O‘zbek segmentidagi internet jurnalistikasi: Soha qanday rivojlandi va kelajakda nima kutiladi?

Jamiyat 11:20 / 12.10.2023 11479

Zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari shiddatli rivojlanishi barobarida axborot almashinuvi tezligi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Mustaqillik davrida O‘zbekistonda internet tarmog‘ining an’anaviy OAV olamiga kirib kelishi bosqichma-bosqich amalga oshdi.

Avvaliga an’anaviy OAV bilan elektron OKV (ommaviy kommunikatsiya vositalari) o‘rtasida raqobat yuzaga kelmoqdami yoxud hamkorlikmi, deganga o‘xshash xavotirli savollar paydo bo‘ldi. Shu orada bosma nashrlar yo‘qlikka yuz tutishini «bashorat» qiluvchi qarashlar ham paydo bo‘la boshladi. Chunki ayni gipotezalar isboti o‘laroq dunyo axborot maydonida misollar talaygina edi.

1645 yildan buyon chop etib kelinayotgan Shvetsiyaning eng keksa gazetasi bo‘lmish Post-och Inrikes Tindingar («Pochta va shahar ichidagi xabarlar») nomli nashri 2007 yil yanvaridan o‘z faoliyatini to‘lig‘icha onlayn tizimiga o‘tkazishi katta shov-shuv keltirib chiqardi. Biroq mutaxassislar, shuningdek, keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan shunga o‘xshash xavotirlar biryoqli bo‘lmay turib OAV bilan OKV orasida hamkorlik aloqalari rivojlanib ketdi.

An’anaviy tarzda faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar (moliyaviy imkoniyati yetarli bo‘lgan bir qator gazeta va jurnallar va h.) o‘z elektron nusxalarini tarqata boshladi. Tele-radio kanallari o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini ayni vaqtda internet orqali tarqatish tajribasini qo‘lladi.

2005-2007 yillarni o‘z ichiga olgan mazkur dastlabki bosqich tajribalari internet tarmog‘idan samarali foydalanish an’anaviy OAV imkoniyatlarini yanada kengaytirishini ko‘rsatdi.

Imkoniyat kengayishi va kuchayishi an’anaviy OAVning axborot olish va tarqatish samaradorligida ayniqsa namoyon bo‘ldi. Bosma nashrlardan tortib teleradiojurnalistika mazkur yangilikni o‘z faoliyatida keng joriy eta boshlashi yana bir jiddiy yangilikni – dunyo miqyosida axborotni istalgan manzilga yetkazish imkoniyatini keltirib chiqardi.

Axborot oqimi shiddatli tus olganiga qo‘shimcha o‘laroq endilikda uning tarqalishini cheklovchi to‘siqlar yo‘qoldi. Axborotni cheklanmagan miqdorda va masofaga uzata olishning texnik imkoniyatlari sohada nechog‘lik inqilob yasagan bo‘lsa, ushbu imkoniyatlar natijasi o‘laroq vujudga kelgan yutuqlar hamda muammolar alohida ilmiy-amaliy masala sifatida zamonaviy aql-idrok oldiga, jumladan mutaxassislar oldiga mutlaqo kutilmagan muammolarni ko‘ndalang qo‘ydi.

Bu orada axborot-kommunikatsiya sohasidagi taraqqiyot keyingi bosqichiga chiqdi. Respublikamizda 2007 yil yanvar oylaridan alohida, ya’ni faqat internetda faoliyat yuritadigan alohida nashrlar paydo bo‘la boshladi. Bosma nashrlardan, an’anaviy tele-radiokanallardan butkul mustaqil ravishda faoliyat yuritadigan elektron OAV yaratish ishlari avj oldi. Ya’ni internet ommaviy axborot vositalari hisoblanmish internet tele va radiokanallar, internet gazetalar va hokazo internet nashrlar soni ko‘paya borib, ular alohida onlayn axborot makonini tashkil eta boshladi.

Bu – milliy media makonda yangi voqelik, yangi reallik edi.

Keyingi davrlarda internet nashrlar yanada izchil rivojlandi. Ular professional nuqtayi nazardan shakllandi, o‘sdi.

O‘quvchilar hamda tahririyat o‘rtasidagi muloqot tezkor, zamonaviy, virtual ko‘rinish kasb etdi. Interaktivlik sifati hamda qamrovi yuqori darajaga olib chiqildi.

Internet gazetalar ixtisoslashuvi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Veb texnologiyalar imkoniyati sifatida vujudga kelgan Veb 2.0 (Web 2.0) va Blog (Blog) tizimi juda tez ommalashdi. Ayrim blog saytlar ayrim rasmiy axborot tarqatuvchi saytlarga qaraganda tezkor ishlayotganidan kelib chiqib Nyus 2.0 (News.2) nomi bilan atala boshlandi. Nyus 2.0 kelajakda jurnalistika darajasiga ko‘tarilish-ko‘tarilmasligi alohida masala, biroq bundan qat’i nazar blog tizimiga asoslangan yangidan yangi saytlar ko‘payib borayotgani fakt (www.binafsha.uz, www.Itishnir.uz, www.blog.fonus.uz, www.blog.uzinfocom.uz, www.ayol.uz kabi saytlar singari).

Oldingi davrlarni olib qarasak, an’anaviy bosma nashrlar, gazeta va jurnallar, shuningdek, tele-radio kanallar asosan respublikamiz hududida faoliyat olib borgan. Ular tarqatgan ma’lumotlar, xabarlar, fakt va raqamlar deyarli O‘zbekiston sarhadlaridan tashqariga chiqmagan (Toshkent xalqaro radiosidan tashqari) bo‘lsa, so‘z yuritilayotgan yangi media makonning bosh xususiyati milliy axborotning hech bir to‘siqsiz dunyoga tarqab ketishi bilan xarakterlana boshladi.

Lo‘nda qilib aytganda, internet yordamida har qanday OAV (xoh an’anaviy, xoh elektron) endilikda xorijiy media makonga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Biroq bunday qulayliklar o‘ziga yarasha kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqaradi. Chunonchi, Xorazm yoki Surxondaryo, Sirdaryo yoki Qoraqalpog‘istonning «chekka tumanlari doirasida tarqatiladigan gazeta» degan tushuncha yo‘qolib bordi, chunki istalgan viloyat yoki tuman gazetasi materiallari istalgan daqiqada internet tarmog‘i orqali butun dunyoga tarqalishi oddiy holga aylanib ulgurdi.

Natijada, keyingi yillarda global tarmoq orqali respublika gazetalari o‘quvchilarining geografiyasi birmuncha kengaydi.

Endilikda mamlakatimizda onlayn jurnalistika, internet jurnalistika, internet gazeta, internet-TV, onlayn-radio kabi tushunchalar hech kimga yangilik bo‘lmay qoldi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan rasman ro‘yxatdan o‘tgan internet OAV miqdori 2012 yilda qariyb 200 tani tashkil etgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2016 yilda 360 taga yetdi. Ko‘rinadiki, respublikamizda internet gazetalar rivojlanish, shakllanish va takomillashish bosqichlaridan o‘tdi.

2023 yilga kelib O‘zbekistonda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 taga ko‘p ommaviy axborot vositasi faoliyat yurita boshladi. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalaridir. An’anaviy nashrlar bilan birga internet nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni 745 taga yetdi.  

Axborotni tezkor tarqatish borasida bosma nashrlarga qaraganda radio va televideniye imkoniyatlari katta sanalar edi. Endilikda esa bu borada AKT, xususan, ommabop internet kanallari, ijtimoiy tarmoqlar peshqadamlik qilmoqda.

O‘zbekistonda internet OAVning, umuman, o‘zbek milliy internet jurnalistikasining qisqa fursatlarda bu qadar jadal taraqqiy etishida yuqoridagi omil alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda yirik qidiruv tizimlari, shuningdek, ommabop ijtimoiy tarmoqlar o‘quvchilar auditoriyasi e’tiborini «o‘g‘irladi». Bundan tashqari, gigant platformalar, media konglomeratlar reklama beruvchi hamkor kompaniyalarni o‘ziga tortib ketayotgani bor gap.

Biroq sifatli jurnalistika erkin rivojanishi mumkin bo‘lgan yagona maydon sifatida internet ko‘rilar ekan, o‘quvchilar ham, hamkor kompaniyalar ham sof jurnalistikaning qadriga tez orada yetishadi.

Kelajakda o‘zbek segmentidagi internet OAV nazariy jihatdan jurnalistikaning uchta asosiy vazifasi hisoblangan – xabar tarqatish, tahlil qilish va ta’sir o‘tkazish funksiyalarini o‘z zimmasiga to‘liq oladi va milliy media makondagi yetakchilik pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.

Beruniy ALIMOV,

«Yangi media ta’lim markazi» NNT direktori,

filologiya fanlari doktori.

Ko‘proq yangiliklar: