APLda yana ustoz va shogird dueli, Italiyada derbi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 17:15 / 07.10.2023 17766

Yevropada ushbu turlardan so‘ng futbolchilar terma jamoalar ixtiyoriga jo‘nab ketishadi va klublar futboli yana ikki haftaga dam oladi. Sog‘inib qolmaslik uchun dam olish kunlari ko‘proq futbol ko‘rish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, kelasi hafta navbatdagi o‘yinlar yoki yevrokuboklar yo‘qligi tufayli, jamoalar bor e’tiborini mana shu uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, tanaffusga yaxshi kayfiyatga chiqib ketishni niyat qilishini ham inobatga olish kerak. Tabiiyki, doim bo‘lganidek, bu safar ham alohida e’tiborga loyiq bo‘lgan bir qator to‘qnashuvlar kutib turibdi. Turin derbisi, Angliyada yil o‘yini, Germaniyada kashfiyot jamoa oldida jiddiy sinov, xullas tanlovda qiynalmasligingiz uchun an’anamizga binoan ba’zi o‘yinlarga batafsilroq to‘xtaldik.

YuVeNTUS – TORINO (7 oktyabr, 21:00)

«Torino» oxirgi marta «Yuventus» ustidan 2015 yil aprelida g‘alaba qozongan, shundan buyon 18 uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriya davom etmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Turin derbilari doim qizg‘in va murosasiz kechishi, turnir jadvalida qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar ko‘pincha durang yoki minimal hisoblar bilan yakunlangan. O‘tgan mavsumning ikki o‘yini ham bunga yaqqol dalil – har ikki o‘yinda ham «Yuventus» so‘nggi o‘n besh daqiqada hisobda oldinga chiqib olishning uddasidan chiqqan, xolos.

«Yuventus» o‘tgan mavsumlarga nisbatan barqaror ko‘rinmoqda. Faqatgina «Sassuolo»ga qarshi o‘yinda jamoa kutilmaganda hisob qayd etdi (2:4). Kiyeza qaytgani, Vlahovich nihoyat barqaror gol ura boshlagani, shuningdek, raqobatchilardan farqli ravishda yevrokuboklarda ham ishtirok etmasligi inobatga olinsa, Allegri shogirdlari bu safar chempionlik poygasida munosib ishtirok etishi mumkin. Terma jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlardan keyingi ilk uchrashuv safarda «Milan»ga qarshi bo‘lib o‘tadi, demak, «Yuventus» ko‘tarinki kayfiyatni saqlab qolish uchun bu o‘yinda ochko yo‘qotmasligi shart.

Tarkiblar borasida mezbonlarda yo‘qotishlar juda ko‘p va bu ham oradagi kuch muvozanatini yaqinlashtirishga yordam beradi. Dushan Vlahovich va Federiko Kiyeza oy oxirigacha safdan chiqishgan. Aleks Sandro ham katta ehtimol bilan tanaffusdan keyin mashg‘ulotlarga qaytadi. Son jihatdan katta emas, lekin nomi dastlab tilga olingan ikki futbolchi «Yuventus»ning hujum chizig‘idagi asosiy kuch bo‘lib turishgandi. «Torino» safida Buonjiomo va Mergim Voyvoda o‘ynay olishmaydi, hamda ulardan tashqari, Zima, Popa, Jiji, Sazonov kabi futbolchilarning derbida qatnashishlari so‘roq ostida qolmoqda. 

O‘yinning har ikki tomon uchun qiyin bo‘lishining yana bir sababi, himoya borasida jamoalarda hammasi joyida ekanidir. Har ikkisida ham mavsumda 4 quruq o‘yin bo‘lib, bu tomondan A Seriyada peshqadamlar guruhida borishmoqda. «Torino» turnir jadvalining quyi qismda yurgan bo‘lsa-da, atigi 7 gol o‘tkazib yuborgan, xolos.  

ShTUTGART – VOLFSBURG (7 oktyabr, 18:30)

Germaniyadan aslida Chempionlar Ligasi ikki ishtirokchisi – «Union» va «Borussiya» Dortmund uchrashuvini olish mumkin edi. Ammo o‘tgan mavsumda katta shov-shuv ko‘targan, bu mavsumda esa qatorasiga olti o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragan «Union» hozircha juma yomon holatda. Yangi qahramon bor – «Shtutgart».

O‘tgan yili Bundesligadan deyarli tushib ketgan, faqat o‘tish o‘yini orqali jon saqlab qolgan «Shtutgart»ga nimadir bo‘ldi. Jamoani aprelda qabul qilib olib, qutqarib qolgan Sebastian Hyoness shogirdlari yangi mavsumdagi uy uchrashuvlarini ikki marta 5:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshlashi katta voqea bo‘lsa-da, buni orada «Leypsig»dan 1:5 hisobda yutqazib kelishgani uchun beqaror bir jamoaning mantiqqa teskari bo‘lgan natijalariga yo‘yib qo‘ya qolishdi. Ammo «Shtutgart» hazillashmayotgandi. Kubok o‘yinida avval 4:0, keyin 8:3 hisobidagi g‘alabalar, mayli, quyi liga vakili ustidan bo‘lsa-da, bir narsani, «Shtutgart»da gol urish borasida rostan ham muammo yo‘qligini isbotlayotgandi. Keyin ligada yana qatorasiga uch g‘alaba qayd etildi, jamoa 6 turdan so‘ng hatto «Bavariya»dan ham ko‘proq ochko jamg‘arib, 2-o‘rinda joylashib turibdi. Olti o‘yinda 19 gol, 27 yoshli gvineyalik hujumchi Seru Girassi esa, 10 gol bilan to‘purarlar jadvalini boshqarmoqda. O‘tgan mavsumda ijara asosida to‘p surib, barcha musobaqalarda 14 gol urgan hujumchi bu mavsumda barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda 7 o‘yinning o‘zida 11 gol urib bo‘ldi.

Ammo bir narsani tan olish kerak, «Shtutgart» dastlabki turlarda mag‘lub etgan besh jamoaning to‘rttasi hozirda turnir jadvalining so‘nggi to‘rt pog‘onasini egallab turibdi. To‘g‘ri, «Shtutgart»ning avvalo o‘sha g‘alabalarni qanday tarzda qo‘lga kiritgani ko‘proq gapirilmoqda, lekin haqiqiy sinov, albatta, kuchliroq saviyadagi raqiblarga qarshi boshlanadi. Tabiyki, «Volfsburg» mana shunday raqiblardan biri.

To‘g‘ri, «bo‘rilar» biroz pastroqda, 6 o‘yinda 4 g‘alaba va 2 mag‘lubiyat. Lekin jamoa «Hoffenhaym» va «Borussiya» Dortmund bilan safarda o‘ynaganini ham inobatga olish kerak. Darvoqe, «Volfsburg»ning ham o‘z «girassi»si bor – Jonas Vind. Daniyalik hujumchi 7 gol urgan va u ham to‘purarlar reytingida kuchli uchlikdan joy olib turibdi. Vind gol ursa, juft qilib uradi, ushbu mavsumning o‘zida uch marta dubl qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. 

BRAYTON – LIVeRPUL (8 oktyabr, 18:00)

Bu o‘yinda ancha ko‘p gol bo‘lsa kerak. Birinchidan, «Brayton» Yevropada eng sermahsul o‘yinlar ishtirokchisi bo‘lib turibdi. Jamoa juda ko‘p vaziyat yaratadi va o‘z darvozasi oldida ham juda ko‘p imkon beradi. «Brayton»ning bu mavsumda barcha musobaqalar doirasidagi 10 uchrashuvida jami 43 gol urilgan, bu har o‘yinda kamida 4 gol deganidir. Ikkinchidan, bunday ssenariyda «Liverpul» ham o‘zini juda yaxshi his qiladi. Uchinchidan esa, har ikki klub payshanba oqshomida Yevropa Ligasida o‘yin o‘tkazishdi. Ya’ni jismoniy tomondan to‘liq tiklanib ulgurmagan futbolchilar ko‘proq xatolar qilishi mumkin. Bu esa, tabiiyki, gollar ham ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

O‘tgan tur ikki jamoa uchun ham anomal darajada muvaffaqiyatsiz kechdi. «Brayton»ning Birminghemdagi 1:6 hisobidagi yirik mag‘lubiyati ancha kutilmagan syurpriz bo‘lsa, «Liverpul» «Tottenhem» bilan munosib kurashdi, ammo hakamlar yaqqol golni inobatga olmagani, buning ustiga ikki futbolchi chetlatilishi qimmatga tushdi. Umuman, «Brayton» so‘nggi o‘yinlarda biroz ortga tisarilgandek – «Old Trafford»dagi ajoyib performansdan keyingi o‘yinlarda muammolarga duch kelmoqda. Shu orada Yevropa Ligasida bir durang va bir mag‘lubiyat, Liga kubogida mag‘lubiyat va APLda ham yuqorida tilgan olingan yirik hisob qayd etildi. Jamoa bir necha frontda kurashni boshlagani muammo tug‘dirgan bo‘lishi mumkin, zero «Brayton» tarixida ilk marta yevrokuboklarda ishtirok etyapti.

Har ikki jamoada ham tarkib bo‘yicha muammolar yetarli. Mezbonlar Lallana, Milner kabi futbolchilardan foydalana olmaydi. Shuningdek, Pervis Estipunyan kamida ikki oyga safdan chiqdi. Futbolchi o‘ng qanot himoyasida ham, hujumlar tashkil qilishda ham yetakchiga aylanib borayotgandi. «Liverpul» esa «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda birato‘la uch futbolchisidan ayrildi. Kodi Gakpo o‘zi gol urgan vaziyatda oyog‘ini qayirib oldi va bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. O‘sha o‘yinda qizil kartochka olgan Ketris Jons va Diogu Jota esa diskvalifikatsiya tufayli o‘ynamaydi. Bayjyetich, Alkantara kabi futbolchilar mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lishsa-da, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘nggina to‘liq tiklanadi.

ATLeTIKO – ReAL SOSIYeDAD (8 oktyabr, 19:15)

Har ikki jamoa ham Chempionlar Ligasida ajoyib natijalar qayd etishdi va ko‘tarinki kayfiyatda ushbu markaziy o‘yinga yetib kelmoqda. Ayniqsa, «Sosiyedad»ning oxirgi natijalari diqqatga sazovor – qatorasiga to‘rt g‘alaba va so‘nggi uch o‘yinda umuman o‘z darvozasini daxlsiz saqlamoqda. O‘tgan turda Baksoniya derbisida ancha kuchli bo‘lgan «Atletik» yirik hisobda dog‘da qoldirildi. Kubo esa La Liganing sentabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Darvoqe, bu o‘yin so‘nggi kun yulduzlari o‘rtasidagi jang ham, zero Alvaro Morata «Atletiko» safidagi YeChL o‘yini uchun ushbu musobaqaning hafta o‘yinchisi deb topildi.

Turnir jadvalida jamoalar qo‘shni bo‘lib turishibdi, ammo madridliklarda bir o‘yin zaxira ham bor. Yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblaganda, Simeone shogirdlari peshqadamdan 2 ochkoga ortda bormoqda, xolos. Tabiiyki, «Sosiyedad» ham YeChL o‘rinlari uchun kurashishda davom etadi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, ancha muddat «Atletiko»da ustunlik yaqqol bo‘lgandi, ammo so‘nggi yillarda basklar bu jamoaga qarshi natijaga erishishni o‘rganib ham oldi. O‘tgan mavsumda «Atletiko» bir durang va bir g‘alabaga erishgan, ammo bir yil oldin «Sosiyedad» raqibini Ispaniya kubogidan chiqarib yuborgandi. Madriddagi oxirgi 4 o‘yinning ikkitasida mehmonlar bir ochko olib ketishning uddasidan chiqqan. Jamoalar mavsumga tayyorgarlik chog‘ida ham, avgust oyi boshida o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashishdi. Ushbu o‘yinda hisob ochilmagandi.

Mezbonlar tarkibida Lemar, Vitolo kabi futbolchilardan tashqari, Ximenes, Korrea va Depay ham hali to‘liq tiklanib ulgurishmadi. Saulning ham jismoniy zo‘riqish sababidan bu o‘yinni o‘tkazib yuborish ehtimoli mavjud. Mehmonlar tarkibida asosan qanot himoyachilari – Odriosola va Tirni oy oxirigacha maydonga tusha olishmaydi.

Yuqorida har ikki jamoa YeChLda ishtirok etgani aytib o‘tilgandi. «Sosiyedad» o‘z o‘yinini bir kun oldin o‘tkazgani qandaydir ustunlik berishi mumkin. Ammo shuni ham e’tiborga olish kerakki, «Atletiko» o‘z o‘yinini uyida o‘tkazdi va bu uchrashuvni ham Madridda qabul qilmoqda. Avstriyaga borib kelgan «Sosiyedad» esa Madridga safar qilyapti. Demak, bu borada imkoniyatlar deyarli teng .

ARSeNAL – MANCheSTeR SITI (8 oktyabr, 20:30)

Qatorasiga uchinchi o‘yindirki, «Arsenal» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi o‘yin APLda birinchi va ikkinchi jamoalar to‘qnashuviga aylanmoqda. Shuning o‘zi Angliyadagi so‘nggi yillardagi kuchlar muvozanatini ko‘rsatib turibdi.

Transfer oynasi va mavsum boshidagi shartlardan kelib chiqsak «Arsenal» bu safar ham chempionlik uchun qattiq kurash olib borishini kutish mumkin. Birinchidan, «Arsenal» yozni faolroq o‘tkazdi va e’tiborli xaridlarni amalga oshirdi. Ikkinchidan, «Manchester Siti»da tarkibda muammolar bor. Gundo‘g‘an va Mahrez ketishidan tashqari, jamoaning asosiy yetakchisi Kevin de Bryuyne jarohat olib safdan chiqqan. Shu holatda ham «Manchester Siti» deyarli yo‘qotishsiz borayotgani tahsinga sazovor, albatta. Ayniqsa, argentinalik vunderkind Alvares kashf etildi deyish mumkin, u ham Silva, ham de Bryuynening vazifasini bir paytda amalga oshirishning uddasidan chiqmoqda.

Bu muammolarga Rodrining diskvalifikatsiyasi ham qo‘shilganini inobatga olsak, mehmonlarning imkoniyati yanada pasayib ketishi lozim edi. Ammo «Arsenal» ham mazkur uchrashuvga optimal holatda yetib kelmayapti. Avvalroq Gabriyel Martinelli safdan chiqqan, ammo Trossar va Jyezusning qaytishi balkim bu yo‘qotishning ta’sirini kamaytirishi kutilgandi. Ammo Chempionlar Ligasi o‘yinida Bukayo Saka ham maydonni erta tark etdi. Arteta hali aniq ma’lumot bermagan bo‘lsa-da, Sakaning bu o‘yinda qatnashishi dargumon. Salkam ikki mavsum birorta ham o‘yinni o‘tkazib yubormagan futbolchini yo‘qotish «Arsenal»ga ko‘proq ta’sir qilsa kerak, zero bu «Arsenal»ni hali Sakasiz ko‘rganimiz yo‘q.

«Arsenal» chempionatda «Siti»ga raqobat qilishni o‘rganib olgan bo‘lsa-da, maydonda Pep Gvardiola hali shogirdiga yutqazmayapti. To‘g‘ri, avgustdagi superkubok uchun o‘yin, avvalroq, kovid mavsumida Angliya kubogi yarimfinalida «Arsenal»ning qo‘li baland kelgan, ammo APL doirasida ishlar juda yomon. Chempionatda 12 uchrashuvdan beri «Arsenal» hatto durang ham qayd eta olgani yo‘q. Londonliklarning so‘nggi g‘alabasi esa uzoq 2015 yilda, Gvardiola «Bavariya»ni boshqarayotgan, Arteta «Arsenal»da futbol o‘ynab yurgan paytlarda ro‘y bergan.

BOShQA O‘YINLAR

7 oktyabr. INTeR – Bolonya (18:00), LeYPsIG – Bohum (18:30), Byornli – CheLSI (19:00), MYu –Brentford (19:00), ReAL MADRID – Osasuna (19:15)

8 oktyabr. Vest Hem – NYuKASL (18:00), Latsio – ATALANTA (18:00), Bayyer – Kyoln (18:30), BAVARIYa – Frayburg (20:30), NAPOLI – Fiorentina (23:45), Renn – PSJ (23:45), Granada – BARSeLONA (23:55)

Ko‘proq yangiliklar: