Jahon banki O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish prognozini yaxshiladi

Iqtisodiyot 10:26 / 06.10.2023 22667

Jahon banki O‘zbekistonda joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini yaxshiladi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti bo‘yicha 5 oktyabr kuni e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 2023 yilda 5,5 foizga yaqinlashishi (iyun oyidagi prognozga nisbatan +0,4 foiz punkti) va o‘rta muddatli istiqbolda asta-sekin tezlashib, 2024 va 2025 yillarda mos ravishda 5,8 foizni tashkil etishi mumkinligi aytilgan

2023 yilda iste’mol darajasi o‘sishi kamayadi, bu Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmining pasayishi bilan bog‘liq.

Joriy yilda import o‘sishi tezlashishi kutilmoqda. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sur’atlarini saqlab qolish uchun uning hajmlari o‘rta muddatli istiqbolda o‘sishda davom etadi.

Pul o‘tkazmalari qisqarishi bilan mamlakatning joriy to‘lov balansi kamomadi birinchi yarim yillikda 6,3 foizga yetdi va o‘sishda davom etadi.

Energetika sohasiga yuqori xarajatlar, davlat sektorida ta’lim, ish haqi, pensiya va nafaqalarga ko‘proq xarajatlar hamda budjet daromadlarining kamayishi hisobiga 2023 yilda budjet taqchilligi YaIMning 5 foizigacha oshishi kutilmoqda.

Prognozga ko‘ra, 2023 yilda inflatsiya darajasi 10,2 foiz (2022 yilda – 11,4 foiz), 2024 yilda – 10 foiz va 2024 yilda – 9,9 foizni tashkil etadi.

Hukumat o‘rta muddatli istiqbolda budjetni konsolidatsiyalashi, budjet taqchilligini 2024 yilda yalpi ichki mahsulotning 4 foizigacha, 2025 yilda esa 3,6 foizigacha kamaytirishi kutilmoqda. Bu davlat korxonalari uchun soliq imtiyozlarini qisqartirish, energiya subsidiyalari tannarxini pasaytirish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan moliyaviy tushumlarning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Hukumat, shuningdek, tashqi qarz olish bo‘yicha o‘z cheklovlariga rioya qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, davlat qarzi 2023 yilda yalpi ichki mahsulotning 36 foizigacha o‘sdi va 2024 yilda 36,6 foizni tashkil etadi.

Hukumatning ijtimoiy himoya dasturlari kengayganiga qaramay, pul o‘tkazmalari va shaxsiy iste’mol o‘sishining sekinlashishi kambag‘allikni kamaytirishda kutilayotgan yutuqlarni cheklashi mumkin. 2023 yilda kambag‘allik darajasi biroz pasayadi - 13,9 foizgacha.

Ushbu istiqbolga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xatarlar orasida Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi, yuqori tashqi inflatsiya bosimi va kutilganidan qattiqroq global moliyaviy sharoit bor. 

Iqtisodiyot uchun potensial ijobiy tendensiyalar qatoriga oltin, tabiiy gaz va misga jahon narxlarining yuqoriligi (O‘zbekiston ushbu tovarlar eksportchisi hisoblanadi), shuningdek, tarkibiy o‘zgarishlar natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning tezroq o‘sishi kiradi. 

Joriy yilda Markaziy Osiyoda o‘sish sur’ati 4,8 foizgacha tezlashishi kutilmoqda, inflatsiya sekinlashishi hisobga olinsa, 2024 va 2025 yillarda o‘sish o‘rtacha 4,7 foizni tashkil etishi mumkin. 

Savdo hajmining o‘sishi, pul oqimlarining ko‘payishi va fuqarolarning qaytishi bir qator mamlakatlarda, ayniqsa Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlarida iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Armaniston, Gurjiston va Tojikiston ketma-ket ikkinchi yil bu mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: