Wildberries Toshkent viloyatida yirik logistika markazi quradi 

Iqtisodiyot 20:12 / 16.10.2023 18714

Rossiyaning Wildberries kompaniyasi Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Tomonlar strategik hamkorlik va Toshkent viloyatida Wildberries yirik logistika habini qurish bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda Retail xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, bu kompaniyaning Rossiyadan tashqaridagi eng yirik logistika markaziga aylanishi va O‘zbekiston rezidentlari uchun 7,5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratishi mumkin. 

Markazning ochilishi 2025 yilga mo‘ljallangan. Wildberries hozirdanoq qurilish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini va zarur loyiha hujjatlarini tayyorlamoqda. Hujjatni Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchinchi mintaqalararo hamkorlik forumida Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev va Wildberries xalqaro rivojlantirish bo‘yicha direktori Rafael Abramyan imzolagan. 

Wildberries logistika xabining rejalashtirilgan maydoni 150 ming kvadrat metrdan ortiq. Toshkent viloyati hokimligi O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq, kompaniyaga 29,4 gektar yer maydoni ajratadi. Onlayn platforma logistika inshooti qurilishiga qariyb 140 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. 

Wildberries - kiyim-kechak, poyabzal, elektronika, bolalar buyumlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa tovarlar sotiladigan marketpleys bo‘lib, 2004 yildan beri faoliyat yuritadi. 

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevral holatiga ko‘ra, kompaniya aksiyalari qiymati bo‘yicha Rossiyaning 30 ta onlayn kompaniyasi orasida 2-o‘rinni egalladi. Kompaniyaning qiymati 7,6 milliard dollarga baholangan. 

Wildberries Rossiya, AQSh, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Polsha, Slovakiya, Germaniya, Isroil, Moldova, Turkiya va Ozarbayjonda ham faoliyat yuritadi.

Ko‘proq yangiliklar: