Chempionlik 22 yil o‘tib, poytaxtdan tashqariga chiqadimi? Bosh sovringa qaysi jamoa asosiy da’vogarligi haqida

Sport 16:52 / 18.10.2023 32984

1. «Paxtakor» – 43 ochko

Maksim Shatskix murabbiyligidagi «Paxtakor»ning ketma-ket so‘nggi 5 o‘yinida, Superligada esa oxirgi 3 o‘yinda g‘alaba qozona olmayotganiga qaramay, hamon peshqadamlik qilayotgani ko‘proq raqobatchilarning kutilmaganda ochko yo‘qotishi bilan bog‘liq. Toshkent klubi mavsumning ikkinchi qismidagi jami 12 o‘yindan bor yo‘g‘i 3tasida g‘alaba qozona oldi, 6 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi, 3 o‘yinda esa durang qayd etdi. Bu esa amaldagi chempion jamoada muammolar borligini ko‘rsatib turibdi.

Ha, Shatskix tarkib bo‘yicha ham muammolarga duch keldi – aksariyat o‘yinchilar terma jamoalarga chaqirilgani uchun yordam bera olmadi, muhim pallada jamoa yetakchisi Dragan Cheran jarohat oldi. Shunga qaramay, «Paxtakor»ni ikki frontda qiyin taqvim kutmoqda: OChLdagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin navbatdagi turlarda g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi, Superligada esa 5 o‘yinning 4tasini Toshkentda o‘tkazsa-da, «Nasaf» va «Bunyodkor» bilan bahslar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Eng tig‘iz pallada esa jamoa a’zolarini FIFA kunlari kutayotganini ham unutmaslik lozim.

So‘nggi 5 turdagi o‘yinlari:

  • 22-tur. «Paxtakor» – «Turon» (20 oktyabr)
  • 23-tur. «Buxoro» – «Paxtakor» (29 oktyabr)
  • 24-tur. «Paxtakor» – «Nasaf» (3 noyabr)
  • 25-tur. «Surxon» – «Paxtakor» (24 noyabr)
  • 26-tur. «Paxtakor» – «Bunyodkor» (2 dekabr)

OChLdagi o‘yinlari:

  • 3-tur. «Paxtakor» – «Axal» (24 oktyabr)
  • 4-tur. «Axal» – «Paxtakor» (7 noyabr)
  • 5-tur. «Al-Ayn» – «Paxtakor» (28 noyabr)
  • 6-tur. «Paxtakor» – «Fayha» (5 dekabr).

2. «Navbahor» – 40 ochko

«Navbahor» Andijondagi o‘yinda kutilmagan mag‘lubiyatni qabul qilib olganidan so‘ng, Superliga va OChLda hech kimni ayab o‘tirmadi - «Turon», «Buxoro» va «Mumbay Siti» yirik hisoblarda mag‘lub etildi. Ammo Samvel Babayan shogirdlarini oldinda qiyin taqvim kutib turibdi. Sababi «lochinlar» «Paxtakor»dan farqli o‘laroq uch front – Superliga, O‘zbekiston kubogi va OChLda kurashmoqda. Namanganliklarning chempionatdagi taqvimi ham raqobatchilaridan ko‘ra og‘irroq – «Nasaf» va «Neftchi» Namanganda mehmon bo‘ladi, safardagi uchta o‘yin esa Toshkentda – «Surxon», «Bunyodkor» va «Olimpik»ga qarshi o‘tadi. Bu orada jamoa kubok yarimfinalida Olmaliqda mehmon bo‘lsa, OChLda «Nassaji Mozandaron»ga qarshi vodiy va Eronda to‘p suradi, noyabr oxirida esa «Neftchi» bilan muhim bahsdan avval «Al-Hilol»ni Namanganda qabul qiladi. Samvel Babayan jamoasi oktyabr va noyabr oyidagi ushbu zich va qiyin taqvimdan yo‘qotishlarsiz o‘ta olsa, marra ularniki bo‘lishiga ishonish mumkin.

So‘nggi 5 turdagi raqiblari:

  • 23-tur. «Surxon» – «Navbahor» (27 oktyabr)
  • 22-tur. «Navbahor» – «Nasaf» (30 oktyabr)
  • 24-tur. «Navbahor» – «Bunyodkor» (2 noyabr)
  • 25-tur. «Olimpik» – «Navbahor» (24 noyabr)
  • 26-tur. «Navbahor» – «Neftchi» (2 dekabr)

O‘zbekiston kubogi

  • Yarimfinal. OKMK – «Navbahor» (19 oktyabr)
  • Final (12 noyabr)

OChLdagi o‘yinlari:

  • 3-tur. «Navbahor» – «Nassaji Mozandaron» (23 oktyabr)
  • 4-tur. «Nassaji Mozandaron» – «Navbahor» (6 noyabr)
  • 5-tur. «Navbahor» – «Al-Hilol» (28 noyabr)
  • 6-tur. «Mumbay Siti» – «Navbahor» (4 dekabr).

3. «Nasaf» – 39 ochko

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari avgust oyida O‘zbekiston Superkubogida «Paxtakor»ni mag‘lub etgach, oxirgi 8 o‘yindan 7tasida zafar quchishga erishdi. «Nasaf» OChLda ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritgani Qarshi klubiga Chempionlar ligasidagi guruhda peshqadamligini ta’minlamoqda. «Neftchi» bilan «6 ochkolik o‘yin»da esa Farg‘ona klubini chempionatdagi ilk mag‘lubiyatini tan olishga majbur qila olgani Berdiyev shogirdlarini Superligada chempionlik kurashiga qaytardi. Vohaliklar ham uch frontda kurashayotgani va Superligada taqvimi ancha qiyinligi sababli jamoaning chempionlik uchun imkoniyatini yuqori baholash qiyin. Sababi «Nasaf» kubok yarimfinalida bu mavsumda hali mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoa – «Dinamo»ga qarshi saf torsa, so‘ng OChL 3-turi doirasida «Sharja» maydoniga safar qiladi. Chempionlik kurashida esa qashqadaryoliklar Namanganda «Navbahor» mehmoni bo‘ladi, shuningdek «Paxtakor»ga qarshi Toshkentdagi bahsda ham ko‘p narsaga oydinlik kiritiladi. «So‘g‘diyona»ga qarshi uchrashuv va so‘nggi turda OKMK maydonidagi safar o‘yini «Nasaf» uchun qiyin imtihon sanaladi. Bu o‘yinlardan kelib chiqilsa, voha klubining chempionlikni ilk marta Qarshiga olib kelishi uchun imkoniyatini yuqori baholash qiyinroqdek ko‘rinmoqda.

So‘nggi 5 turdagi raqiblari:

  • 23-tur. «Nasaf» – «Metallurg» (27 oktyabr)
  • 22-tur. «Navbahor» – «Nasaf» (30 oktyabr)
  • 24-tur. «Paxtakor» – «Nasaf» (3 noyabr)
  • 25-tur. «Nasaf» – «So‘g‘diyona» (24 noyabr)
  • 26-tur. OKMK – «Nasaf» (2 dekabr) 

O‘zbekiston kubogi

  • Yarimfinal. «Nasaf» – «Dinamo» (19 oktyabr)
  • Final (12 noyabr)

OChLdagi o‘yinlari:

  • 3-tur. «Sharja» – «Nasaf» (23 oktyabr)
  • 4-tur. «Nasaf» – «Sharja» (6 noyabr)
  • 5-tur. «Nasaf» – «Al-Faysali» (27 noyabr)
  • 6-tur. «As-Sadd» – «Nasaf» (4 dekabr).

4. «Neftchi» – 37 ochko

Turnir jadvaliga nazar tashlaganda, 4-o‘rindagi «Neftchi»ning chempionlik uchun imkoniyati raqobatchilariga nisbatan pastroq ko‘rinadi. Aslida esa Vitaliy Levchenko murabbiyligidagi jamoaning chempionlik uchun imkoniyati raqobatchilaridan aslo kam emas. Aksincha, farg‘onaliklar top-4likdagi raqiblaridan farqli o‘laroq, uch frontda emas, faqat Superliga uchun kurashayotganini inobatga olsak, aynan «Neftchi» 22 yil o‘tib, chempionlikni Toshkentda tashqariga olib chiqish uchun asosiy da’vogardek gavdalanmoqda. «Neftchi»dagi yana bir ustunlik zaxira o‘yinidir – viloyatdoshi «Turon»ga qarshi noyabrdagi o‘yingacha Yaypan klubi Superligani rasman tark etishi va Levchenko shogirdlari uchun bu 3 ochko «sovg‘a»dek olinishi mumkin. Tojikistonlik mutaxassis qo‘l ostidagi vodiyliklar qolgan 6 o‘yindan 3tasida o‘z maydonida «Surxon», «Olimpik» va «Qizilqum»ni qabul qiladi, safarda esa «Bunyodkor» va «Navbahor»ga qarshi o‘yinlar muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Levchenko raqobatchilari – Shatskix, Babayan va Berdiyevdan farqli o‘laroq Osiyo Chempionlar ligasi, O‘zbekiston kubogi haqida bosh qotirmay, bor e’tiborini Superligaga qaratadi. Mavsumning eng tig‘iz va muhim pallasidagi ushbu jihat «Neftchi»ning eng katta ustunligidir. Yana bir tarafi FIFA kunlarida O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 saralashi doirasida 16 noyabrda Turkmanistonga safar qiladi, 21 noyabrda esa Eronga qarshi saf tortadi. Bu yig‘inda Srechko Katanets «Paxtakor», «Navbahor» va «Nasaf» o‘yinchilarini milliy jamoaga chaqiradi va ularning klubga qanday holatda yetib kelishi so‘roq ostida. «Neftchi» esa so‘nggi turlar arafasidagi eng muhim pallada tarkibini faqat va faqat Superliga uchun tayyorlaydi. Bu ham Levchenko uchun yana bir ustunlik beradi. Shunday ekan, 22 yillik tanaffusdan so‘ng chempionlik sovrini poytaxtdan tashqariga chiqqan taqdirda, Namangan yoki Qarshiga olib ketilishidan ko‘ra, Farg‘ona tomon yo‘l olishi yaqinroqdek ko‘rinmoqda.

So‘nggi 5 turdagi raqiblari:

  • 22-tur. «Neftchi» – «Surxon» (22 oktyabr)
  • 23-tur. «Bunyodkor» – «Neftchi» (28 oktyabr)
  • 24-tur. «Neftchi» – «Olimpik» (3 noyabr)
  • 19-tur «Turon» – «Neftchi» (9 noyabr)
  • 25-tur. «Neftchi» – «Qizilqum» (24 noyabr)
  • 26-tur. «Navbahor» – «Neftchi» (2 dekabr).

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: