Benzema va Kante jamoasi Eronda o‘ynashdan bosh tortdi. Muammo nimada?

Sport 11:04 / 03.10.2023 42203

Osiyo chempionlar ligasida yangi mojaro avj olmoqda. Saudiyaning tarkibida Karim Benzema va Ngolo Kante kabi yulduzlar bo‘lgan «Al-Ittihod» jamoasi muxlislar tribunalarga kirib bo‘lganidan keyin stadiondan chiqib ketdi. Endi bu jamoaga 0:3 hisobidagi texnik mag‘lubiyat xavf solmoqda.

Nimalar bo‘ldi?

OChL guruh bosqichining 2-turi doirasida S guruhida Sepahon» va «Al-Ittihod» klublari uchrashuvi Erondagi «Naqsh-e Jahon» stadionida o‘tkazilishi belgilangandi. Ammo o‘yin boshlanishi arafasida siyosiy xarakterdagi muammo borligi ma’lum bo‘ldi — arenaga general Qosim Sulaymoniyning byusti o‘rnatilgandi. Bu esa Saudiya klubini norozi qildi — jamoa o‘ynashdan bosh tortdi va aeroportga yo‘l oldi.

Britaniya matbuoti yozishicha, «Al-Ittihod» o‘yindan bir kun oldin stadionda mashg‘ulot o‘tkazgan va Sulaymoniyning byustini ko‘rmasligi mumkin emasdi (ayrim manbalar esa mashg‘ulotlar boshqa stadionda o‘tganini aytishgan). Saudiyaliklar bu yerda o‘ynamoqchi emasligi haqida o‘yin boshlanishiga 50 daqiqa qolganidagina xabar berishgan — bu vaqtga kelib «Naqsh-e Jahon» stadionida 60 mingga yaqin kishi to‘planib ulgurgandi. Bu vaqtda mehmonlar bosh murabbiyi Nunu Eshpiritu Santu o‘yin uchun boshlang‘ich tarkibni e’lon qilgan — klubning ijtimoiy tarmoqlarida esa shunday post qoldirilgandi: «Jamoa stadionga yetib keldi! Hayajonga to‘la yuraklar va olovlanayotgan futbolkalarda biz maydonni zabt etish va o‘z izimizni qoldirishga tayyormiz!»

«Sepahon» stadionida general Qosim Sulaymoniyning byusti 

Sulaymoniy bilan qanday muammo bor?

General Qosim Sulaymoniy — Saudiya Arabistonida nafratga, Eronda esa haqiqiy qahramon sifatida izzat-ikromga sazovor bo‘lgan. U Erondagi elita harbiy bo‘linma sanalgan Islom inqilobi muhofizlari korpusining ko‘zga ko‘ringan arboblaridan edi va xorijdagi amaliyotlarni boshqargani, Yaqin Sharqda josuslik tarmog‘ini tashkil etgani bilan shuhrat qozongan hamda mintaqadagi eng katta ta’sir doirasiga ega shaxs sifatida tan olinardi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Sulaymoniy Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchixonasiga hujum uyushtirishda ham ishtirok etgan va buning uchun AQSh uni terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan. Tabiiyki, general saudiyaliklarni yoqtirmagan — saudiyaliklar ham uni dushman sifatida ko‘rgan. Shunday ekan, «Al-Ittihod»ning bunday reaksiya qilishi kutilgan hol edi.

General Sulaymoniy  2020 yilda Amerika harbiy-havo kuchlari o‘tkazgan amaliyot natijasida o‘ldiriladi. Amerika harbiylari droni Bag‘dod xalqaro aeroportida u ketayotgan avtomobilga hujum qiladi — Pentagondagilarning tan olishicha, Sulaymoniyni o‘ldirish to‘g‘risidagi topshiriq shaxsan o‘sha vaqtdagi prezident Donald Tramp tomonidan berilgan, Tramp o‘shanda Sulaymoniy millionlab insonlar hayotiga zomin bo‘lgani haqida gapirgandi.

«Sepahon» va «Al-Ittihod» o‘yiniga yig‘ilgan muxlislar

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Amalda, Saudiya klubining Eronga kelishining o‘zi katta voqeaga aylangandi — Islom inqilobi muhofizlari korpusi 2016 yilda Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasiga hujum qilganidan beri ushbu mamlakat klublari Eronga mehmon bo‘lib kelmayotgan, o‘zaro uchrashuvlar betaraf stadionlarda o‘tkazilayotgandi. 2023 yil martida Xitoy vositachiligida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlasha boshladi, sentabr oyida esa Saudiyaning tarkibida Ronaldu bo‘lgan «An-Nasr» jamoasi yetti yil ichida Eron bilan chegarani kesib o‘tgan ilk jamoasi bo‘ldi, o‘shanda Tehronda «Persepolis»ga qarshi o‘yin ko‘ngildagidek kechgan, mahalliy fanatlar ichida Krishtianu Ronaldu bo‘lgan avtobus ortidan yugurishgandi. Portugaliyalik futbolchi uchun fantastik qabul uyushtirilgan va o‘yin bekor bo‘lishi haqida hech qanday gap bo‘lmagandi. Ammo ikkinchi safar dilxiralik bilan tugamoqda.

OFK bu masala yuzasidan shunday bayonot berdi: «Dushanba oqshomida Isfahondagi «Naqsh-e-Jahon» stadionida Eronning «Sepahon» va Saudiyaning «Al-Ittihod» jamoalari o‘rtasida OFK Chempionlar ligasining 2023-2024 yillar mavsumi doirasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuv kutilmagan sabab tufayli bekor qilindi. OFK futbolchilar, rasmiy shaxslar, muxlislar va o‘yindagi boshqa barcha tomonlar xavfsizligi ta’minlanishiga sodiq ekanini ta’kidlaydi».

Agar o‘yin o‘tkazilmasa, katta ehtimol bilan, «Al-Ittihod»ga texnik mag‘lubiyat yoziladi — 0:3. Ammo ayni vaqtda hodisa oqibatlari bo‘yicha ma’lumot yo‘q. «Masala tegishli qo‘mitalar muhokamasida ko‘rib chiqish uchun yuborildi», deyilgan OFK xabarida.

Endi tashkilot hodisani tekshirish bilan shug‘ullanmoqda. Bu hodisa ortidan Erondagi yana bir uchrashuv ham bekor bo‘lishi mumkin. 3 oktyabr kuni mahalliy «Nassaji» jamoasi Saudiyaning «Al-Hilol» klubiga qarshi o‘ynashi kerak. Ikkinchi o‘yin bekor qilinishi to‘g‘risida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo bu variantni istisno etib bo‘lmaydi.

Darvoqe, Sulaymoniyning byusti «Sepahon»ning muxlislarini ham norozi qilgan. Tribunada yig‘ilganlarning ayrimlari harbiy zobit haykali tomon turli buyumlarni uloqtirishgan. Ammo bu o‘yin bekor qilinishi bo‘yicha qarorga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Hozircha o‘yin boshqa joyda o‘ynalishi yoki saudiyaliklarga texnik mag‘lubiyat yozilishi borasida aniq qaror yo‘q.

Arab nashrlaridagi manbalarga ko‘ra, «Al-Ittihod» bu muammo yuzasidan OFK delegatlariga aloqaga chiqqan. Rasmiylar esa, o‘z navbatida, «Sepahon»dan byustni olib tashlash, shuningdek, siyosiy mavzudagi bannerlarni yo‘qotishni so‘ragan. Eron klubi vakillari esa bunga ko‘nmagan, shundan keyingina mehmonlar stadiondan chiqib ketishgan. Karima Benzema, N’Golo Kante va Fabinio kabi yudluzlarni ko‘rish uchun yig‘ilgan muxlislar ham suxandonning e’lonidan keyin asta-sekin stadionni tark etishgan.

Ko‘proq yangiliklar: