Beruniy Alimov: «Hech qaysi tashkilotning axborot xizmati faoliyatidan qoniqmayman»

O‘zbekiston 18:59 / 18.04.2019 8501

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan “Axborot xizmatlari faoliyatiga oid nazariy va amaliy aspektlar” mavzuida ikki kunlik o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘quv-seminari treninglar jamoasi rahbari, imijiologiya sohasi bo‘yicha mutaxassis, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti Beruniy Alimov O‘zA muxbirining axborot xizmatlari faoliyati yuzasidan berilgan savollariga javob berdi.

– Bugungi o‘quv-seminarida tashkilot imijini yaxshilash, uni shakllantirishda nimalarga e'tibor berish lozimligiga bag‘ishlangan "Tashkilot imiji va uni boshqarish" degan mavzuda mashg‘ulot o‘tayapsiz? Xo‘sh, korporativ imij bilan ishlashda axborot xizmati xodimi nimalarga e'tibor berishi lozim?

– XVII asrda fransuz olimi B.Paskal imijni odamlarga ta'sir etish texnologiyasi, deb atagan, – dedi B.Alimov. – XXI asrda u har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi. Tashkilotning obro‘si qancha kuchli bo‘lsa, u shuncha odamlar ishonchini qozona oladi, ularga ko‘proq ta'sir o‘tkazadi, o‘z oldida turgan vazifalarni amalga oshira oladi.

– Axborot xizmati va jurnalist vazifalari o‘rtasida farq bor. Ammo bugungi kunda biror tashkilot axborot xizmati xodimi hamda OAVda jurnalist bo‘lib ishlaydigan hamkasblarimiz soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Tabiiyki u tashkiloti bilan bog‘liq, uning manfaatiga xizmat qiluvchi, faqat ijobiy xabarlarni OAVga tarqatishga urinadi, ammo bu xolislikka o‘z ta'sirini o‘tkazib qo‘ymaydimi?

– Menimcha, biz qaysi joyda ishlashimizdan qat'i nazar, oltin o‘rtalikni topishimiz lozim. Jurnalistlar bilan axborot xizmati xodimlari xuddi bitta daryoning ikki qirg‘og‘ida ketayotganga o‘xshaydi, lekin maqsad, boradigan joyimiz bir – O‘zbekistonda demokratik, huquqiy jamiyat qurish. Shu bois menimcha jurnalistlar va axborot xizmati xodimlari daryoning ikki qirg‘og‘ida yurmasdan o‘rtadagi qayiqda birgalikda suzishi va oltin o‘rtalikni topishi lozim. Eng asosiysi, axborot yetkazishda xolislik talabi buzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

– Bugun o‘quv-seminarining ikkinchi bosqichi o‘tkazilyapti. Birinchi bosqichdan qanday natijalar olindi va navbatdagisidan nimalar kutilmoqda?

– Bir hafta oldingi treningda ko‘proq davlat boshqaruvi organlari, vazirliklar axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etgandi. Bugungi treningda esa ko‘proq xo‘jalik boshqaruvi organlari ya'ni korporatsiyalar, milliy holdinglar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Auditoriya o‘zgargani bilan mazmunda katta o‘zgarishlar yo‘q. Asosiy maqsadimiz bugungi auditoriyani qiziqtira oladigan, zamonaviy o‘quvchi uchun ma'qul bo‘lgan axborotni tezkor yetkazish yo‘llarini birgalikda tahlil qilmoqchimiz.

– O‘tgan safargi treningda ishtirokchilardan anonim so‘rovnoma olindi va e'lon qilindi. Mutaxassis sifatida tizimda qanday kamchiliklarni sezdingiz?

– Tan olib aytish kerak, hozir barcha tashkilotlarning saytlari ham bugungi kun talabiga mos emas? Buni monitoring natijalari ham isbotlaydi. Qarang, ba'zi davlat tashkilotlari veb-saytiga kuniga bor-yo‘g‘i 100 kishi kirarkan. Uning aksariyati shu tashkilot xodimlari. Unda sayt kerakmi yoki kerak emasmi, degan savol ham tug‘iladi. Sayt yaratildimi uni qiziqarli, muhim xabarlar bilan to‘ldirish kerak. Bu ishni chetdan jurnalist kelib qilib bermaydi, axborot xizmati xodimi qilishi kerak. Bundan tashqari, biz axborot xizmatlari xodimlarining ham muammolarini o‘rgandik. Ularga vazifasiga kirmaydigan ishlar ham yuklatilayotgan ekan. Ba'zi axborot xizmati xodimlari esa umuman axborot tayyorlash, u bilan ishlash sirlarini bilmasliklarini tan olmoqda. Shu bois qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni qaytadan o‘rganib chiqish lozim, balki qonunchiligimizga o‘zgartirish kiritish kerakdir, shtat birliklarini oshirish lozimdir. Xullas, tizimda qilingan ishlardan ko‘ra qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘proq.

– So‘nggi savol, mutaxassis sifatida ko‘pchilik axborot xizmatlari ishlarini kuzatib borasiz, ular orasida soha talablariga yuqori darajada javob beradigan va namunalilarini ayta olasizmi?

– Bu juda nozik savol. Gapni ochig‘i, ular xafa bo‘lishmasin-ku, hech qaysi tashkilot axborot xizmatining hozirgi faoliyatidan umuman qoniqmayman. Kimnidir yomon yoki juda yaxshi deb aytishga hali vaqtimiz bor, faqat ishlashimiz lozim. Nafaqat o‘z tashkilotimiz, butun O‘zbekiston imijini o‘ylashimiz, yagona axborot siyosatida birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Ko‘proq yangiliklar: