Har yili 25 dekabr tongida AQShning 911 qutqaruv raqamiga qo‘ng‘iroqlar soni oshib ketadi. Nega? – “Zakovat”ning kuzgi mavsumi ikkinchi o‘yinidan reportaj 

Jamiyat 15:35 / 13.10.2023 37416

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Azamat Qobilov - tarixchi;

Hayotilla Rahmonov - aloqachi;

Jobir Ahmedov - shifokor (jamoa sardori);

Xushnud Xudoyberdiyev - huquqshunos;

Rushana Rajabova - filolog;

Muhammad Ali Valixonov - INHA universiteti talabasi.

O‘yinni suratga olish jarayonidan lavhalar 

Jobir Ahmedov jamoasi 2023 yilning kuzgi mavsumi ikkinchi o‘yinida ishtirok etadi.

O‘yinning eng tajribali jamoalardan biri Jobir Ahmedov jamoasi har doim tomoshabop va muxlislar e’tiborida bo‘lib kelgan. Bu safar ham jamoa ijrosida qiziqarli o‘yin bo‘lishi aniq.

1-raund savoli: Navoiy – Miskin temiryo‘l qurilishida zaharli ilon, chayonlar chiqib qolaverganida, bu muammo qanday hal qilingani haqidagi savol o‘ynaldi. Azamat Qobilov tomonidan ilgari surilgan variantni jamoa sardori Jobir Ahmedov qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa jamoa qiyinchiliksiz ushbu raundni o‘z foydasiga hal qildi – 1:0.

2-raundda Ruminiyaning Klujnapoka shahrida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi o‘ziga xos apparatlar ko‘chaning qayeriga o‘rnatilgani haqida savol o‘ynaldi. Jamoa muhokama davomida har qancha urinmasin, savol mantig‘iga yetib bora olmadi va hisob tenglashdi. Hisob – 1:1.

Jamoa a’zosi Xushnud Xudoyberdiyev 

3-raundda 1996 yilda Vladimir Shelbin tomonidan bir sanaga bag‘ishlab chiqarilgan maxsus alifbo haqidagi savol o‘ynaldi. Muhokama boshida jamoa Toshkent zilzilasi variantiga chalg‘ib ketayotgandi, ammo Hayotilla Rahmonov jamoani to‘g‘ri yo‘lga boshlay oldi va ikkinchi ochkoni olib keldi. Hisob – 2:1.

Jamoa a’zosi Hayotilla Rahmonov 

4-raundda Remark asarida “men har doim hammadan bir mavsum ilgari yashayman” deya aytilgan monolog egasining kasbi nima, degan savolda yana to‘g‘ri variant Azamat Qobilovdan chiqdi. O‘yindagi ishtirokini yaxshi boshlagan Hayotilla Rahmonov ushbu variantni qo‘llab-quvvatladi va jamoa sardoriga ortiqcha ish qoldirmadi. Natijada hisob 3:1 ko‘rinishiga keldi.

5-raundda biroz murakkabroq savol o‘ynaldi. Xiva xonligida taxtga o‘tirgan yangi hukmdor o‘z surati bilan tanga chiqarishi uchun avval soliq miqdoriga o‘zgartirish kiritishi, ayrim qamoqdagi mahbuslarni afv etishi, ayrim qatllarni bekor qilishi kabi bir necha shartlarni bajarish bilan birga yana qanday muhim ishni bajarishi kerak, degan mazmundagi savolga jamoa to‘g‘ri javob bera olmadi. Hisob – 3:2.

Keyingi raund savoli ham jamoa uchun noqulaylik qildi. Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistondaligida uni ko‘rgani bir guruh samarqandlik donishmand olimlar hind diyoriga tashrif buyurganida Bobur ularga: “qani edi jami samarqandlik donishmandlarni mehmon qilolsam” degan niyat bildirganida donishmandlardan biri uni nima yordamida amalga oshirishni maslahat bergan, degan savolga jamoa to‘g‘ri javob bera olmadi va hisob tenglashdi. Hisob – 3:3.

Jamoa a’zosi Rushana Rajabova 

7-raundda Urugvayda qurilgan ajabtovur ko‘prikning surati ko‘rsatilib, nega bu ko‘prikning o‘rtasi ataylab aylana shaklda qurilgani so‘raldi. Bu raundda ham jamoaning ishlari yurishmadi. Jamoa javob sifatida yaxshi variant bergan bo‘lsa-da, to‘g‘ri javob boshqacha bo‘lib chiqdi. Ketma-ket 3 ochko olgan tomoshabinlar jamoasi hisobda oldinga chiqib oldi. Hisob – 3:4.

Jamoa a’zosi Azamat Qobilov 

Keyingi raundda gugurtning nega shirasi ko‘p daraxtlardan emas, terakdan tayyorlanishi haqidagi savol o‘ynaldi. Jamoa ushbu savolda matndagi “salbiy” so‘zini boshqacha talqin qilishi natijasida noto‘g‘ri yo‘nalishga kirib ketdi va navbatdagi ochkoni ham boy berdi. Hisob – 3:5.

Jamoa sardori Jobir Ahmedov 

9-raund savolida Erkin Samandarning “pishgan olma”si, Muhammad Yusufning “qizil olma”si, Erkin Xushvaqtovning “qirmizi olma”si, Erkin A’zamning “jaydari olma”si borligi aytilib, yozuvchi va ssenarist Dmitriy Xalendroda qanday olma borligi so‘raldi. Jamoaning yosh va iqtidorli bilimdoni Muhammad Ali Valixonov ilk soniyalardan to‘g‘ri javobni topdi va jamoasiga muhim ochkoni keltirdi. Hisob – 4:5.

Jamoa a’zosi Muhammad Ali Valixonov 

10-raundda AQShda keyingi yillarda 25 dekabr tongida 911 qutqaruv telefon raqamiga yolg‘on qo‘ng‘iroqlar soni nega oshib borayotgani haqidagi savol o‘ynaldi. Xushnud Xudoyberdiyev jamoaning baxtiga ushbu savolga muddatidan oldin to‘g‘ri javob berdi va hisobni tenglashtirdi. Hisob – 5:5.

So‘nggi raundda jamoa tavakkal qilishni xohlamadi, ya’ni va-bank raundi olishdan voz kechdi.

O‘yinning so‘nggi savolida cho‘l o‘simliklari, zaytun, sarimsoq, anor va boshqa meva suratlari ko‘rsatilib, yaqinda Londonda shu kabi 25 xildagi o‘simlik va mevalar ko‘rgazmasi namoyish etilgan bo‘lib, Yangi Zelandiyalik rassom Suye Vikson xonim tomonidan tayyorlangan ushbu ko‘rgazmaga qanday nom berilgani so‘raldi. Jamoa bir daqiqa o‘ylab, tayinli variantga ega bo‘lmagani uchun yana bir daqiqa oldi. Ikkinchi daqiqaning ilk onlarida Rushana Rajabova to‘g‘ri variantni aytgan bo‘lsa-da, afsuski, uning bu variantini hech kim eshitmadi va yakunda noto‘g‘ri variant tanlandi.

Shu tariqa mavsumning ikkinchi o‘yini ham bilimdonlarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. 

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin. 

1-raund. Savol muallifi: Ahmad Fuzailov, Jondor tumani, Buxoro

Boshlovchi: Bir necha yil avval Navoiy – Miskin temiryo‘l qurilishi boshlangan paytlar edi. Qurilish boshlanishi bilan ayrim muammolar paydo bo‘la boshladi. Zaharli ilon, chayonlar ko‘pligi bilinib qoldi. Shunda bu muammoni mahalliy oqsoqollar oson hal qilishda yordam berishgan. Qariyalarning maslahatiga binoan qurilish bo‘layotgan yerni ularning yordamida tozalashgan.

Diqqat savol: Quruvchilar muammoni nima yordamida yoki qanday yo‘l bilan bartaraf etishgan?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Odamlar boqadigan qo‘y, echki podasini kattaroq maydonda qo‘yib yuboriladigan bo‘lsa, ular o‘z yo‘lida qolgan mayda mavjudotlarni bosib o‘tib ketaveradi.

To‘g‘ri javob: Qurilish bo‘ladigan maydon bo‘ylab qo‘y podalari qo‘yib yuborilgan

Hisob: 1 - 0

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

2-raund. Savol muallifi: Sohib Mahmudov, Qo‘qon shahri

Boshlovchi: Ekranga diqqatingizni qarating.

Ruminiyaning Klujnapoka shahrida ko‘chalarning ma’lum bir qismida bu kabi apparatlar o‘rnatilgan ekan, bu kabi apparatlar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi.

Diqqat savol: Bu moslamalar ko‘chalarning aynan qayeriga o‘rnatiladi?

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Piyodalar o‘tish yo‘lagi oldiga.

To‘g‘ri javob: Ekranga e’tibor qaratamiz.

Avtobus to‘xtash joylarida. Xohlovchilar apparat ro‘parasida 20 marta o‘tirib turishgach, apparat unga bepul yo‘l chiptasi chiqarib beradi.

Hisob: 1 - 1

Savol muallifi Sohib Mahmudov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

3-raund. Savol muallifi: Muhammadbobur To‘xtasinov, Marhamat tumani, Andijon

Boshlovchi: Ekranga diqqatni qaratamiz.

Bu kirill alifbosi surati. 1996 yilda Vladimir Shelbin tomonidan bir sanaga bag‘ishlab chiqarilgan.

Diqqat savol: Jurnalist Shelbin alifbosidagi harflarni o‘rganib, qaysi sanaga bag‘ishlab chiqarilganini ayting.

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Bu yerda "ch" harfi berkitilgan. Fikrimizcha, bu Chernobil fojiasining 10 yilligiga bag‘ishlangan illustratsiyasi.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob 2 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

4-raund. Savol muallifi: Nigora Rayimberdiyeva, Guliston shahri, Sirdaryo

Boshlovchi: Erix Mariya Remark "Jannatdagi soyalar" asari qahramoni o‘zining sevimli ishi haqida aytgan monologini tinglang:

Men har doim hammadan bir mavsum ilgari yashayman, hamma yozdan zavqlanayotganda, men allaqachon kuz fasli ichida turgan bo‘laman.

Diqqat savol: O‘zini "fasllar jarchisi" deb atagan bu personajning kasbi nima?

Javobni Hayotilla Rahmanov beradi: tikuvchilar. Chunki fasllar kelishidan oldin tikuvchilar keyingi fasl uchun kiyimlar tayyorlab sotishadi.

To‘g‘ri javob: Modeler. Yozda u kuzgi kiyimlarni yaratish bilan band bo‘lishini nazarda tutgan. 

Hisob: 3 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

5-raund.Savol muallifi: To‘raqul Xolmurodov, Termiz tumani, Surxondaryo

Boshlovchi: Xiva xonligida Muhammad Olloqulixon davrida taxtga o‘tirgan yangi hukmdor o‘z surati bilan tanga chiqarishi uchun bir necha shartlarni bajarishi kerak bo‘lgan. Soliq miqdoriga o‘zgartirish kiritishi, ayrim qamoqdagi mahbuslarni afv etishi, ayrim qatllarni bekor qilishi kerak bo‘lgan. U xalqi uchun yana bir muhim ishni bajarishi kerak edi. Ana shundan keyin u o‘z nomidan tanga chiqarishga to‘laqonli haqli bo‘lgan. Bu ishdan xalq ham moddiy, ham ma’naviy foyda ko‘rgan.

Diqqat savol: Hukmdor o‘z nomidan tanga chiqarish uchun yana qanday ish qilishi kerak bo‘lgan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Masjid qurdirish

To‘g‘ri javob: Harbiy yurishlar qilishi kerak. Harbiy yurishlarda g‘alaba qozonishi kerak.

Hisob 3 - 2

Savol muallifi To‘raqul Xolmurodov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

6-raund. Savol muallifi: O‘tkir Ortiqov, G‘uzor tumani, Qashqadaryo

Boshlovchi: Marhamat, "Zakovat" sandiqchasi olib chiqilsin. Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistondaligida uni ko‘rgani bir guruh samarqandlik donishmand olimlar hind diyoriga tashrif buyurishadi. Bobur ularni ziyofatga taklif etadi. Ziyofat paytida u: "qani edi jami samarqandlik ulamo-yu donishmandlarni mehmon qilolsam", degan bir niyat bildiradi. Shunda donishmandlardan biri: "sizga Samarqanddan bir narsa olib keldim, sizning xohishingizni amalga oshiradi", deydi.

Diqqat savol: Sandiqchada nima bor?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: qovun.

To‘g‘ri javob: Tuz

Hisob 3 - 3

Savol muallifi O‘tkir Ortiqov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

7-raund. Blits savollari.

1-savol muallifi: Gulrux Boboyeva, Buxoro shahri

Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

Bu Urugvayda qurilgan ajabtovur ko‘prikning surati.

Diqqat savol: Nega bu ko‘prikning o‘rtasi ataylab aylana shaklda qurilgan?

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Uzun va tekis yo‘lda haydovchilar uxlab qolmasligi uchun.

To‘g‘ri javob: Bundan maqsad avtomobillar tezligini kamaytirish.

Hisob 3 - 4

Savol muallifi Gulrux Boboyeva 4 millon so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

8-raund. Savol muallifi: Zebo Mahatova, Angor tumani, Surxondaryo

Boshlovchi: Gugurt O‘zbekistonda asosan terak taxtasidan olinarkan. Bunga bir nechta sabablar bor ekan. Faqat terakning taxtasi zich va yopishqoq emasligi uchun ekan. Yopishqoq, shirasi ko‘p daraxtlardan yasalgan gugurtlar juda tez yonib ketar ekan. Terakdan boshqa daraxtlardan gugurt olib bo‘lmasligiga yana bir salbiy sabab bor ekan. Shuning uchun ham xonadonlarga bunday gugurtlarni olib kelishni xohlamaydi odamlar.

Diqqat savol: Yana qanday sabab tufayli shirasi ko‘p daraxtlardan gugurt olib bo‘lmaydi?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Salbiy deyilganiga biz xavfli deb o‘yladik. Shu xavf nuqtai nazardan shirasi ko‘p yog‘ochdan qilingan gugurtlarning o‘chishi qiyin bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Shirali va yog‘li daraxtlardan yasalgan gugurtlar yonsa, birinchidan, ular tez yonadi, ikkinchidan, qo‘lansa hid chiqaradi.

Hisob 3 - 5

Savol muallifi Zebo Mahatova 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

9-raund. Savol muallifi: Sardor Safarov, Mirzo Ulug‘bek tumani, Toshkent

Boshlovchi: Erkin Samandarning "pishgan olma"si bor, Muhammad Yusufning "qizil olma"si bor, Erkin Xushvaqtovning "qirmizi olma"si bor, Erkin A’zamning "jaydari olma"si bor.

Diqqat savol: Yozuvchi va ssenarist Dmitriy Xalendroda qanday olma bor?

Javobni Muhammad Ali Valixonov beradi: Bizning fikrimizcha, Dmitriy Xalendroda "41-yil olmasi" bor

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 4 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

10-raund. Savol muallifi: Ravshanbek Mamajonov, To‘raqo‘rg‘on tumani, Namangan

Boshlovchi: AQShda keyingi yillarda 25 dekabr tongida 911 qutqaruv telefon raqamiga qo‘ng‘iroqlar soni oshib bormoqda ekan. Aynan 25 dekabr kuni tongda murojaatlar rekord darajada oshib bormoqdaligi qayd etiladi ommaviy nashrlarda. Ularning juda ko‘pi yolg‘on telefonlar bo‘lar ekan.

Diqqat savol: Nima uchun 25 dekabr kuni yolg‘onchi qo‘ng‘iroqlar oshib bormoqda?

Jamoa muddatidan oldin javob beradi.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Chunki ularda Rojdestvo bayrami. Bu bayramda odamlar bir-biriga yangi telefon sovg‘a qilishadi. Yangi telefonda faqatgina 911ga telefon qilish imkoniyati bor. Yangi telefon olgan insonlar beixtiyor 911ga telefon qilib yuborishadi.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob 5 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

11-raund. Savol muallifi: Alisher Boboqulov, Payariq tumani, Samarqand

Boshlovchi: Diqqatingizni ekranga qarating.

Yaqinda Londonda shu kabi 25 xildagi o‘simlik va mevalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Yangi Zelandiyalik rassom Suye Vikson xonim tomonidan 6 yil davomida chizilgan ko‘rgazmaga cho‘l o‘simliklarining zaytun, sarimsoq, anor va boshqa meva suratlari ham qo‘yilgan. Vikson xonimda bu rasmlarni chizish g‘oyasi Abu Dabida sayohat davomida paydo bo‘lgan ekan.

Diqqat savol: Siz bir daqiqa o‘ylab, bu ko‘rgazmaning qanday nomlanganligini 2 so‘zda ayting.

Jamoa qo‘shimcha vaqtdan foydalanadi.

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Cho‘l atirgullari

To‘g‘ri javob: Qur’on o‘simliklari

Hisob: 5 - 6

Savol muallifi Alisher Boboqulov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - O‘tkir Ortiqov, Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi savol bilan

O‘tkir Ortiqov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Hayotilla Rahmonov

Hayotilla Rahmonov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: