligi aytib o‘tilgan.

Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, belgilangan limit yoqilg‘i quyish shoxobchalarining bir qismi yopilishiga olib kelgan, birjadan benzin sotib olishga muvaffaq bo‘lgan boshqa AYoQShlarda esa navbatlar paydo bo‘lgan.

Tovar-xomashyo birjasining matbuot xizmati Raqobat qo‘mitasi tomonidan AI-80 rusumli benzinini sotish bo‘yicha kunlik limit belgilanganini Spot'ga tasdiqlagan. Birjadan ma’lum qilishlaricha, muammo cheklov hajmi bilan emas, balki talabni qondirish uchun ko‘paytirilishi kerak bo‘lgan kunlik ta’minot hajmi bilan bog‘liq.

Avvalroq, Rossiya hukumati ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish izohi bilan benzin va dizel eksportini taqiqlagandi. Ta’minotning cheklanishi esa Rossiyadan katta miqdorda neft mahsulotlarini import qilayotgan O‘zbekistondagi narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkinligi prognoz qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: