Sportdagi g‘irrom hakamlar: Roy Jons olimpiada oltin medalini qanday boy bergandi? 

Sport 13:55 / 07.10.2023 29808

Hammamizga ma’lum, bir necha kundan buyon Xitoyning Hangjou shahrida Osiyo o‘yinlari-2022 musobaqalari o‘tkazilmoqda. Bu musobaqalarda farqli O‘zbekiston sportchilari bu safar ham ancha muvaffaqiyatli qatnashmoqda.

2023 yil 6 oktyabr holatiga ko‘ra sportchilarimiz 20 ta oltin, 18 ta kumush va 26 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, jamoaviy hisobda beshinchi o‘rinda bormoqda.

2023 yil 6 oktyabr kuni slalomda eshkak eshish bo‘yicha yarimfinal va final bosqichlari o‘tkazildi va unda qiziq holat kuzatildi. Bellashuv davomida mezbon sportchi xatoga yo‘l qo‘ydi va unga 50 soniya jarima ballari yozildi.

Xitoylik sportchi marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan bo‘lsa ham, beshinchi o‘ringa tushib ketdi. Natijada marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelgan o‘zbekistonlik sportchi Anvar Klevleyev g‘olib deb topildi.

Osiyo o‘yinlari sayti uni g‘olib sifatida ko‘rsatdi. O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi ham Anvar oltin medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar berdi.

Anvar Klevleyevning birinchi o‘rinni olgani haqidagi xabar

Biroq ko‘p o‘tmay hakamlar bellashuv vaqtida mezbon sportchiga yozilgan 50 soniyalik jarima ballarini bekor qilishdi va u yana birinchi o‘ringa qaytarildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi hakamlarning bu qaroriga apellyatsiya berdi. Vaziyat videosida ham xitoylik sportchi qizil to‘siqni aylanib o‘tmaganini ko‘rish mumkin edi, ammo hakamlar natijani boshqa o‘zgartirishmadi. Shu tariqa hakamlar mezbon sportchiga yon bosishdi va Anvar Klevleyevning oltin medali tortib olindi.

Jahon sporti tarixida bunday hodisalar juda ko‘p sodir bo‘ladi. Hatto hakamlarning mezbon sportchilarga yon bosishi yozilmagan qoidaga aylanib qolgan desa ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bir misol, Xitoyda o‘tayotgan musobaqalarda indoneziyalik sportchilar 6 oktyabr holatiga 7 ta oltin, 11 ta kumush va 18 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi va umumiy hisobda 13-o‘rinda borishmoqda.

2018 yil Osiyo o‘yinlari Indoneziyada o‘tkazilganda bu mamlakat sportchilari 31 ta oltin, 24 ta kumush va 43 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumiy hisobda 4-o‘rinni (!) qo‘lga kiritishgan edi.

2018 yilda Osiyo o‘yinlari Indoneziyada o‘tkazilgan va unda mezbonlar hakamlar yordami bilan ancha yaxshi natija ko‘rsatishgandi.
Indoneziya bu safar ro‘yxatning pastki o‘rinlarida bormoqda

O‘shanda indoneziyalik sportchilarning ko‘p medal olishlariga hakamlar ham «hissa qo‘shishgandi». Bu safar shu ish mezbon Xitoy sportchilari bilan davom etyapti.

Jahon sportidagi hakamlarning yon bosishlari bilan bog‘liq eng shov-shuvli hodisalardan biri 1988 yilda Seulda o‘tkazilgan olimpiada o‘yinlarida sodir bo‘ladi.

Boks musobaqalaridan birida finalga amerikalik Roy Jons va mezbonlar vakili Pak Si Xun chiqadi. Bellashuvda koreyalik sportchi Royning zarbalariga zo‘rg‘a chidaydi.

Biroq oxirida hakamlar mezbon sportchini g‘olib deb topishadi. O‘shanda o‘rtadagi hakam Pak Si Xunning qo‘lini ko‘targanda uning o‘zi ham nima bo‘layotganini tushunmay bir muddat dovdirab qoladi. Amerikaliklar apellyatsiya berishadi, biroq oltin medal baribir koreyalik sportchida qoldiriladi.

Seul olimpiadasining ochilish marosimi

Hodisadan avvalgi vaziyat

SSSR parchalanib ketguncha boshqa sport turlarida bo‘lgani kabi boksda ham amerikalik va sovet bokschilari o‘zaro raqobat olib borishardi. Orada bu raqobatga kubalik bokschilar qo‘shilib turishgan.

O‘sha paytlarda SSSRda professional boks bo‘lmagan. Shu sababli professional boksda gegemonlik qilgan amerikaliklar sovetlarni yengish zavqini tuya olishmasdi.

Biroq sovet bokschilaridan ortda qolmaslik uchun havaskor boksga ham katta e’tibor qaratishardi. Olimpiada o‘yinlari, jahon chempionatlari asosan AQSh va SSSR bokschilari o‘rtasidagi janglar bilan qiziqarli edi.

1988 yilda Seulda o‘tkazilgan olimpiada o‘yinlarida ham AQSh va SSSR sportchilari o‘rtasidagi raqobat davom etadi. O‘shanda faqat uch davlat – AQSh, SSSR va Janubiy Koreya bokschilari barcha vaznlar bo‘yicha bellashishadi. Kuba negadir o‘z bokschilarini Seulga yubormaydi.

Musobaqalarda sovet bokschilari ancha muvaffaqiyatsiz qatnashadi va ulardan bor-yo‘g‘i ikki nafari finalgacha yetib keladi. Amerikaliklardan esa olti nafar bokschi finalga chiqadi.

Yakunda amerikaliklar uchta oltin, uchta kumush, ikkita bronza medaliga ega chiqadi. Sovet bokschilari esa bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritadi.

Shu tariqa, asosiy raqiblardan biri bo‘lgan kubalik bokschilar qatnashmagan musobaqada sovet bokschilari amerikaliklardan ancha ortda qolib ketadi.

Hodisa tafsilotlari

Seul olimpiadasida 71 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi finalda amerikalik 19 yoshli Roy Jons va mezbon sportchi Pak Si Xun o‘zaro bellashadi.

O‘sha paytlarda havaskor bokschilar boshga himoya shlemi kiyib chiqishar va musobaqa uch daqiqadan uch raund davom etardi. Bellashuv davomida Royning raqibidan ancha kuchliligi bilinib qoladi.

U birinchi raundda raqibiga 20 ta aniq zarba beradi. Koreyalik bokschining esa bor-yo‘g‘i uchta zarbasi nishonga tegadi.

Ikkinchi raundda Jons 39 ta, raqibi 15 ta aniq zarba beradi. Uchinchi raundda Jonsning 36 ta zarbasi raqibiga tegadi. Koreyalik bokschi 14 ta aniq zarba beradi xolos.

Uch raund hisobiga ko‘ra Roy juda katta farq bilan g‘alaba qozonishi aniq edi. Biroq raqibiga to‘xtovsiz zarba yo‘llagan bo‘lsa ham bellashuv so‘ngida hakamlar mezbon bokschini g‘olib deb topishadi.

Seulda hakamlar mezbonga yon bosgan on.
Roy Jons shohsupaning ikkinchi pog‘onasida

O‘rtadagi hakam qo‘lini ko‘targanda Pak Si Xun bir muddat hayron bo‘lib dovdirab qoladi. O‘shanda Royning otasi ham tomoshabinlar orasida edi va o‘g‘lining haqsizlik qurboni bo‘lganini ko‘rib turardi.

Roy va Pakning bellashuvini SSSR, Vengriya, Urugvay, Uganda va Marokash davlatidan kelgan hakamlar baholashgandi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, ikki hakam g‘alabani Royga, yana ikki nafari Pakga bergan. Bir durrang qayd etgan. Oxir-oqibat o‘rtadagi hakam g‘oliblikni mezbon sportchiga berib yuborgan edi.

O‘shanda Roy va Pak o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangni butun dunyo kuzatadi va ko‘pchilik hakamlarning qaroridan hayron bo‘ladi.

Jang tugagandan so‘ng koreyalik bokschi tarjimon bilan Royning oldiga keladi. Jang g‘olibi Roy bo‘lganini aytib, undan kechirim so‘raydi. Biroq hakamlar qarori o‘zgarmasdan qoladi.

Mezbon sportchi jangdan so‘ng Roy Jonsdan kechirim so‘raydi.

Ushbu bellashuvdan so‘ng amerikaliklar xalqaro olimpiya qo‘mitasiga arz qilishadi. Qo‘mita «aybini» yuvish uchun Royga olimpiada musobaqalarida texnik jihatdan eng mahoratli bo‘lgan bokschilarga beriladigan Val Berker kubogini taqdim etadi. Biroq bu amerikaliklarni qoniqtirmaydi.

Ko‘p o‘tmay AQSh boks federatsiyasi tomonidan Havaskor bokschilar xalqaro assotsiatsiyasiga Roy va Pak jangini baholagan hakamlar pora olgan bo‘lishi mumkinligi haqida shikoyat yo‘llashadi.

Biroq assotsiatsiya shikoyatni rad etadi. Bunga sabab qilib, shikoyat jang tugagandan so‘ng 30 daqiqa ichida berilishi lozimligi, biroq amerikaliklar uni kechiktirib bergani ko‘rsatiladi.

Assotsiatsiya prezidenti Anvar Choudri vaziyatni sharhlab, «Agar amerikaliklar shikoyatni vaqtida berishganda ham u rad etilardi. Chunki jang hakamlarining koreyaliklardan pora olishgani haqida isbot yo‘q» deydi.

Oradan yillar o‘tib, 1996 yilda AQSh boks federatsiyasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga hakamlar sotilganini tan olish va amerikalik sportchiga oltin medalni qaytarish bo‘yicha yana shikoyat kiritadi. Qo‘mita shikoyatni ko‘rib chiqadi va uni qanoatlantirmaydi.

Biroq keyinchalik, Havaskor bokschilar xalqaro assotsiatsiyasi Seuldagi holat boshqa takrorlanmasligi uchun janglarda bokschilarga ochko berish tizimini o‘zgartiradi.

Seul olimpiadasi tugagandan so‘ng Roy Jons professioanal boksga o‘tib ketadi.

Roy Jonning porlashi

Roy Jon ko‘p o‘tmay professional boksga o‘tib ketadi. U dastlabki jangini 1989 yil 6 may kuni o‘tkazadi va g‘alaba qozonadi. Shundan so‘ng Royning g‘alabali seriyasi boshlanib ketadi va barcha raqiblarini yenga boshlaydi.

1993 yil 22 may kuni Roy IBF (International Boxing Federation) yo‘nalishida chempionlikni qo‘lga kiritadi. Shungacha u 20 ta jangning barchasida g‘alaba qozongandi.

Roy shundan keyin ham g‘alabali odimini davom ettiradi va ko‘p o‘tmay IBF yo‘nalishida mutlaq chempionga aylanadi. Shundan so‘ng u boshqa bir yo‘nalish WBC (World Boxing Council) chempioni bilan jangga chiqadi va yutqazib qo‘yadi.

Oradan ko‘p o‘tmay Roy avvaliga WBC, so‘ng WBA (World Boxing Association), IBO  (International Boxing Organization) yo‘nalishlarida ham chempion bo‘ladi va to‘rtta yo‘nalish g‘olibi sifatida jahonning mutlaq chempioniga aylanadi.

Shundan so‘ng Roy to‘rtala yo‘nalishda ham o‘z chempionlik kamarlarini himoya qilish uchun ko‘plab janglarga chiqadi va ularning aksariyatida g‘alaba qozonadi.

Roy Jons to‘rtta yo‘nalishda ham chempion bo‘lib, jahonning mutlaq chempioni bo‘ladi.

Roy ilk alamli mag‘lubiyatni 2004 yil 15 may kuni Antonio Tarverdan qabul qiladi. O‘shanda Antonio uni nokautga uchratgandi. Roy birdaniga uchta yo‘nalishning chempionligini yutqazadi.

Roy 2003 yil 8 dekabr kuni o‘tkazilgan birinchi jangda Antonio ustidan g‘alaba qozongandi. Biroq ikkinchi jangda yutqazadi. Oradan bir yarim yil o‘tib, 2005 yil 1 oktyabr kuni o‘tkazilgan jangda u Antonioga yana yutqazadi. Ularning yo‘li ringda boshqa kesishmaydi.

Roy keyinchalik o‘zini tiklab oladi va yana ko‘plab janglarni yutadi. Bir nechta yo‘nalish bo‘yicha kamarlarni qo‘lga kiritadi. 2018 yilda 49 yoshli Roy navbatdagi jangini o‘tkazib, g‘alaba qozonadi va faoliyatini to‘xtatishini e’lon qiladi.

Roy professional boksda jami 76 ta jang o‘tkazadi va undan oltmish oltitasida g‘alaba qozonadi, o‘ntasida mag‘lubiyatga uchraydi. G‘alabalarning qirq yettitasida raqiblarini nokaut bilan yengadi.

Roy Jons 54 yoshga kirdi Foto: alamy.com

Keyinchalik Roy Jons Seul olimpiadasidagi g‘irromlik haqida shunday degandi:

«O‘shanda hakamlarning nohalol ishidan juda qattiq xafa bo‘lgandim. Hayotimdagi boshqa qaytib kelmaydigan eng yaxshi imkoniyatni qo‘ldan chiqardim deb o‘ylardim. Jang tugagandan so‘ng avvaliga koreyalik bokschi kelib uzr so‘radi va jangda men g‘alaba qozonganimni aytdi. So‘ng Olimpiya shaharchasiga ko‘plab koreyaliklar kelishdi va g‘irrom hakamlik uchun uzr so‘rashdi. Garchi vatandoshlari g‘alaba qozongan bo‘lsa ham, muxlislarning nohalol hakamlikni hazm qila olishmagani meni juda to‘lqinlantirib yuborgandi. Keyinchalik ham bir necha bor g‘irrom hakamlarga duch keldim. Biroq eng alamlisi Seulda bo‘lgan edi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: