UzAuto Motors yil oxirigacha kontraktatsiya ochilmasligi haqidagi xabarlarni izohladi

Iqtisodiyot 17:46 / 12.10.2023 60220

UzAuto Motors 2023 yil va 2024 yilning dastlabki oylari uchun ishlab chiqarish hajmidan kelib chiqib barcha shartnomalarni sotib bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. “Avtostrada” sohadagi manbalariga tayanib yozishicha, Cobalt, Lacetti va Damas uchun 2024 yilgacha kontraktatsiya ochilmaydi.

Kompaniya matbuot xizmati bu xabarga munosabat bildirdi, lekin rasmiy bayonotda yuqoridagi xabar na rad etilgan va na tasdiqlangan. Ishlab chiqaruvchi o‘z faoliyatiga doir ishonchli ma’lumotlar faqat uning rasmiy sahifalarida e’lon qilib borilishini bildirgan.

UzAuto Motors matbuot xizmatining Kun.uz'ga qo‘shimcha qilishicha, ishlab chiqarish quvvatlari oshgan taqdirda, yil yakunigacha yana shartnomalar berilishi ko‘zda tutilgan.

Kompaniya ommabop modellari sotuvini 8 oylik tanaffusdan keyin shu yil avgust oyi boshida qayta tiklagan, o‘shanda avtosalonlarda kuzatilgan ajiotaj fonida 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnomalar bir sutka ichida tarqatib bo‘lingani aytilgandi. Keyinroq, 18 sentabr kuni qo‘shimcha shartnoma berish boshlangani xabar qilindi, biroq oradan 2 soat o‘tar-o‘tmas 28 mingta shartnoma tugagani, jarayon esa to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi.

Captiva-5 sotuvi qachon boshlanadi?

Oktyabr oyining oxiridan O‘zbekistonda Captiva-5 sotuvlari boshlanishi mumkin. UzAuto Motors rasmiy vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni paytda sinov jarayoni ham tugagan. Narxlarni sotuvlar boshlanishidan oldin e’lon qilish rejalashtirilgan.

Hozirda UzAuto dilerlik markazlaridan faqatgina Onix va Tracker-2 kabi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan modellar, shuningdek, Malibu-2, Equinox, Traverse, Tahoe-2 kabi import avtomobillariga shartnoma olish mumkin.

UzAuto Motors 2021 yilning kuzida ham Captiva-5 modeli sotuvini boshlab, shartnomalar tuzgan, lekin ma’lum vaqtdan keyin jarayon to‘xtatilgandi. Bunga sabab sifatida Captiva-5'ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi aytilgandi. O‘sha paytda bu avtomobil 222 mln so‘mdan 310 mln so‘mgacha narxda sotuvga chiqarilishi xabar qilingandi.

“Chevrolet Monza bo‘yicha rejalar yo‘q”

Avvalroq, UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Monza ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi, hozirda ushbu modeldagi avtomobillarni SKD usulida yig‘ish imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingandi.

Kun.uz kompaniya matbuot xizmatidan olgan ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda Monza'ning xorijdan importini yo‘lga qo‘yish yoki ishlab chiqarish jarayonini boshlash rejalari mavjud emas.

Ma’lumot uchun, Monza – Chevrolet kompaniyasining eng arzon avtomobillaridan biri. Bu modelning yangilangan 3 ta versiyasi 2022 yilning sentabr oyida Xitoyda 13 200 dollardan 15 200 dollargacha bo‘lgan narxlarda sotuvga chiqarilgan. Hozirda Monza avtomobillari O‘zbekistonda turli kompaniyalar tomonidan 19 500 dollardan boshlab taklif qilinmoqda.

Lacetti ishlab chiqarish to‘xtatiladimi?

Joriy yil oxiridan Lacetti avtomobilini konveyerdan olib tashlash rejalashtirilgani aytilgandi. Bu haqda UzAuto Motors'ning sotuvga chiqarilgan aksiyalarida anderrayter vazifasini bajargan Freedom Broker hisobotida keltirilgandi. Shuningdek, o‘tgan yili “O‘zavtosanoat” Savdoni rivojlantirish va marketing boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Behzod Xoliqov ham Kun.uz bilan suhbatda Lacetti'ni ham 1-2 yilda ishlab chiqarishdan olib tashlash kutilayotganligi haqida aytgandi.

“2023 yilning oxiridan Lacetti ishlab chiqarishdan olinishi aytilgandi. Bu reja o‘zgarmadimi?” degan savolga “O‘zavtosanoat” axborot xizmati hozircha oydinlik kiritmadi.

Ma’lumot uchun, UzAuto Motors oxirgi bir yilda Nexia-3 va Spark ishlab chiqarishni to‘xtatgan.

Ko‘proq yangiliklar: