O‘zbekiston banklariga o‘z mijozlari uchun Rossiya banklarida hisobraqam va karta ochishga ruxsat berildi 

Iqtisodiyot 21:37 / 17.10.2023 21129

Ro‘yxatga Markaziy Osiyoning barcha respublikalari, jumladan O‘zbekiston ham kiritildi, deb xabar berdi RBK. 

Ro‘yxatda jami 25 ta davlat bor: O‘zbekistondan tashqari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Jazoir, Armaniston, Bahrayn, Belarus, Braziliya, Misr, Hindiston, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Kuvayt, Malayziya, Mo‘g‘uliston, BAA, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Tailand va Turkiya. 

Ushbu mamlakatlardagi moliya tashkilotlari nafaqat onlayn rejimda bank kartalari va hisobraqamlarini ochishi, balki Rossiya moliya bozorida operatsiyalarni amalga oshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni identifikatsiya qilishi ham mumkin. Nashrning aniqlik kiritishicha, 2023 yil iyun oyida Davlat Dumasi qonun hujjatlariga shu mazmundagi o‘zgartirishlarni kiritdi. 

Ushbu xizmatni taqdim etish uchun Rossiya moliya tashkiloti chet ellik hamkor bilan shartnoma tuzib, mijoz yoki uning vakili shaxsini tekshirish funksiyalarini unga berishi kerak. Shu tarzda, o‘z mamlakatida identifikatsiyadan o‘tganidan so‘ng, har kim Rossiyada bank hisobraqami egasi bo‘lishi va Rossiyaga borganida bank kartasini olishi mumkin. 

2023 yil sentabr oyida Rossiya milliy to‘lov kartalari tizimi rahbari Vladimir Komlev bozorning bir nechta yirik ishtirokchisi xorijliklar uchun karta chiqarish variantlari ustida ishlayotganini aytgan edi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu juda talabgir xizmat, chunki u «MIR» kartasi egalariga o‘z mamlakatida ochilgan hisob raqamidan onlayn tarzda karta hisobini to‘ldirish imkonini beradi. 

Yangilikning dolzarbligi Visa va MasterCard tizimlarining o‘tgan yili Rossiyani tark etgani bilan izohlanadi. Shundan so‘ng, ko‘plab mijozlar qiyinchiliklarga duch kelgan, Rossiyada chiqarilgan kartalar chet elda ishlashni to‘xtatgan va xorijiy banklar tomonidan chiqarilgan kartalar ham Rossiya hududida ishlashni to‘xtatgan edi. Shu sababli, Rossiya hukumati tan olganidek, chet ellik sayyohlar va ishbilarmonlar mahalliy moliyaviy infratuzilmadan uzilib qolgan, tovar va xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirolmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: