Osiyo o‘yinlari kundaligi. 17 yoshli Sharifadan oltin va hindlar bilan quvlashmachoq davom etadi

Sport 20:27 / 04.10.2023 29838

4 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarida sport kurashlari bo‘yicha bellashuvlar start oldi. Dastlab yunon-kurashi ustalari bahslarga kirishishdi. Shuningdek, kun davomida og‘ir atletika, velosport, yengil atletika, ot sporti turlarida ham medallar jamlanmasi o‘ynaldi.

Yunon-rum kurashi

O‘zbekiston jamoasining -67 kg vazn toifasidagi vakili Maxmud Baxshulloyev nimchorak finalda hindistonlik Narajni 5:3 hisobida mag‘lub etgan holda chorakfinalga o‘tdi, keyingi bosqichda turkmanistonlik Mansur Nurberdiyev 8:3 hisobida taslim etildi. Ammo yarimfinalda o‘zbekistonlik sportchi yaponiyalik Endo Katsuokiga yutqazdi (1:6) va bronza uchun kurashadigan bo‘ldi. Ammo medal uchun jangda oxirgi ochkoni (1:1) qirg‘izistonlik Razzoq Beyshekiyev qo‘lga kiritgani uchun qoidaga ko‘ra g‘oliblik unga berildi.

-60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Islomjon Bahromov esa dastlab viyetnamlik Tiyen Hai Bui to‘sig‘idan oson o‘tdi (8:0), chorakfinalda xitoylik Liguo Saoni mag‘lub etdi (3:1), ammo yarimfinalda qirg‘izistonlik Jo‘lomon Chorshanbiyevga yutqazdi (0:11), medal uchun bahsni ham koreyalik Chung Hanjayega boy berdi (4:5).

-77 kg vazn toifasi vakili Dilshod Omongeldiyev dastlab eronlik Amin Kaviyaninajotga mag‘lub bo‘ldi (3:5), eronlik sportchi finalga chiqqanidan keyin bronza uchun o‘tish bahslarida qatnashadigan bo‘ldi, ammo ilk bosqichda koreyalik Kim Hyongvuga yutqazdi (3:6) va bronza medal uchun kurashdan chiqdi.

-87 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Jalgasbay Bardimuratov esa ishonchni to‘la oqladi.

U dastlab qozog‘istonlik Maksat Saylovni mag‘lub etib (11:0), yarimfinalga o‘tdi. Keyingi bosqichda yaponiyalik Sumi Masatodan ustun keldi (3:1). Finalda esa eronlik Nosir Alizodani taslim qilib (7:4), O‘zbekiston hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

Yengil atletika

Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida oltin medalga sazovor bo‘ldi.

17 yoshli sportchi 14,09 metr natijani qayd etib, o‘z shaxsiy rekordini o‘rnatdi, uning bu natijasiga hech bir raqibi yaqinlasha olmadi va Davronova Osiyo o‘yinlari chempionligiga erishdi. Ikkinchi o‘rinni 13,92 m natija bilan xitoylik Zeng Rui, uchinchi o‘rinni 13,78 m natija bilan yaponiyalik Mariko Morimoto egalladi.

Og‘ir atletika

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Muhammadqodir Toshtemirovning ham ishtiroki muvaffaqiyatli chiqdi. -81 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi dast ko‘tarishda 159 kg, siltab ko‘tarishda 192 kg, jami 351 kg natija qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Bu vaznda KXDR vakili dast ko‘tarish (169 kg) va siltab ko‘tarishda (195 kg) eng yaxshi natijani qayd etib, Osiyo o‘yinlari rekordi bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin qozog‘istonlik Aleksandr Uvarovga nasib qildi (154+194).

Boks

Bugungi bahslarda yana uch nafar o‘zbekistonlik bokschi final uchun ringga chiqdi va ulardan ikkisi bu maqsadga erishdi.

Dastlab, Rio olimpiadasi chempioni va jahon chempioni, -51 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Hasanboy Do‘smatov yaponiyalik jahon chempioni Tomoya Suboini mag‘lub etib (4:1), qatorasiga ikkinchi bor Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi. U bu g‘alaba orqali Parij-2024 olimpiadasiga ham yo‘llanma oldi. Uning 5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan finaldagi raqibi tailandlik Titisan Panmot bo‘ladi.

Turnirga -80 kg vazn toifasida kelgan To‘rabek Habibullayev esa yarimfinalda xitoylik Tanglatixan To‘xtarbekega raqib bo‘ldi. U jang davomida raqibini nokdaun holatiga tushirdi, ammo referi hisobni ochmadi, yakunda esa kutilmaganda mezbon sportchi g‘alabasi qayd etildi. Natijada O‘zbekiston vakili bronza medal bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

-57 kg vazn toifasi vakili Abdumalik Xalokov ham yarimfinalda xitoylik bokschi Ding Lyuga raqib bo‘ldi va osonlik bilan (5:0) g‘alaba qozonib, final va Parij-2024 yo‘llanmasini o‘ziniki qildi. Jang davomida xitoylik sportchining qoshi yorilib ketdi. Xalokovning finaldagi raqibi yaponiyalik Harada Shudai bo‘ladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston boks jamoasining uch vakili finalda jang qiladigan bo‘ldi, bundan oldinroq +92 kg vazn toifasida Bahodir Jalolov final yo‘llanmasini hal qilgandi.

Futbol

O‘zbekiston futbolchilari final ostonasida Janubiy Koreyaga mag‘lub bo‘lishdi. Tarkibi Yevropa yashil maydonlarida to‘p suruvchi futbolchilardan iborat koreyaliklar 4-daqiqadayoq hisobni ochishgandi, o‘zbekistonliklar sardori Jasur Jaloliddinov 25-daqiqada jarima zarbasini golga aylantirib, hisobni tenglashtirdi.

Ammo bo‘lim oxirida himoyadagi qo‘pol xato tufayli ikkinchi gol o‘tkazib yuborildi va shu hisob o‘yin oxirigacha saqlanib qoldi. Qolaversa, O‘zbekiston vakillari 75-daqiqada qizil kartochka tufayli bir kishi kam bo‘lib qolishdi.

Endilikda Timur Kapadze shogirdlari Hongkongga qarshi o‘yinda bronza medal uchun kurash olib boradi. E’tiborli jihati, O‘zbekiston turnir davomida ushbu raqibga qarshi uchinchi marta o‘ynaydi - bunaqasi turnir tarixida kuzatilmagan. Gap shundaki, bu ikki jamoa guruh bosqichida bir guruhdan joy olgan, ammo guruhning boshqa ikki a’zosi - Suriya va Afg‘oniston turnirga kelmagandi. Natijada, tashkilotchilar ushbu guruh g‘olibini aniqlash uchun ushbu jamoalar o‘rtasida ikki o‘yin o‘tkazishdi va bu ikki o‘yin ham O‘zbekiston g‘alabasi (1:0, 2:1) bilan yakunlandi.

Guruh g‘olibi sifatida pley-offga chiqqan O‘zbekiston jamoasi dastlab Indoneziyaga qarshi 120 daqiqa davom etgan bahsda, qo‘shimcha bo‘limlarda urilgan gollar evaziga 2:0 hisobida ustun keldi, chorakfinalda esa Saudiya Arabistoni jamoasi 2:1 hisobida mag‘lub etildi. Shu tariqa, O‘zbekiston jamoasi Osiyo o‘yinlarida 29 yillik tanaffusdan keyin ilk bor yarimfinalga chiqqandi, ammo bu jamoaga 1994 yilgi natija - Osiyo o‘yinlari g‘olibligini takrorlash nasib qilmadi.

Shaxmat

O‘zbekiston yigitlar jamoasi 6-raundda Mo‘g‘uliston jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi va jami ochkolar sonini 14,5 ochkoga yetkazdi.

Qizlar jamoasi esa hindistonlik raqiblariga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi va jami ochkolar soni o‘zgarishsiz qoldi - 13,5.

Veloshosse

Velosportning shosse yo‘nalishida ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan 139,7 km masofaga mo‘ljallangan poygada O‘zbekiston vakillari Olga Zabelinskaya va Yanina Kuskova marraga qadar yetakchilar bilan bir guruhda harakat qilishdi ammo shohsupaga ko‘tarila olishmadi - 10 va 15-o‘rinlar. Bu dasturda medallar hongkonglik Yang Qianyu, janubiy koreyalik Na Ahreum va tailandlik Jutatip Manepanga nasib qildi.

Suvga sakrash

10 metrli platformadan suvga sakrash bo‘yicha erkaklar o‘rtasida saralash bahslarida O‘zbekiston jamoasi a’zosi Igor Myalin 341.30 ball jamg‘ardi va guruhda to‘qqizinchi o‘rin bilan finalga yo‘l oldi. U finalda natijasini yaxshiladi (388,70 ochko, 6-o‘rin), ammo medalsiz qoldi.

Chim ustida hokkey

O‘zbekiston jamoasi turnirdagi so‘nggi o‘yinida, 9-o‘rin uchun bahsda ham yutqazdi - Indoneziyaga 1:4 hisobida. Bu sport turi bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi bungacha Hindistonga 0:16, Yaponiyaga 1:10, Pokistonga 2:18, Bangladeshga 2:4 hisoblarida yutqazgan, faqat Singapur jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etolgandi.

***

Kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin va kumush medallar soni 16 taga, bronza medallar soni 22 taga yetdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston jami 54 ta medal bilan umumiy reytingda Hindistondan keyingi 5-o‘rinda bormoqda.

5 oktyabr kungi bahslarda qatnashadigan o‘zbekistonlik sportchilar:

Ko‘proq yangiliklar: